18:02 / 27.08.2021
1 986

Prezident: «Besh yil ichida YAIMni kamida 100 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda»

Prezident: «Besh yil ichida YAIMni kamida 100 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda»
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Navoiy viloyatining Karmana tumanida quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish marosimida energetika sohasidagi ustuvor vazifalar va rejalarni aytib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarining aytishicha, so‘nggi 5 yilda tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning elektr energiyasi iste’moli hajmi esa 30 foizga ko‘paygan. Uning ta’kidlashicha, kelgusi 5 yilda iqtisodiyot o‘sishini 1,5 barobarga oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 100 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

«Bu borada o‘rta va yirik shakldagi minglab yangi sanoat korxonalari ishga tushirilib, elektr energiyasiga ehtiyoj 100 milliard kiloVatt soatga yetadi. Bu raqam hozirgidan 30 milliard kiloVatt soatga ko‘p degani», — degan Prezident.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli elektr energiyasi sohasida yangi islohot va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha juda katta rejalar belgilab olingan. Jumladan, kelgusi 5 yilda qiymati 6,5 milliard dollar bo‘lgan 19 ta loyiha hisobidan qo‘shimcha ravishda 11 ming 500 megaVatt yangi quvvatlar ishga tushiriladi. 2030 yilga borib, elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 30 foizdan ortadi. Elektr energiyasini hududlarga yetkazish uchun 500 va 220 kilovoltli 3 ming kilometr yangi elektr tarmoqlari barpo etiladi.

Prezidentning qayd etishicha, bugungi kunda past kuchlanishli tarmoqlarning 66 foizi, podstansiyalarning 74 foizi va transformator punktlarining 50 foizdan ko‘prog‘i eskirgan. Shu bois kelgusi besh yilda jami 70 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 ming dona transformator va 100 dan ortiq podstansiyalar yangilanadi.

«Keyingi paytda qo‘shni mamlakatlar bilan yagona energetika zanjirini tashkil etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Shu maqsadda, elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Eng muhimi, mintaqamiz mamlakatlari energiya tizimini o‘zaro bog‘laydigan qo‘shimcha magistral tarmoqlarni ishga tushiramiz. Bu albatta barcha qo‘shni davlatlar uchun o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda katta imkoniyatlar yaratadi», — degan Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident: «Besh yil ichida YAIMni kamida 100 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda»