Nijniy Novgorod delegatsiyasi O'zbekiston bilan hamkorlikni kengaytiradi

Nijniy Novgorod viloyati delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrifi davomida axborot texnologiyalari, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Muzokaralar davomida Rossiya IT-kompaniyalarini mahalliy bozorga jalb qilish va ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari "Chirchiq" texnoparki faoliyati bilan tanishib, sanoat mahsulotlari yetkazib berish va kadrlar almashinuvi bo‘yicha istiqbolli rejalarni belgilab oldilar. Rossiyalik vakillar Toshkentda o‘tgan "Innoprom. Markaziy Osiyo" ko‘rgazmasida ham ishtirok etib, o‘zaro manfaatli loyihalarni namoyish etishdi.
Nijniy Novgorod viloyati hukumati raisi o'rinbosari Dmitriy Starostin boshchiligidagi delegatsiya O'zbekistonga amaliy tashrif buyurdi. Muzokaralar yakunida axborot texnologiyalari, sanoat kooperatsiyasi, agrosanoat majmuasi va kadrlar tayyorlash sohalarida qo'shma loyihalarni rivojlantirish bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.
Tashrif davomida Rossiya delegatsiyasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi hamda Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari rahbariyati bilan uchrashuvlar o'tkazdi. Tomonlar Nijniy Novgorod IT-kompaniyalarini O'zbekiston bozoriga olib kirish va «NEYMARK» IT-kampusi bilan hamkorlikda ta'lim tashabbuslarini yo'lga qo'yish masalalarini muhokama qildilar.
Delegatsiya a'zolari «Chirchiq» sanoat texnoparkida bo'lib, u yerdagi ishlab chiqarish sharoitlari va Rossiya rezidentlari faoliyati bilan tanishdi. Hozirda ushbu maydonda 28 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Dmitriy Starostinning ta'kidlashicha, Nijniy Novgorod korxonalari uchun ushbu maydonchaning salohiyati hali to'liq ishga solinmagan.
Muzokaralar davomida Nijniy Novgorod viloyatidan oziq-ovqat va sanoat mahsulotlarini yetkazib berish, qishloq xo'jaligi loyihalarini rivojlantirish hamda texnik sohalarda mutaxassislar almashinuvi masalalari ham ko'rib chiqildi. Shuningdek, rossiyalik vakillar Toshkentda o'tgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko'rgazmasida ishtirok etib, o'z mahsulotlarini namoyish qildilar.

























Izohlar 0
…