Inson kamolotida ilm va ma’rifatning o‘rni beqiyos. Shu bilan birga, dinu diyonat, chin e’tiqod sohibi bo‘lish ham kishini saodatga yetaklaydi. Istiqlol yillarida erishgan eng katta boyligimiz xalqimizning tinch hamda osuda hayotidir. Jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlar, milliy hamda umumbashariy qadriyatlarga uyg‘un yashash tamoyili tobora mustahkamlanib borayotgani jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda muqaddas islom dinini, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratilayotgani zamirida ezgu maqsadlar mujassam. Yurtimizning turli hududlaridagi ziyoratgohlar, qadamjolar obod qilinib, bu maskanlarda qurilish-ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda aholi turmush tarzida dinning o‘rni qanday? Odamlar davlat tomonidan bu yo‘nalishda yaratib berilayotgan shart-sharoitlarni to‘liq his qilayaptimi? Shu mazmundagi savollar bilan “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi yurtdoshlarimiz munosabatini o‘rgandi.
Sotsiologik so‘rov, asosan, islom diniga e’tiqod qiluvchi respondentlar o‘rtasida o‘tkazilib, respublikamizning barcha hududida yashayotganlar fikri chuqur tahlil qilindi. So‘ralgan fuqarolarning 42,4 foizi erkaklar va 57,6 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘ldi.
Davlat tomonidan din sohasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar ijobiy baholanmoqda. Umuman, mamlakat bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 2017 yilda 90,1 foizni tashkil qildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida chiqish qilgan edi. O‘sha nutq nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun musulmon olami, jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. Unga doir munosabatlar, e’tiroflar hali-hanuz davom etmoqda. “Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, degan so‘zlari butun islom ummati, islom jamoatchiligining ayni dilidagi gap bo‘ldi. Chunki bugungi kunda dunyo miqyosida islom dinining mohiyatini tushunmasdan, bilmasdan unga nisbatan turli munosabatlar ilgari surilayotgani ham ayni haqiqat.
So‘rov shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning qariyb 60 foizi Prezidentimizning ushbu yuksak minbardan turib “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish taklifi bilan chiqqanligidan yaxshi xabardor.
Barcha millat vakillari, qaysi dinga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, muloqot davomida ko‘pincha “Yaratganga shukr” yoki “Xudo xohlasa” kabi so‘zlarni tildan qo‘ymaydilar. Bu, albatta, yaxshi fazilat. Shu ma’noda, so‘rovga qamrab olinganlarning mutlaq ko‘pchiligi (97,4 foizi) o‘zini “Allohga ishonuvchilar” deb hisoblaydi.
Shuni unutmaslik kerakki, respondentlarning o‘z e’tiqodlariga oid bergan bahosi ko‘pincha mamlakat aholisining dunyoqarashi, nuqtai nazarini aniqlash uchun xolis asos bo‘la olmaydi. Tahlillar, hatto o‘zini “eng avvalo, musulmonman” deb hisoblovchi (41 foiz) respondentlar ko‘pchiligi ham turmush tarzini “Allohga ishonsa-da, ammo o‘zini dunyoviy kishilar” (40,5 foiz) sifatida baholashini ko‘rsatadi. Qatnashchilarning 32,2 foizi “Yaratganni o‘z qalbida” deb biladi. Bunday nuqtai nazar yurtdoshlarimizga xos bo‘lgan jihat bilan, ya’ni ijtimoiy hayotda dinning rolini ratsional idrok qilayotganligidan, o‘zaro munosabatlarda ma’naviy-axloqiy me’yorlar qo‘llab-quvvatlanayotganligidan dalolatdir.
Bilim — bamisoli nurdir. Inson yo‘lini u bilan yoritadi. Bilimsizlik esa barcha yomonliklarning manbaidir. Ilm tufayli inson qadri yuksaladi. Ilmli kishi hodisalarga xolis baho beradi, talabchanlik va uddaburonlikni o‘rganadi. Tadqiqotda shu jihatlar inobatga olinib, aholining islom dini bo‘yicha bilimlari ham o‘rganildi. Masalan, so‘ralganlarning 78,5 foizi (2016 yilda 77,8 foiz) faqat “islomning ayrim talablari”ni biladi xolos. Va bu borada 8,6 foiz respondent bilimlarini “yetarli emas”, deb hisoblaydi.
“Siz diniy mazmundagi kitoblarni o‘qiysizmi?” degan savolga respondentlarning 82,6 foizi “yo‘q, diniy mazmundagi hech qanday kitob o‘qimayman”, deb javob bergan. Faqatgina 17,4 foiz yurtdoshlarimiz diniy mazmunda kitob o‘qishlarini bildirishgan. Respondentlarning 62 foizi o‘zi yashayotgan hududdagi kitob do‘konlarida diniy mazmundagi adabiyotlar sotilmasligini qayd etishgani ham buning asosiy sabablaridan bo‘lsa, ajab emas. Respondentlarning atigi 17 foizi bunday savdo rastalari borligini qayd etishdi.
