O'zbekistonda uy-joy savdosi mart oyida 47 foizga oshdi

O'zbekistonda uy-joy savdosi mart oyida 47 foizga oshdi
Qisqacha

O‘zbekistonda mart oyida ko‘chmas mulk savdosi keskin oshib, ro‘yxatga olingan bitimlar soni fevralga nisbatan 47 foizga ko‘paydi va 43,6 mingtani tashkil etdi. Mutaxassislar ushbu o‘sishni aprel oyidan kuchga kirgan eskrou-hisobvaraqlar tizimiga o‘tish oldidan xaridorlarning bitimlarni tezlashtirgani bilan izohlashmoqda. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa, Toshkent shahrida savdo hajmi 44 foizga oshgan. Shu bilan birga, respublika bo‘ylab ikkilamchi uy-joy narxlari yil davomida 10 foizga, poytaxtda ijara stavkalari esa bir oyda 2,7 foizga ko‘tarildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2026 yil mart oyi yakunlari bo'yicha O'zbekiston ko'chmas mulk bozori sharhini e'lon qildi. Ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatda uy-joy savdosi keskin sur'atlar bilan o'sib, ro'yxatga olingan bitimlar soni 43,6 mingtani tashkil etdi. Bu ko'rsatkich fevral oyiga nisbatan 47 foizga, o'tgan yilning mos davriga nisbatan esa ikki baravardan ko'proqqa ko'pdir. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.

Mutaxassislar ushbu o'sishni aprel oyidan kuchga kirgan eskrou-hisobvaraqlar orqali hisob-kitob qilish tizimiga o'tilishi bilan bog'lamoqda. Yangi mexanizm joriy etilishi arafasida xaridorlar va sotuvchilar bitimlarni tezlashtirishga harakat qilgan. Hududlar kesimida eng yuqori o'sish sur'atlari Jizzax (73,2 foiz), Sirdaryo (64,6 foiz) va Namangan (63 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Toshkent shahrida esa savdo hajmi 44 foizga oshib, 12,8 mingta bitimni tashkil qildi.

Ikkilamchi bozorda narxlar barqaror o'sishda davom etmoqda. Respublika bo'yicha bir oyda narxlar 0,4 foizga, yil davomida esa 10 foizga ko'tarildi. Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida narxlar o'sishi mos ravishda 22 va 18,7 foiz bilan eng yuqori bo'ldi. Poytaxtning ikkilamchi bozorida yillik o'sish 5 foizni tashkil etib, Mirobod, Mirzo Ulug'bek va Chilonzor tumanlarida narxlar balandligicha qolmoqda.

Ijara bozori ham faollashgan. Toshkent shahrida ijara narxi bir oyda 2,7 foizga oshib, har bir kvadrat metr uchun o'rtacha 8,9 dollarga yetdi. Markaziy tumanlarda ijara stavkalari 11 dollargacha ko'tarilgan. Yangi qurilgan uylar segmentida esa o'rtacha narx o'tgan yilga nisbatan 8,8 foizga oshgani kuzatildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar