Har kuni ertalab, adashmasam soat 8:10 da «Oriat dono» radiokanali orqali taniqli boshlovchi Akmal Mirzoning «Dahana» radioo‘yini efirga uzatiladi. Ba’zan diqqat bilan, ba’zan yo‘l-yo‘lakay tinglab kelaman.
«Dahan» – forscha so‘z. «Og‘iz» degani. Tilimizda og‘zaki janjal, aytishish ma’nosini ifodalaydigan «dahanaki jang» degan ibora bor. Shundan kelib chiqib, radioo‘yinni «Dahana» deb nomlashgan bo‘lsa, ajabmas. Biroq «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da «Dahana» so‘ziga «kirish yoki chiqish teshigi; to‘p, miltiq og‘zi; daryoning etak qismi; suv o‘tadigan qisqa tor o‘zan» deb izoh berilgan.
Avvaldan aytib qo‘yishim kerak: bu o‘yinga ham, uning nomiga ham mening hech qanday e’tirozim yo‘q. Bil’aks, tilimizning beqiyos imkoniyatlarini namoyish etish, ishtirokchini topqirlikka, so‘zamollikka, hozirjavoblikka undash niyatini yoqlayman.
Ustoz Erkin Vohidovning «Qaro qoshing, qalam qoshing, qiyiq qayrilma qoshing, qiz» misralari yodingizdadir? Bu zamonaviy she’riyatda alliteratsiya san’ati deyiladi. Akmal Mirzoning radioo‘yini ham ana shu prinsipga qurilgan: ishtirokchi «a», «b», «t» harflaridan tashqari (chunki bu harflarning imkoniyati keng) biror harf tanlaydi. Boshlovchi istagan yo‘nalishida suhbat olib borishi, istagan savolini berishi mumkin. Ishtirokchi faqat o‘zi tanlagan harfdan boshlanadigan so‘z yoki so‘zlar orqali javob qaytarishi shart. O‘ylash uchun uch soniya vaqt beriladi.
O‘yin sharti murakkab emas. Yutqazib qo‘ymaslik uchun istagancha yolg‘on gapirsa bo‘ladi. Axir bu o‘yin-ku. Boshlovchi «Ismingiz nima?», «Qayerda ishlaysiz?», «Qayerda yashaysiz?», «Bugun haftaning qaysi kuni?», «Hozir qaysi oy?» singari bir qarashda judayam jo‘n bo‘lgan savollarni beradi. Ammo, tabiiyki, bu savollarning javobi ishtirokchi tanlagan harf bilan boshlanmaydi. Demak, u yutqazib qo‘ymaslik uchun yolg‘on gapirishga majbur. Buni biz oddiygina qilib vaziyatdan chiqish deb baholaymiz.
Bir gal «q» harfini tanlagan opaxondan nechta farzandi borligi so‘raldi. «Qirqta», — dedi ayol. Ba’zan ishtirokchilar shunga o‘xshash almoyi-aljoyi, mantiqsiz javoblar berishadi. Negaki, o‘sha holatda savolning o‘zi mantiqsiz, savolning o‘zi yolg‘on gapirishga majbur qiladi odamni.
Bu – bir o‘yin. Yuqorida aytganimday unga hech qanday e’tirozim yo‘q. Biroq shu o‘yin misolida qator savollar yukidan yelkam mayishadi. Qachon aniq savolga aniq javob berishni o‘rganamiz? Bizni yolg‘on gapirishga, yolg‘on yashashga majbur qilayotgan «o‘yin»lardan qachon qutulamiz?
«Spravka» necha pul turadi?
O‘zbekiston Respublikasi Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda oliy ta’lim muassasalariga 729947 (2016 yilda – 663304) nafar abituriyent hujjat topshirgan. Bu kichkina raqam emas va uni eslab qolishingizni so‘rardim.
