
Toshkentdagi yuqori sud organlarida jurnalist va bloger o‘rtasidagi dolzarb nizoga rasman chek qo‘yildi. 21 iyul kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi katta jamoatchilik e’tiborini tortgan ishni ko‘rib chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shayxontohur tumanlararo sudi jurnalist Anora Sodiqovaga bloger Mirsaid Haydarov (“Mufasa”) ustidan kiritilgan da’voni rad etgan, davlat bojini esa da’vogar hisobidan undirishga qaror qilgan edi. Mazkur ishga Facebook'dagi 7 ta post, jurnalistning sha’n va qadr-qimmatiga doir masalalar, hamda “jurnoja*ab” degan haqoratli so‘zlar sabab bo‘lgan.
Biroq Anora Sodiqova sud qarori ustidan appelyatsiya bergan. «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovning yozishicha, bugun, 21 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Anora Sodiqovaning appelyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilgan va sud uning shikoyatini qanoatlantirgan. Yangi qarorga ko‘ra, bloger “Mufasa” Anora Sodiqova oldida 25 million so‘m ma’naviy zarar, 5 million so‘m moddiy zarar to‘laydi, rasman uzr so‘rab, ijtimoiy tarmoqlardagi haqoratli postlarini o‘chiradi.
Huquqshunoslar va jamoat faollari mazkur qarorni ijtimoiy maydonda axloqiy me’yorlar va fuqarolik mas’uliyatining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi, deb baholamoqda. Bu voqea axborot sohasidagi sha’n va qadr-qimmatga doir nizolarda sud himoyasi va to‘g‘ri munosabatni belgilab berishi bilan ahamiyatlidir.
Muxlislar fikricha, so‘nggi qaror jurnalist va blogerlar o‘rtasidagi munosabat, internetdagi axloqiy chegaralar hamda jamoatchilik ongining shakllanishida muhim bosqichga aylandi. Shu bilan birga, har qanday axborot va tanqidda inson sha’niga hurmat birinchi o‘rinda turishi shart ekani yana bir bor yaqqol ko‘rsatildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar