11:00 / 21.08.2018
4 501

Kekchi qo'shni

Kekchi qo'shni
Ahmad ko'sa o'lguday o'jar odam. Bir gapni ushlab oldimi, bo'ldi, turaveradi, hech gapidan qaytmaydi, uncha-munchasiga ko'nmaydi. O'ziga o'xshagan bir-ikkitasini aytmasa, hech kim u bilan gap talashmaydi. «Kel, qo'y, shu bilan baravar bo'lamanmi!» deya ko'saga atay yon beradi. Ba'zilar «Sizniki to'g'ri», deb uni battar shishiradi ham.

Ustiga-ustak, ko'sa o'ta kekchi ham. Ba'zan davralarda kimdir paytini poylab «mot» qilib qo'ysa, sirayam esidan chiqarmaydi. Ko'nglida saqlab yuraveradi, alamini olmaguncha qo'ymaydi. Qattiq ranjitganlar bilan ko'pincha gaplashmay ham qo'yadi.

Xullas, Ahmad ko'saning bo'lgan bo'ldig'i shu! Omon rais aytganiday, uning loyi shunday qorilgan. O'zgartirib bo'lmaydi.

Ko'saning qishloqda yomon ko'radigan odamlari ko'p. Lekin eng yomon ko'rgani — hamsoyasi Tursun qoraning xotini Bo'stonoy. Uni kelin bo'lib tushganidan beri yomon ko'radi. Aytishicha, kelin to'yning ertasi kuniyoq uni ko'rib, ko'rmaslikka olgan va salom bermagan ekan. Kim bilsin, balki, salom bergandir, ko'sa eshitmagandir, endi bu yog'i Xudoga ayon. Lekin ko'saning qo'shib-chatib gapirish odati ham yo'q emas.

Ko'sa bilan Tursun qoraning uyi o'rtasida devor ham yo'q. Ularning uyini har yili ustiga tok novdalari bosilaverib, tuprog'i uvalanib ketgan uvat ajratib turadi. Ikkalasining ham kattagina tokzori bor emasmi, har yili undan chiqadigan novdalar bog'lanib, shu uvat bo'ylab taxlab chiqiladi. Undan tandir-o'choqqa tutantiriq uchun ham olish mumkin emaski, bunga ikki taraf ham birday amal qiladi. Sababi, chegara buzilmasin, bir-birovining tomorqasiga mol-holi o'tib ketib, baqir-chaqir bo'lmasin!

Ba'zan uvatning tok novdalari kamroq bosilgan, pastqamroq joylaridan Tursun qoraning qo'y-echkilari o'tib ketib, ko'saning ekinlarini payhon qiladi, buning oqibatida qo'shnilar ancha vaqtgacha arazlashib yuradi. Ko'saning qo'y-echkisi yo'q, bittagina sog'in sigiri bor, xolos. Bechora sigir qo'shni tugul, egasining tomorqasigayam mo'ralamaydi. Ko'saning tili bilan aytganda, «nas» sigir. Yolchitib yemish ham yemaydi, sut ham bermaydi. Dashtga haydab qo'yib kelsa, orqasidan yetib keladi. Buzog'ini qizg'anadi. Buning bari ko'saga alam qiladi. Qaniydi uning ham boshqalarnikiga o'xshab sigiri sersut bo'lsa, hamsoyasinikidek o'n besh-yigirma chog'li qo'y-echkisi bo'lsa…

Bu yetmaganday Tursun qoraning tovuqlariyam ko'saning g'ashiga tegadi. Birinchidan, bari zo'r-zo'r tovuqlar! Lapanglab-lapanglab yurishiga qaraganda, katta-katta tuxum qo'yadi. Xo'roziga-ku, gap yo'q! Ba'zan ko'saning tovuqlarigayam kuchini ko'rsatib qo'yadi. Bu atrofda unga teng keladigani yo'q, ko'saning chipor xo'rozini ham bir cho'qishda qochirgan, shu-shu oldiga yo'lamaydi.

Ikkinchidan, ko'sa shu tovuqlarni deb tuzuk ekin-tikin qilolmayman, deb o'ylaydi. Lekin o'ziga ish yoqmasligini tan olmaydi. Tovuqlarga kelsak, ko'sa har kuniyam ularni «kish-kishlab»lab yurgani yo'q, ekinini qo'rish payidan bo'lib. Hamsoyasining tovuqlari har-har zamon, qarovsiz qolganida kirib ketadi. Bir kuni o'z-o'zidan chipor xo'rozi yo'qolib qoldiyu Bo'stonoy tovuqlarini katagidan chiqarmay qo'ydi. Xo'rozni qancha izlamasin, baribir, topisholmadi. It yoki mushuk yegan desa, pati ham chiqmadi.

Oradan o'n kunlar o'tgach, chipor xo'rozning yodi ham sal-pal esdan chiqdiyu, Bo'stonoy yana tovuqlarini tashqariga, hovliga qo'yib yuboradigan bo'ldi. U bir kuni kechki payt tovuqlarini haydab, katagiga kiritmoqchi bo'ldi. Qarasa, yana bitta tovuq yo'q. Bola-chaqasi bilan qidirishga tushdi. Tokzor oralariyam, qo'ra-qo'ton ham, qo'ni-qo'shninikiyam qolmadi. Tovuq hech qaerdan chiqmadi. Chipor xo'roznikidek pati ham topilmadi…

Avvaliga buni hech kim Bo'ynoqdan ko'rmadi. Chunki Bo'ynoqning tovuq ushlab yeyish odati yo'q edi. Har doim tovuqlar oldidan bemalol o'tib-qaytib yurar, Bo'ynoq qayrilib ham qaramasdi. Hammasi ko'saning bog'iga suv olish navbati kelganida boshlandi. Boqqa qiyalab oqib kirgan ariqning suv yuvib, kichikroq kamar hosil bo'lgan joyidan o'sha yo'qolgan tovuqning qop-qora patlari oqib chiqdiyu, buni ko'sanikida o'ynab yurgan Tursun qoraning qizi ko'rib qoldi. Qiz qurmagur darrov borib, ko'rganlarini onasiga aytdi. Bo'stonoy ham shu zahoti lapanglab yetib keldi. Qarasa, xuddi shu, o'zi tuxumdan ochirib, jo'jaligidan katta qilgan qora tovug'ining patlari. Jon-poni chiqib ketdi. Og'ziga kelganini aytib, shang'illay boshladi.

Qo'lidagi ketmon bilan tok jo'yaklariga suv tarayotgan ko'saning xotini Rohila nima qilishini, nima deyishini bilolmay, joyida dong qotib qoldi.

«Sizgayam, xo'jayiningizgayam necha marta aytdim, shu o'lgurni bog'lab qo'yinglar, bir kunmas bir kun bir narsani boshlaydi, deb. Yo'q, gapimni bir tiyingayam olmadinglar. Mana, tovuqlarimni yeb boshlabdi, xo'rozniyam shu go'rso'xta yegan. Endi bir harom kuchukni deb tovuq boqolmas ekanmizda-a!? Ha, men buni shunday qoldirmayman, hali ko'rasiz, buningiz it bo'lganiga pushaymon bo'ladi. Tovuqlarimni yegan tishlari bitta qolmay to'kilib ketadi…».

Rohila «Balki, tovuqlaringizni Bo'ynoq yemagandir», demoqchi bo'ldiyu, demadi. Chunki Bo'stonoy uning gaplarini eshitadigan ahvolda emasdi. Ayolning yarim soatlar chamasi iyagi tinmadi. Oxiri itni qarg'ay-qarg'ay iziga qaytarkan, yonida borayotgan qiziga ham o'shqira ketdi.

Baqir-chaqir tingach, Rohila ham es-hushini yig'ib, uyiga keldi va dahlizda muzday suv simirayotgan eriga: «Bugunoq Bo'ynoqning bo'yniga zanjir soling», dedi.

Panaroqda hamma gapni eshitib bo'lgan ko'sa:

— Zanjir-panjir solinmaydi, — dedi qo'lidagi kosani tokchaga qo'yarkan. — Bo'ynoq birovning tovug'ini yoydigan itmas! Men uni yaxshi bilaman, uning bunday qilig'i yo'q!

— Menam shunday deb o'yladim, — dedi Rohila odatdagiday erining gapini ma'qullab. — Lekin Bo'stonoy quloq-miyamni qoqib qo'limga berdi…

— Tiling yo'qmi sening, ahmoq? Nega indamaysan, nega hamma gapini jim eshitib turaverasan? O'v, gapingni sal o'ylab gapir, aniq ko'rdingmi yoki ushlab oldingmi itimning tovug'ingni yeyayotganini» demaysanmi? Bu atrofda biznikidan boshqa it yo'qmi, nima, ariqda tovug'ining pati oqib kelsa, Bo'ynoq aybdor bo'lishi kerakmi? Men ishonmayman, Bo'ynoq unday qilmaydi, u faqat oldiga qo'yilganinigina yeb o'rgangan.

… Bo'ynoq hovli adog'idagi eski molxona ichidan g'ingshib-g'ingshib chiqdi-da, tandir ayvon orqasiga o'tib ketdi. Ko'sa sekin itning ortidan yurdi. It tezda holdan toydi. Tandirayvon orqasidagi loyhandaqqa yetganda yotib oldi. Ko'sa qo'rqa-qo'rqa itiga yaqinlashdi va soviy boshlagan oyoqlarini ushlab, darrov hammasini tushundi. It jon berayotgandi. Ko'sa azoblanayotgan itiga ich-ichidan achinib, uning ko'zlariga qaradi. G'ira-shira qorong'ilikda itning chala yumiq ko'zlaridan yosh sizib chiqar, u egasidan so'nggi bor najot kutayotgandek yotardi.

Ko'sa Bo'ynoqni uyidan quyiroqdagi jarga ko'mib qaytarkan, «Uh», dedi g'azabdan ko'zlari kosasidan chiqquday bo'lib. «Erkak bo'lganingda-ku, o'zim bilardim. Ayolsan-da, ayolsan!!!»

Ko'sa bir-ikki kun nima qilarini, o'zini qaerga qo'yarini bilmay yurdi. Turganda ham, o'tirganda ham Bo'stonoyning go'riga g'isht qaladi, Bo'ynoqqa dori bergan qo'llaring uzilib tushsin, deya qarg'adi. Bo'stonoyning chizgan chizig'idan chiqmaydigan Tursun qoraning ham sha'niga aytilmagan so'z qolmadi.

Kunlar o'taverdi. Asta-sekin Bo'ynoq bilan bog'liq yurakdagi dog'lar ham ketdi. Lekin ko'saning ko'nglidagi yara bitmadi. O'ylab-o'ylab, oxiri bir qarorga keldi. Shunday qilsa, ichidagi o't o'chadigandek, alam bosiladigandek edi.

U bir kuni saharlab turib, toqqa, Cho'nqaymishga yo'l oldi. Tushga yaqin qadrdoni Hamdamnikiga yetib keldi. Ko'sa Hamdamga Bo'ynoqning o'lganini aytmadi. To'g'rirog'i, aytishga uyaldi. Unga bitta urg'ochi kuchuk kerakligini, cho'ponlardan topib berishini iltimos qildi. Buni eshitib, Hamdam ichida kulib qo'ydi. Ko'saning niyatini o'zicha tusmol qildi: «Qishlog'ida bo'ynoqchalarni ko'paytirmoqchi?..».

Hamdam ko'sani bir necha cho'pon oshnalarinikiga olib bordi. Cho'ponlar ularga shu yil bahorgi kuchukvachchalardan ko'rsatishdi. Ko'sa xuddi Bo'ynoqdek, bo'yni oq bir kuchukvachchani tanladi, cho'ponlar unga oshirib-toshirib ta'rif berishdi. Zotini xo'b maqtashdi.

Shundan so'ng ko'sa Hamdam bilan ham xayr-xo'sh qilib, ortiga qaytdi.

U kuchukvachchani goh eshagining xurjuniga solar, goh xurjundan chiqarib, oldiga olar ekan, yosh boladay quvonib, bir gapni takrorlardi: «Endi Bo'stonoyning sho'ri quriydi, endi unga ko'rsataman!».

Ko'sa ayni poda qaytar mahali uyiga yetib keldi. Rohila erining qo'lidagi kuchukvachchani ko'rib, avvaliga hayron bo'ldi. Ko'sa toqqa, cho'ponlar qishlog'iga borib-kelganini aytgach, tushundi.

Kuchukvachchani ko'rib, hammadan ham ko'ra ko'saning kenja qizi Nursuluv xursand bo'ldi. Uning boshidan silab, erkalar ekan, otasidan so'radi:

— Kuchukcha Bo'ynoqqa o'xsharkan, unga ham «Bo'ynoq», deb ot qo'yamizmi?

— Yo'q, qizim, — dedi ko'sa xo'rsinib. — Bu kuchukcha qiz bola, unga mos ot qo'yishimiz kerak. Uning oti Mastonoy bo'ladi, qizim. Uni Mastonoy, deb chaqiramiz!

— Mastonoy! Bo'stonoy xolaning otiga o'xshab ketarkan-a?..

— O'xshasa o'xshar, lekin bu ot kuchukka juda yarashadi.

Bo'stonoy hamsoyasining kuchuk asragani, unga Mastonoy deb ot qo'ygani, hammasini ertasi kuniyoq qizidan eshitdi. Eshitib, hangu mang bo'lib qoldi. Ayni tol tushdagi manzara esa uni battar esankiratdi.

Bo'stonoy tutga osilgan xaltadan suzma olib, chalop qilayotgan edi. Birdan ko'zi tokzor bilan anjir orasida ketayotgan, yozda tokzorlarda, qishda qo'rayu qo'tonlarning tomlarida yashab yuradigan yovvoyi sarg'ish mushukka tushdi. Mushukning og'zida oq tovuq bor edi. U pastga, ko'saning tomorqasi boshlanishidagi o'sha kamarga qarab ketyapti. Bo'stonoy hay-haylagancha shu tomonga qarab tez-tez qadam tashladi. Mushuk sakrab-sakrab, bir zumda ko'zdan g'oyib bo'ldi. Tok novdalari bosilgan uvatdan o'tayotganida og'zidagi tovuq tushib qolgandi. Bo'stonoy urinib-surinib kelib ko'rsa, qizg'ish tusga kirgan oq tovuqning allaqachon joni uzilgandi.

Bo'stonoyning yuragida og'riq turdi, ichidan bir narsa uzilgandek bo'ldi…
Raimqul SUYaROV

Manba:Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kekchi qo'shni