Bugun oliy ta’limgacha bo‘lgan jarayonda katta bir industriya mavjud ekanini yaxshi bilamiz. Bu industriya mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yuzlab o‘quv markazlari, minglab repetitorlar, axborotnoma, test kitoblari, qo‘shimcha adabiyotlarni tayyorlovchi nashriyotlar, ularni chop etuvchi bosmaxonalar, savdo tarmoqlarini o‘z ichiga oladi (abituriyentlar orqasidan cho‘ntak qappaytiradigan «bunker», «tolkach», «rektor guruhi» singari boshqa noqonuniy tuzilmalarni hisobga olganim yo‘q). Oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishgacha bo‘lgan jarayonlardagi sarf-xarajatlarni qo‘shib hisoblasak, bizda oliy ma’lumotli bo‘lish qanchalik qimmatga tushishi oydinlashadi.
Bugun ulkan o‘zgarishlar, yangiliklar va yangilanishlar davrida yashayapmiz. Barcha sohalar kabi mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarini takomillashtirish, uning adolatli, xolis va shaffof o‘tkazilishini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda 2017 yilning 16 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidentining «Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkaziladi. Test sinovlari natijalari test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san’at, dizayn, tasviriy va amaliy san’at, san’atshunoslik, musiqiy ta’lim, sport va jismoniy tarbiya sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qabul test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori necha yillardan beri ota-onalarning, yoshlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan oliy o‘quv yurtlariga kirish test sinovlarining adolatli o‘tkazilishini ta’minlashiga umid qilamiz.
Jorj Vashington universiteti professori Sebastiyan Peyruz (Sebastien Peyrouse) dunyoning taniqli siyosatchilari, fan arboblari ishtirok etgan davra suhbatida O‘zbekiston ta’lim tizimida kechayotgan islohotlar haqida gapirgan (https://uza.uz/oz/politics/a-sh-siyesatchilari-prezidentimiz-islo-hotlarini-quvvatlamoqda-02-02-2018).
«O‘zbekistonda oliy ta’limga talab katta, lekin sharoit yo‘q. Universitet va institutlarda o‘qishga aksariyat aholining moliyaviy qurbi yetmaydi. Ta’lim haqi yil sayin osmonga chiqar ekan, respublikaga zarur kadrlarni yetishtirish ham qiyinlashaveradi. O‘qituvchilarning maoshi juda past ekani ham muhim omil. Korrupsiya eng chuqur ildiz otgan sohalardan biri ham – shu», — deydi u.
Peyruz janoblari aytmasa ham oliy ta’lim sohasidagi muammolarni o‘zimiz juda yaxshi bilamiz. Bu boradagi noqisliklarni hal etish, to‘siqlarni olib tashlash, ta’lim sifatini oshirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, o‘qituvchilarning moddiy ta’minotini yaxshilash, eng muhimi, test sinovlari jarayonida adolat va shaffoflikni ta’minlash yo‘lida xayrli islohotlar boshlandi.
Biroq shu sohaga daxldor, biz ko‘p ham e’tibor qilmaydigan, ikki-uchta arzimasdekkina qog‘ozlar – oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalariga hujjat topshirish chog‘ida talab qilinadigan, abituriyentning hujjat jildida turishi shart bo‘lgan «086/U forma» singari ma’lumotnomalar borki, ular xususida ham o‘ylab ko‘rish kerak nazarimda.
Biz ham, otalarimiz, bobolarimiz ham oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirish uchun poliklinikadan tibbiy ma’lumotnoma olganmiz. Bu an’anani farzandlarimiz ham davom ettirmoqda. Biroq bir narsa aniq – deyarli hech bir abituriyent bu ma’lumotnomani olish uchun eshikma-eshik yurib, yetti-sakkiz shifokorning ko‘rigidan o‘tmaydi. Bunga uning na xohishi va na imkoniyati bor. Oilaviy poliklinikalardagi ur-yiqit navbatni ko‘rgan har qanday abituriyent hojatbaror hamshiraning birgina imosiga mahtal bo‘lib qoladi. «086/U forma» mamlakatimizdagi har bir poliklinikada sotiladi. Narxi ham aniq: 15-20 ming so‘m. Endi ushbu summani o‘tgan yili hujjat topshirgan abituriyentlar soniga ko‘paytirib ko‘ring: o‘n milliard so‘mdan ziyodroq pul bo‘ladi.
