O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maosh oshdi, hududlar o‘rtasida farq katta

O‘zbekistonda 2026 yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, aholi daromadlarida o‘sish qayd etildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi 6,82 million so‘mni tashkil etgan.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, hududlar kesimida maoshlar o‘rtasida sezilarli tafovut saqlanib qolmoqda. Xususan, Toshkent shahri eng yuqori maosh to‘lanadigan hudud sifatida yetakchilikni saqlab qolgan. Poytaxtda o‘rtacha oylik ish haqi 11,7 million so‘mga yetgan.
Ikkinchi o‘rinni Navoiy viloyati egallab, bu yerda o‘rtacha maosh 8,45 million so‘mni tashkil etgan. Mutaxassislar bu holatni sanoat va konchilik sohasining rivojlangani bilan izohlashmoqda.
Aksincha, Qashqadaryo viloyatida eng past ko‘rsatkich qayd etilgan bo‘lib, bu yerda o‘rtacha oylik 4,66 million so‘mni tashkil qilgan.

Sohalar kesimida ham katta farqlar kuzatiladi. Eng yuqori daromad moliya sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni bank, sug‘urta, lizing va kredit tashkilotlari xodimlari o‘rtacha 18,6 million so‘m maosh olmoqda.
Eng past ish haqi esa qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi sohasida qayd etilgan — taxminan 3,5 million so‘m. Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sohalarda ham maoshlar nisbatan past darajada saqlanmoqda. Jumladan, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida o‘rtacha 4,11 million so‘m, ta’lim tizimida esa 4,61 million so‘m maosh to‘langan.

Mutaxassislar fikricha, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar o‘rtasidagi bunday farqlar ish o‘rinlari xususiyati, investitsiyalar hajmi va infratuzilma rivoji bilan bog‘liq.
Umuman olganda, mamlakatda o‘rtacha ish haqining oshishi ijobiy tendensiya sifatida baholanmoqda. Biroq hududlar va sohalar o‘rtasidagi maoshlar tafovutini qisqartirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!