Mary Earps Angliya futboliga qaytishi mumkin

Angliya ayollar futboli afsonasi Mary Earps faoliyatini Pari Sen-Jermen safida yakunlab, Angliya Superligasiga (WSL) qaytishi kutilmoqda. London City Lionesses klubi tajribali darvozabonni erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy harakatlarni boshlab yubordi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Michele Kang egaligidagi London City Lionesses o‘z tarkibini kuchaytirish maqsadida jahon miqyosidagi yulduzlarni jalb etish strategiyasini amalga oshirmoqda. BBC Sport xabariga ko‘ra, klub rahbariyati Earps bilan muzokaralarda ijobiy natijaga erishishiga ishonchi komil.
33 yoshli darvozabonning Pari Sen-Jermen bilan shartnomasi iyun oyida yakuniga yetadi. U joriy mavsumda Fransiya chempionatida 22 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta uchrashuvda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolganiga qaramay, Parij klubini tark etishi deyarli aniq bo‘lib turibdi.
Mary Earps Angliya terma jamoasi safida Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan va ikki bor FIFA tomonidan yilning eng yaxshi darvozaboni deb topilgan. Uning Manchester Yunayted safidagi muvaffaqiyatli o‘yinlari va 2024-yilda qo‘lga kiritilgan Angliya Kubogi uning tajribasidan dalolat beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!