00:06 / 29.10.2017
5 561

Tushuntirilgan hazilning qizig‘i bo‘lmaydi

Tushuntirilgan hazilning qizig‘i bo‘lmaydi
1 aprel kuni dunyoning bir qator mamlakatlarida Kulgu kuni, Hazil kuni, Aldash kuni nishonlanadi. Shu kuni yaqin do‘stlar bir-birlari bilan hazillashadilar.

1 aprel kuni bir bor bo‘lsa-da jilmayib qo‘ymaydigan odam topilmasa kerak. Birinchi aprel bir-briga haddi sig‘adigan, qalbi pok insonlarning bayrami. Biror bir kalendarda qizil bilan belgilab qo‘yilmagan bayramni butun dunyoda nishonlash ananaga aylangan. Tahlilchilarning fikricha, bugun ko‘pchilik bir marta bo‘lsa-da kimdir bilan hazillashadi. Chinakamiga xalqona bo‘lgan bu bayramda Yangi Zelandiya, Irlandiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Janubiy Afrika kabi mamlakatlarda tushga qadar hazilashadilar. Tushdan keyingi hazilni aprel tentakliklari deb atashadi.

Manbalarida ilk bor 1509 yilda fransuz shoirlaridan biri “Poisson d’Avril” (Aprel hazillari) xaqida yozib qoldirgan. Lekin ilk bor hazil kuni 1686 yilda o‘tkazilgani aytiladi. Ammo o‘zbeklarning askiyasi bir necha ming yillarga, hatto ibtidoiy jaQmoa tuzumiga borib taqalishi aytiladi. Gulxan atrofida to‘plangan ajdodlarimiz bir-birlari bilan hazilashgani, shu tariqa askiya sanati paydo bo‘lgani olimlar tomonidan isbotlangan. Askiya qadim-qadimdan beri ajdodlarimiz madaniyatining bir qismi sifatida ko‘riladi. Ayni damda askiya YuNESKO tomonidan Insoniyatning jahon nomoddiy madaniy boyligi ro‘yhatiga kiritilgan.

Hozir Yevropada nishonlanayotgan birinchi aprel kuni esa odamlarning bir-birlarini aldashdan boshlangan. Ayrim tahminlarga ko‘ra bahor havosining o‘zgarib turishi ham bu bayramga asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Germaniyaga Hazil kuni Fransiyadan kirib kelgani aytiladi.

Yevropada Birinchi aprel bayrami XVI asrda paydo bo‘lgan. Bunga Fransuz qiroli Karl Ining 1564 yilda yangi yilni 1 apreldan 1 yanvarga ko‘chirish to‘g‘risidagi farmoni sabab bo‘lgan. Ammo odatga ko‘ra odamlar 1 aprelda bir-birlarni yangi yil bilan tabriklayverishgan. Ammo bayram xaqiqiy bo‘lmagani bois sovg‘alarni xazil sifatida qabul qilishgan. Masalan, bo‘m-bo‘sh qutilar sovg‘a qilingan. Vaqt o‘tishi bilan hazil birinchi aprel ananasiga aylanib qolgan. Bu anana hamon davom etmoqda.

Yaqinda topilgan Philogelos (kulgu ishqibozlari) deb nomlangan hujjatda qadimiy kulgu haqida tasavvur uyg‘otadi. Gretsiyadan topilgan bu hujjat mualliflari Giyerokl va Filagrius bo‘lib, eramizning uchinchi yoki to‘rtinchi asrlariga oid bo‘lib, unda 260ga yaqin hazil yozilgan.

Yozuvchi V.Belinskiy yozganidek, kulgu haqiqatni yolg‘ondan farqlashda vosita bo‘ladi. Insonda o‘z qadrini bilish tuyg‘usini uyg‘otishga qodir. Bugungi kunda kulguning turlari ko‘p. Masalan, hazil, parodiya, hajv, latifa, askiya kabi so‘z o‘yinlarini keltirishimiz mumkin. Shu o‘rinda Afandi latifalarini esga olamiz. O‘tmishda xalq biror narsani hajv qilmoqchi bo‘lsa, Afandi latifalarini to‘qigan. Latifa qiziqarli voqea borasida qisqacha hikoyadir. Latifa asosan og‘izdan og‘izga o‘tib keladi. Latifalar insonlar faoliyatining barcha sohalarini qamrab oladi. Latifalarni ikkiga bo‘lish mumkin. Birinchisi faqat kuldirish uchun to‘qib chiqarilgan bo‘lsa, ikkinchi latifada hayot xaqiqatlari o‘z aksini topadi. Nima bo‘lganda ham latifalar kuldirish bilan bir qatorda kishini o‘ylantiradi. Eng qizig‘i latifalarning mualifi kim ekani hamisha ham ma’lum bo‘lmaydi.

Hajviyaning muhim xususiyati uning ma’lum makon va zamonda bo‘lishidir. Hajviya jamiyatda yuz berayotgan hodisalar tufayli tug‘iladi. Hajviyaning ildizlari eramizdan avvalgi 2 asrlarga borib taqaladi. Tarixchi Pliniyning yozishicha, eramizdan avvalgi VI asrda Gipponakt ismli shoir bir inson haqida o‘tkir hajviya yozadi. Oxir oqibat o‘sha odam o‘z joniga qasd qiladi. 18 asrdan boshlab hajviya xuddi tabiiy ofat kabi Yevropadagi barcha gazeta va jurnallarni egallab ola boshladi. Hajviya xuddi oynadir. Faqat unda o‘zingizdan boshqa hammaning yuzini ko‘rishingiz mumkin. Hajviya ijtimoiy adolatga qarshi bo‘lganlarga nisbatan hujum.

Shu o‘rinda ayrim xususiy gazetalarda berilayotgan latifalar haqida fikr bildirishga qaror qildik. Bu latifalar zo‘rma-zo‘raki, mazmuni anglab yetilmagan holda rus tilidan o‘zbekchaga tarjima qilinadi, go‘yo.

- Azizim, sen yaqinda Ota bo‘lasan.

- Nima, Vatikandan telefon qilishdimi?

Qayerda kulishni bilmaysiz. Aslida ruschada:

- Dorogoy, tы skoro stanesh papoy!

- S Vatikana zvonili?!…bo‘lib, er gapni Rim Papasi tomon burib yuborgan.

Yana bir latifani o‘qidim.

Chukchadan “Kimning kosmanavtikasi zo‘r?” deb so‘rashibdi. U

- Bizniki, albatta — deydi.

Bu yerda ham kulguli joyi yo‘q.

Internetni qidirib, bu latifani aslini topdim.

Chukchu sprashivayut:

- Chya kosmonavtika luchshaya v mire?

- Nasa, odnaka!

Ya’ni, chukcha “nasha”(bizniki) demoqchi bo‘lgan. Shu latifa orqali so‘z o‘yini qilinadi. Ya’ni AQShning NASA fazoviy agentligi ko‘zda tutiladi.

Faqat kulgu bizni fikrlaydigan qiladi. Oynai jahon orqali namoyish qilinayotgan ayrim hajviy ko‘rsatuvlardan ham odamning ko‘ngli to‘lmaydi. Chunki ularda izohlar ko‘p. Valter aytganidek, tushuntirilgan hazilning qizig‘i qolmaydi.

“Sho‘rdanak” ko‘rsatuvida bir lavha esimda qolgan.

Yunusobodda mashinaga qo‘l ko‘targan kishi “Bog‘dodga eltib qo‘ying” deydi. Haydovchi hayron qolganini ko‘rgach esa, “Farg‘onaning Bog‘dodiga” deb tushuntirish beradi. Mana shu lavha ishonarli chiqmagan. Chunki Toshkentning Yunusobod tumanidan Farg‘onaning Bog‘dodiga ham, Iroqning Bog‘dodiga ham taksi yurmaydi. Shuning o‘rniga “Nukus”ga, “Qozog‘iston”ga eltib qo‘ying, besh ming beraman” desa, ham ishonarli, ham kulguli chiqardi. Nukus deganda shahar va Qozog‘iston deganda respublika tushiniladi. Lekin so‘z o‘yini orqali “Nukus” va “Qozog‘iston” kinoteatrlari nazarda tutiladi.

Rus matbuotida “Utka” (“O‘rdak”) iborasi ko‘p ishlatiladi. To‘g‘ri hozir bizning matbuotda bu ibora ishlatilmaydi, avvallari qo‘llanilardi. Bu iboraning kelib chiqishiga Germaniya nashrlardan biridagi maqolaga muharrirning N.T. — non testator (“tekshirilmagan”) degan yozuvi sabab bo‘lgan. Bu so‘zning abbreviaturasi(qisqartirilgan holda o‘qilishi) nemis tilida Ente (o‘rdak) degan ma’noni anglatadi. Bu ham kulguli voqea sifatida talqin qilinadi.

Matbuotda 1 aprel sanasida ko‘plab hazillar e’lon qilingan.

Masalan 1899 yilda Denver gazetalarida Buyuk Xitoy devorining buzib tashlanishi borasida xabar bosilgan.

1980 yilda BBC radiosi Big-Ben soatining mexanik siferblati zamonaviy elektron siferblatga almashtirilishini ma’lum qildi.

1986 yilda Le Parisien gazetasi stadion qurilishi munosabati bilan Eyfel minorasi buzilishi xaqida xabar berdi.

1975 yilda Avstraliyaning This Day Tonight yangiliklar dasturida endilikda bir daqiqa yuz soniyadan iborat bo‘lishi, ya’ni bir kecha kunduz 20 soatdan tashkil topishi xaqida qaror qabul qilingani borasida axborot berildi.

2008 yilda BBC Antarktikada qishlash uchun Janubiy Amerikaga yo‘l olgan uchuvchi pingvinlar suratga olinganini ma’lum qildi.

Sharofiddin To‘laganov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tushuntirilgan hazilning qizig‘i bo‘lmaydi