
So‘nggi kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘ylab sovuq antitsiklon ta’siri izchil kuchayib borayotgani kuzatilmoqda va bu jarayon 2025-yil 5-dekabrgacha saqlanib turishi prognoz qilinmoqda. Maxsus komissiyaning ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytdagi ob-havo sharoitidagi keskin o‘zgarishlar, ayniqsa, quyuq tumanlar ko‘paygani tabiiy meteorologik omillar bilan chambarchas bog‘liq.
Qayd etilishicha, 29-noyabrdan boshlab sovuq antitsiklon yanada kuchayib, atmosfera bosimining ko‘tarilishi va havo haroratining pasayishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada kechasi sovuq, kunduzi esa kuchsiz iliq ob-havo kuzatilmoqda. Shunday sharoitlarda sovuq antitsiklonlarga xos bo‘lgan ertalabki tumanlar shakllanishi ehtimoli yuqori. Uzoq muddatli inversiya esa havodagi chang, tutun va mayda dispers zarrachalar konsentratsiyasining oshishiga, shuningdek, quyuq tuman hodisalari yanada kuchayishiga olib keladi. Bu jarayon havodagi zarrachalarning yuqori qatlamlarga ko‘tarilmay, past havo qatlamlarida to‘planib qolishi bilan bog‘liq.
Komissiyaning ta’kidlashicha, so‘nggi kunlarda atmosferaga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni kamaytirish maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilgan va shu kunlarda ham davom ettirilmoqda. Toshkent shahri va uning atrofida ifloslanish manbalarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida keng ko‘lamli reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. 24–28-noyabr kunlari amalga oshirilgan ishlar quyidagi natijalarni ko‘rsatdi:
Issiqxonalar bo‘yicha:
Jami 1 449 ta issiqxona o‘rganilgan. Ularning 67 tasining faoliyati to‘xtatilgan. 403 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va 19 ta xo‘jalikka gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilgan.
Qurilish obyektlari bo‘yicha:
Toshkent shahrida jami 53 ta noqonuniy qurilish obyekti aniqlangan. Ulardan 34 tasi vaqtincha to‘xtatilgan. Atmosfera ifloslanishi qayd etilgan 186 ta holat rasmiylashtirilgan va 188 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 51 ta qurilish obyektiga suv purkagich o‘rnatilgan.
Avtotransport bo‘yicha:
Yukni ochiq holda tashigan 837 nafar haydovchi va me’yoridan ortiq zarar yetkazgan 206 nafar haydovchi jarimaga tortilishi qayd etilgan.
Qo‘shimcha ekologik tadbirlar:
Shahar miqyosida 77 ta ko‘cha va 165 ta jamoat joyi namlantirilgan. 121 km ariqlar tozalangan. 126 ta favvora ishga tushirilgan. Shu bilan birga, Toshkent viloyatidagi daryolardan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha 54 ta holat aniqlangan.
Ushbu kompleks choralar natijasida havoning ifloslanish darajasi ma’lum darajada kamaygani qayd etildi. Xususan, PM2.5 ko‘rsatkichi:
24-noyabr — 171 mkg/m³,
25-noyabr — 152 mkg/m³,
26-noyabr — 140 mkg/m³,
27-noyabr — 111 mkg/m³,
28-noyabr — 97 mkg/m³ gacha pasaygan.
Biroq hozirgi paytda mamlakat sovuq antitsiklon ta’sirida bo‘lgani bois, inversiya hodisasi yana kuchayib, havodagi mayda zarrachalarning muallaq holda yig‘ilib qolishi kuzatilmoqda. Bunday jarayon tabiiy hol bo‘lib, havo o‘z-o‘zidan tozalanish jarayonini sekinlashtiradi.
Shu sababli davlat idoralari ham qisqa muddatli chora-tadbirlar, ham uzoq muddatli yechimlar bo‘yicha tizimli ish olib bormoqda. Maxsus komissiya tuzgan ishchi guruhlar zararli tashlamalar chiqarayotgan manbalarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan reyd tadbirlarini kun-u-tun amalga oshirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.