Foto: Norma.uz
Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun bilan banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ – Omonatlarni kafolatlash agentligining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari va uning faoliyat koʻrsatish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, kafolatlash hodisasi roʻy berganda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan bir omonatchiga har bir bankda kafolatlash ob'ektining qoldigʻi 200 mln soʻm miqdorida yoki undan kam boʻlsa toʻliq hajmda kompensatsiya toʻlanishi belgilab qoʻyilmoqda.
Bank tugatilganda omonatchilarga agentlik tomonidan kompensatsiya toʻlovini amalga oshirish davri bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.
Jumladan, bank tugatilganda kompensatsiya toʻlovi 2025 yil 1 yanvardan boshlab 20 ish kuni, 2026 yil 1 yanvardan 15 ish kuni, 2027 yil 1 yanvardan 7 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
Bank bankrotlikka uchragan taqdirda, omonatchilar mablagʻlarining agentlik tomonidan qoplab berilishini inobatga olib, omonatchining bankdan talab qilish huquqi agentlikka oʻtkazilmoqda.
“Qonunning qabul qilinishi bank tizimi barqarorligini mustahkamlash yoʻli bilan aholi va tadbirkorlarning mablagʻlari but saqlanishi hamda kafolatlash hodisasi roʻy berganda omonatchilarga mablagʻlar qisqa muddatlarda toʻlab berilishi ta'minlanishiga xizmat qiladi”, deyiladi ma'lumotda.
Muhokamadan soʻng mazkur qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
2024 yilning avgust oyida omonatlarni toʻliq kafolatlash tizimidan voz kechilishi mumkinligi aytilgandi.
Mutaxassislar qanday fikrda?
Mybank’ning sobiq boshqaruv raisi Ulugʻbek Tavakalov “Kursiv” nashriga bergan intervyusida bankrotlik holatida omonatlarni himoya qilish uchta asosiy yoʻnalishda amalga oshirilishini ta'kidladi: Omonatlarni kafolatlash jamgʻarmasi (DGF), Markaziy bankka majburiy ajratmalar va birinchi navbatda kreditorlar talabini qondirish.
Tavakalovning qoʻshimcha qilishicha, Omonat jamgʻarmasida limitlarning belgilanishi omonat oqimiga jiddiy ta'sir koʻrsatmaydi, chunki banklar omonatchilar oldidagi majburiyatlarini toʻliq bajarishda davom etmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, bu amaliyot Qozogʻistonda qoʻllanadigan yangi standart boʻlib, u erda ham kafolatlangan omonatning maksimal miqdori chegaralangan.
Kap Depo investitsiya kompaniyasining katta tahlilchisi Shodibek Kenjayev ham bozordagi oʻzgarishlar bank depozitlariga jiddiy ta'sir koʻrsatmasligiga qoʻshiladi.
“Mahalliy banklar soʻnggi yillarda oʻzini eng ishonchli banklar sifatida koʻrsata oldi. Banklardagi muammoli kreditlarning oʻrtacha ulushi 4-5 foizni tashkil etadi”, dedi ekspert.
Omonatchining har bir bank uchun 200 million soʻm kafolatlangan limiti borligini inobatga olsak, nazariy jihatdan kafolatlangan omonat limiti 6 million soʻmdan oshishi mumkin, dedi ekspert.
“Ushbu limitning asosiy maqsadi moliyaviy risklarni toʻgʻri boshqarishdir. Bu omonatchilarni oʻz mablagʻlarini turli banklar oʻrtasida taqsimlashga undaydi, bu esa ulardan biri bankrot boʻlgan taqdirda ham yoʻqotishlar xavfini kamaytiradi. Bundan tashqari Oʻzbekiston moliya tizimida omonatlarni yanada barqaror va diversifikatsiyalangan tarzda taqsimlashga xizmat qiladi”, deb tushuntirdi Shodibek Kenjayev.
Mutaxassisning fikricha, qonun loyihasining ma'qullanishi kichik banklarning jadal oʻsishiga yordam berishi mumkin. Bu butun moliyaviy bozorga ijobiy ta'sir koʻrsatadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar