170 nafardan ortiq ziyoratchi O‘zbekistonga qaytolmayotgani maʼlum bo‘ldi

Bosh konsulxona diplomatlari Makka shahrida joylashgan “Kanari” va “Al-Ayam Elite” mehmonxonalariga tashrif buyurdi, maqsad esa ayrim shaxslar orqali safar qilib, qiyin ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rganish va yechim topishdan iborat edi.
Hozirda ushbu mehmonxonalarda 170 nafardan ortiq ziyoratchi vatanga qaytishni kutib turibdi. Ziyoratchilarning maʼlum qilishicha, ular 14 kunlik umra safari doirasida turli guruhlar tarkibida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan. Biroq safarni tashkil qilgan shaxslarning noto‘g‘ri maʼlumotlari va xatolari oqibatida hozirga qadar uyga qayta olmayapti.
Suhbat davomida ziyoratchilar o‘z og‘ir ahvollarini bayon qildi va guruhning katta qismi keksa yoshdagi insonlardan iborat ekanini taʼkidladi. Ular orasida infarktni boshidan o‘tkazganlar, qandli diabet va qon bosimi kabi surunkali kasalliklarga chalingan, doimiy ravishda dori-darmon isteʼmol qiladigan shaxslar ham borligi maʼlum qilindi. Ziyoratchilar O‘zbekiston hukumatidan amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Bosh konsulxona esa, ularning vatanga qaytish bilan bog‘liq murojaatlari tegishli idoralarga yetkazilishini va murojaatlarni ko‘rib chiqishga maʼlum vaqt kerakligini maʼlum qildi. Shuning uchun, vaziyat yana-da og‘irlashib ketmasligi uchun imkoniyatdan kelib chiqqan holda o‘z hisoblaridan aviachipta xarid qilib, O‘zbekistonga qaytish tavsiya etildi.
Shu bilan birga, ziyoratchilarni qiyin ahvolga solgan shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng tegishli idoralarga murojaat qilish mumkinligi tushuntirildi.
Hozirgi kunda mazkur holat bosh konsulxona tomonidan doimiy nazoratda ushlab turilmoqda va vaziyatni bartaraf etish uchun tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!