Yana bir jihat. Diniy ma’lumotga ega bo‘lishni istagan kishilar, odatda, imom-xatiblar, domlalarning ma’ruzalari bilan chegaralanib qolishadi. Shu nuqtai nazardan, islom dini haqida ma’lumot olishda mahalla masjidlari va ularning imom-xatiblari muayyan o‘rin egallashini ko‘rsatgan respondentlar soni 5,3 foiz kamayib, 3 foizni tashkil qildi. Shu bilan birga, diniy bilimlarini yanada chuqurlashtirish istagida bo‘lgan respondentlar soni qariyb 9 foiz o‘sganligi kuzatildi. Demak, aytish mumkinki, bugun bu sohada faoliyat yuritayotgan imom-xatiblarning aholiga bilim berishdagi mas’uliyatini yanada oshirish kerak.
So‘rov natijalari ko‘ra, “Xudoga ishonsa-da, ammo, umuman olganda, masjidga doimiy qatnashga va barcha ibodat amallarini majburiy ado etishga moyillik ko‘rsatmaydigan” respondentlar soni 46,7 foizni tashkil etdi. Bu raqam 2016 yilda 48,6 foiz edi. Ayni paytda “masjidga umuman qatnamaydigan va hech qachon ibodat qilmaydigan” respondentlar sonida kamayish (1,3 foiz) tendensiyasi kuzatildi. Ayni paytda “masjidga doimiy qatnamaydigan, vaqt bo‘lganda, odatda Hayit yoki juma namozlariga boradigan” respondentlar soni o‘zgarmasdan qolmoqda (30,6 foiz).
Aholining ko‘pchiligi mamlakatda dindorlarning diniy ehtiyojlarini qondirish uchun yaratilgan sharoitlarni e’tirof etishmoqda. So‘rovda qatnashganlarning 86 foizi shunday munosabat bildirdi.
Dinda ibodat, rasm-rusumlar alohida ahamiyatga ega. Shu ma’noda, ota-onalari yoki boshqa yaqin qarindoshlari Makkai mukarrama, Madinai munavvara singari muqaddas manzillarga ziyoratga borganligini qayd etgan respondentlar soni 3 foiz ortdi. Yana bir e’tiborli jihati, ishtirokchilar orasida Haj yoki Umraga borishga qiziqish yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.
Aholining ko‘pchiligi oilani insonning hayotiy pozitsiyasi, jumladan, uning diniy ongi hamda xatti-harakatiga katta ta’sir qiluvchi muhim ijtimoiy institut sifatida biladi. Respondentlarning 87,4 foizi ana shu fikrda bo‘ldi. Ularning bildirishicha, oilaviy tarbiya nojo‘ya qilmishlardan tiyib turuvchi ustuvor omil hisoblanadi. Undan keyin xulq-atvor, axloqiy mezonlar (50,6 foiz), diniy tarbiya (43,2 foiz) qayd etilgan.
Tadqiqotning ko‘rsatishicha, din oilaviy munosabatlarga, bolalar tarbiyasiga hamda avlodlar o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda.
Yurtdoshlarimizning din haqida xabardorligini oshirish manbai sifatida OAV — televideniye, radio va matbuotning ta’siri salmoqli bo‘lib qolmoqda. Respondentlarning 85,5 foizdan ortig‘i televideniyening bu boradagi ijobiy rolini qayd qildi. 55,2 foizi radiokanallarga, 64,1 foizi esa davriy bosma nashrlarga nisbatan ana shunday fikrdadir.
Umuman olganda, aholining musulmon qismi mamlakatdagi boshqa konfessiyalar (nasroniylik, yahudiylik, buddaviylik) vakillariga nisbatan bag‘rikeng munosabatda bo‘ladi. So‘rov qatnashchilarining 12,6 foizi “musulmon olamida radikal kayfiyatdagi kuchlar mavjud va bu ko‘pchilikni tashvishlantiradi hamda islom dinining mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deb biladi. So‘ralganlarning 69 foizi “diniy ekstremizm va terrorizm Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun eng jiddiy muammo hisoblanadi”, deb biladi.
Respondentlarning fikricha, buzg‘unchilik mazmunidagi internet manbalarining salbiy ta’siri, shuningdek, ishsizlik va moddiy qiyinchiliklar yoshlarning diniy-ekstremistik oqimlar ta’siri ostiga tushib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ular, o‘z navbatida, buzg‘unchi diniy unsurlarni bartaraf qilish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bayon etdi. Xususan, oilaviy tarbiya, ayniqsa, ta’lim muassasalarida yosh avlodning ma’naviy-axloqiy va vatanparvarlik tarbiyasini maqsadli ravishda olib borish (62,3 foiz), mahalla tuzilmalari ishining samaradorligini uzluksiz oshirish (33,4 foiz), yoshlarning dam olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish (40,6 foiz)ni zarur deb hisoblaydilar.
Bundan tashqari, bilim olish va yangiliklardan xabardor bo‘lishning manbai sifatida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish (24 foiz), aholining moddiy farovonligini tizimli ravishda yuksaltirish (29 foiz), “jamiyatdagi o‘tkir muammolarni ochiq ko‘tarib etish va oshkor qilish, ularni hal qilish yo‘llarini izlab topish” (6 foiz)ni taklif qiladilar.
Xulosa o‘rnida aytganda, aholining din bo‘yicha bilimlari darajasi dolzarb. Ishonchimiz komilki, bu yo‘nalishda qilinishi zarur bo‘lgan ishlar izchil davom ettiriladi.
Omonulla FAYZIYeV tayyorladi.
Manba: xs.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi