Yaqinda ustozlardan biri shunday zorlanib qoldi: “Hozirgi yoshlar juda e’tiborsiz, loqayd bo‘lib ketyapti, kuyib-pishib gapiramanu hammasining xayoli boshqa yoqda, meni mutlaqo eshitgisi kelmaydi”. O‘ylanib qoldim: “Nega notiq o‘z so‘zini tinglovchiga yetkaza olmayotir? Nima uchun ustoz o‘z fikrini talabasiga uqtira olmayapti? Ne sababdan xonadon boshlig‘i gapini oila a’zolariga o‘tkaza olmayotir? Hozirgi paytda odamlarning “gap uqmas” bo‘lib ketayotgani sabablari qayerda?”
Buning ildizlarini sal olisroqdan, solih ajdodlar tajribasidan axtarishga to‘g‘ri keladi. Bir kishi Abul Qosim Hakimdan so‘radi: “Oldingi zamondagi olimlarning pand-nasihatlari odamlarga ta’sir qilardiyu, nega hozirgi olimlarniki ta’sir etmaydi?” Hakimning javobi juda ma’nodor bo‘ldi: “Ilgari zamonda olimlar uyg‘oq, odamlar uyquda edilar. Uyg‘oq kishi uyqudagini uyg‘ota olganidek, ularning pand-nasihatlari ham odamlarga ta’sirini o‘tkazar edi. Bugungi kunda esa olimlar uyquda, odamlar esa o‘lik. O‘zing ayt-chi, uyqudagi kimsa o‘likni tiriltira oladimi?”
Yana bir solih zotdan: "Nima sababdan gaplarimiz oldingilarnikidek ta’sirchan va foydali emas", deb so‘rashibdi. U bunday javob qilgan ekan: “Chunki ular Islom azizligi, nafslar najoti, Rahmon roziligi uchun gapirishgan. Bizlar esa, nafslar azizligi, boylik talabi va xaloyiqqa yoqish uchun gapiramiz. Avvalgilar hol tili (ya’ni yurish-turishlari) bilan va’z-nasihat qilishgan, bizlar esa quruq gapni so‘zlaymiz”.
Endi bir mulohaza qiling: siz oliy o‘quv yurtida talabalaringizga halollik, o‘zgalar haqini poymol qilmaslik haqida soatlab va’z o‘qisangizu ammo o‘zingiz talabalardan pora olsangiz, gapingizning samarasi va ta’siri bo‘larmikin? Mahalla-ko‘yda axloq-odob haqida tinmay odamlarga pandu nasihat qilsangizu ammo o‘zingiz axloqsiz bo‘lsangiz, odob qoidalariga rioya etmasangiz, nasihatingiz odamlarga yetib borarmikin? Masjid mehrobidan turib qavmga va’daga vafo qilish haqida xitob qilsangizu ammo o‘zingiz va’dangizni bajarmasangiz, so‘zlaringizning e’tibori bo‘lramikin? Yoki axloqsizlikning ming bir ko‘chasini kezib chiqqan bir san’atkor “oynai jahon” orqali yoshlarga tarbiya bersa, uning so‘zini yoshlar eshitarmikin?
Yoki oilaviy munosabatlarni olib ko‘ring. Bola ulg‘ayish jarayonida hamma narsani asosan atrofidagi kattalardan o‘rganadi. Ulardan ibrat olishga, ularga taqlid qilishga intilib, hayotiy tajriba orttiradi. Endi o‘zingiz qo‘pol va badxulq bo‘lsangizu, bolangizni chiroyli hulqli va odobli qilib tarbiyalayman deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Agar o‘zingiz cheksangiz yoki ichsangizu, farzandingizni bu yomon illatlardan qaytaraman desangiz, umidingiz va harakatlaringiz puchga chiqadi. Agar o‘zingiz yolg‘on gapirsangiz yoki aldoqchi bo‘lsangiz, bolangizdan rostgo‘ylik va omonatdorlik kutib ovora bo‘lmang.
Insonlar bilan o‘zaro muloqotlarda ham oldin o‘zingiz so‘zlashish, bahslashish odoblarini o‘rganib oling. Odamlar bilan so‘zlashayotganda, ayniqsa bahsga kirishganda “men hammasini bilaman” deya emas, “suhbatdoshim ham ko‘p narsani bilishi mumkin” degan kayfiyat ustun bo‘lsin. Zaruratsiz bahs-munozaralar, o‘z fikrini zo‘rlab o‘tkazish yoki tasdiqlatish uchun urinishlar, so‘zamollik, makkorlik, hiylakorlikni ishga solib boshqalardan ustunlikka erishish yoki zulm qilish eng yomon illatlardandir. Bu yo‘l bilan boshqalarni mag‘lub qilishni o‘ylagan kimsaning o‘zi yutqazadi. Buyuk mutafakkir Abu Homid G‘azzoliy aytganiday, «Bahs-munozara – o‘zingni bilimdon qilib ko‘rsatib, boshqalarni tahqirlash niyatida xatosini izhor etib, ta’na qilishingdir».
O‘z fikringizni, tutgan yo‘lingizni yoki qilmishlaringizni haq sanab, boshqanikidan ustun qo‘yishingizdagi tortishuvlar ham sizga yaxshilik keltirmaydi, boshqalar ko‘z o‘ngida obro‘yingizni to‘kib qo‘yadi. Agar bu tortishuv haqiqatni aniqlash va uni qaror toptirish uchun bo‘lsa nur ustiga nur bo‘lardi. Ammo u haqqa qarshilik ko‘rsatish uchun yoki haqni anglamay turib qilingan bo‘lsa, bunday tortishuvdan uzoqroqqa qochgan ma’qul.
Har bir inson boshqalarga fikrini yetkazish yoki ta’sir o‘tkazishdan oldin o‘zining shu ishga munosib yoki munosib emasligi haqida bir o‘ylab ko‘rsin. Jahon mutafakkirlarining ham tavsiyasi shu. «Insonning eng katta kamchiligi o‘zining emas, o‘zganing kamchiligini sanashni afzal bilishidir», degan edi tamiz ahlidan bir kishi. Qadimgi donishmandlardan biri esa bunday deydi: “O‘zgalar ustidan hukmronlik da’vo qiluvchi odam oldin o‘zini boshqara bilishi darkor”. Tajribalardan ma’lumki, biluvchilar sukutni afzal ko‘rishadi, bilmaydiganlar yoki chala biladiganlar so‘zlashga haris bo‘lishadi.
Ahmad MUHAMMAD
Manba: azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)