«Tibbiy ma’lumotnoma kerak, oliy ta’lim muassasasi abituriyentning salomatligi haqidagi ma’lumotga ega bo‘lishi shart», — deyishingiz mumkin. Balki haqdirsiz. Lekin qiziq bir holat bor: sentyabrda dars boshlanishi bilan bir guruh talabalar jismoniy tarbiya darslaridan ozod qilishlarini, sog‘lig‘i ko‘tarmasligini aytib, tibbiy ma’lumotnoma ko‘tarib keladi. Hech kim «Sen o‘qishga kirayotgan paytingda topshirgan tibbiy ma’lumotnomangda «sog‘lom» (ko‘p hollarda «zdorov») deb yozilgan edi-ku» deb yoqa ushlamaydi.
Oktyabr oyidan paxta mavsumi boshlanadi. Yuzlab talabalar paxta terishdan qochish maqsadida yana tibbiy ma’lumotnoma to‘g‘rilab keladi, albatta tekinga emas. Yana hech kim «Sen kasal bo‘lishing mumkin emas, chunki ikki oy avval «sog‘lom» degan tibbiy ma’lumotnoma topshirgansan» demaydi.
Agar noto‘g‘ri gapirayotgan bo‘lsam, ayting. Axir deyarli hammamiz bu jarayonlardan o‘tganmiz-ku. Ko‘rinib turibdiki, «086/U forma» faqat bir holatda – hujjat qabul qilish jarayonidagina kerak. Keyin – unutiladi. Oliy ta’lim muassasalari talabaning salomatligi bilan deyarli qiziqmaydi.
Bizda tibbiy ma’lumotnoma talab qilinadigan sohalar juda ko‘p. Masalan, maktablarda, maktabgacha ta’lim muassasalarida, umumiy ovqatlanish korxonalarida, avtokorxonalarda ishlaydigan xodimlarning tibbiy ma’lumotnomasi bo‘lishi shart.
Bundan besh-olti yil ilgari, haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘qishni boshlaganimizda tibbiy ko‘rikdan o‘tishimiz, ma’lumotnoma taqdim etishimiz kerakligi aytildi. Ko‘rish qobiliyati pastroq, onda-sonda bekitiqcha ko‘zoynak taqib yuradigan do‘stimiz xavotirga tushib qoldi. Ammo avtomaktab ma’muriyati muammoni osongina hal qildi – har bir tinglovchidan o‘sha paytdagi o‘qish puli umumiy summasining 7,5 baravariga teng miqdorda pul yig‘ib oldi. O‘sha do‘stimiz hozir ham tunda mashina boshqarishga qiynaladi.
Shunday davlat tashkilotlari borki, ishga kirish uchun aqlingiz zaif yoki giyohvand emasligingizni, biror teri-tanosil kasaliga chalinmaganingizni tasdiqlaydigan tibbiy ma’lumotnoma taqdim etishingiz shart.
Bundan ko‘zlangan maqsad xayrli ekani yaxshi. Ammo tibbiy ma’lumotlarning sotilishi yomon. Sog‘lom bo‘lishimiz kerak bo‘lsa «sog‘lom», kasal bo‘lishimiz lozim bo‘lsa «kasal» degan «spravka» to‘g‘rilaymiz. Asosiysi, hech kim bizni tibbiy ma’lumotnomani sotib olishga majbur qilmaydi. O‘zimiz, o‘z ixtiyorimiz bilan, ortiqcha ovoragarchiliklardan qutulish uchun shunday yo‘l tutamiz.
Ish joyidan, yashash joyidan ma’lumotnoma talab qilinadigan muassasalar, bu «spravka»larni yozib bergani, qo‘l qo‘ygani uchun pul to‘lanadigan idoralar to‘g‘risida gapirmay qo‘ya qolay. Har biri haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, bu maqola tugamaydi.
Tushumi bormi, tushumi?
