Intel aksiyalari bir kunda 24 foizga qimmatlashdi

AQSh fond bozorida Intel kompaniyasi aksiyalari choraklik hisobot e'lon qilinganidan so'ng 23,6 foizga qimmatlashdi. Savdolar davomida o'sish ko'rsatkichi 25 foizga yetib, kompaniya qimmatli qog'ozlari narxi 2000-yillardagi «dotkomlar pufagi» davridagi maksimal darajadan ham yuqoriladi. Bir aksiya narxi 82,54 dollarga yetib, 1987-yildan buyon qayd etilgan eng yuqori o'sish sur'atini ko'rsatdi. Bu haqda 3dnews.ru xabar beradi.
Bloomberg agentligi ma'lumotlariga ko'ra, AQSh hukumati o'tgan yilning avgust oyidan buyon egalik qilayotgan Intel aksiyalari paketi qiymati 36 mlrd dollarga yetdi. Agar hukumat ushbu aktivlarni hozir sotsa, nominal foyda 27 mlrd dollarni tashkil etadi. Sun'iy intellekt sohasidagi jadal rivojlanish Intel protsessorlariga bo'lgan talabni oshirdi va kompaniyani inqirozli holatdan olib chiqishga yordam berdi.
Ushbu ijobiy tendensiya sohadagi boshqa kompaniyalarga ham ta'sir ko'rsatdi. AMD aksiyalari 14 foizga, Arm qimmatli qog'ozlari esa 12 foizga qimmatlashdi. Nvidia kompaniyasi kapitallashuvi 4,3 foizga o'sib, 5 trln dollar chegarasidan o'tdi. Donald Tramp ushbu vaziyatga munosabat bildirib, AQSh yana chip ishlab chiqarish markaziga aylanayotganini ta'kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!