Bugun jamiyatni poraxo‘rlikdan tozalash, bu illatning mamlakat taraqqiyotiga qay darajada salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida ko‘p gapirayapmiz. «Korrupsiya» so‘zi tilimizdan tushmay qoldi. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora qaysidir sudyaning, ta’lim muassasasi ma’murining, bojxona yoki ichki ishlar xodimining katta miqdorda pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar tarqalmoqda.
O‘zaro suhbatlarda qaysidir soha vakillarini poraxo‘rlikda ayblaymiz. Ammo bu illatning jamiyatda ildiz otib, rivojlanishiga avvalo o‘zimiz sababchi ekanimizni o‘ylamaymiz.
Oddiygina bir idoraga ishimiz tushsa ham eshikdan kirmasdan tanish qidiramiz. Shifokorning cho‘ntagiga o‘zimiz pul tiqamiz, hali yana kelishim bor, keyingi safar navbatsiz qabul qiladi deb o‘ylaymiz. O‘g‘limizning bog‘cha opasi, qizimizning muallimiga o‘zimiz sovg‘a beramiz. Shunday qilsak, farzandlarimizga ko‘proq e’tibor qaratadi deb hisoblaymiz. Yo‘l harakati qoidasini buzganimizda to‘xtatgan nozirning qoshiga qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib, o‘zimiz tushib boramiz. Haydovchilik guvohnomasidan ayrilishning narxi qancha ekanini bilganimiz uchun ham shunday qilamiz. Gaz, svet, suvdanman deb kelgan nazoratchini ham o‘zimiz yo‘ldan uramiz.
«Ularning hammasi qo‘lga qaraydi, irimini qilmasangiz ishingiz bitmaydi», — deyishingiz mumkin. Lekin ularni poraxo‘rlikka biz o‘rgatmadikmi? Cho‘ntagiga pul tiqqanimizda qo‘rquvdan ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketgan, xijolatdan yuzlari qizargan yoshgina shifokorning bora-bora yuzsiz poraxo‘rga aylanishiga biz sababchi emasmizmi?
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan 2017 — 2018-yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi ijrosi doirasida fuqarolarning fikri o‘rganilgan.
Respondentlarning 76,3 foizi korrupsiya hamma joyda emas, balki ayrim sohalardagina bor deb hisoblaydi. Masalan, 37,6 foizi sog‘liqni saqlash tizimini eng korrupsiyalashgan soha sifatida ko‘rsatgan. Ta’lim tizimi undan keyingi o‘rinda turibdi.
Shuningdek, huquq-tartibot organlari, bandlik, ijtimoiy ta’minot, kommunal xizmat, bank, soliq va bojxona idoralari, hokimliklar hamda boshqalar faoliyatida ham korrupsiya uchrashi bildirilgan.
O‘ylanib qoladi kishi, bizda korrupsiya uchramaydigan sohaning o‘zi bormikan?
Kim bilandir tanishib qolsak, darrov qayerda ishlashini surishtiramiz. Mabodo bizga kerakli soha odami bo‘lsa, muomalani quyuqroq qilamiz, telefoni nomerini yozib olamiz: asqotib qolishi mumkin.
Tasodifan tanishib qolganim bir kishi qayerda ishlashimni so‘radi. Jurnalist ekanimni aytdim. «Oylik qancha?», – so‘radi u yana. «Tirikchilik uchun yetadi», — dedim. «Tushum-chi, tushum bormi?», – tirjaydi u. Men ham boshqalar kabi bunday savollarni eshitaverib qulog‘im pishib ketgan. Ko‘nglimga olmay (aslida bunday savol uchun betamizdan nega xafa bo‘lishim kerak?) javob berdim: «Yo‘q, quruq oylikning o‘zi, aka». «E, qo‘ysangiz-chi, hozir kim quruq oylikka ishlaydi? Oylikka yashab bo‘lmasligini yaxshi bilamiz-ku. Jurnalistlarning ham tushumi bo‘lsa kerak?!», – dedi u sinini buzmay.
Afsuski, ko‘pchiligimiz shunday o‘ylaymiz.
Vohid Luqmon
Manba: xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...