19:07 / 04.01.2019
7 222

Samarqandda fermerning ukalari xo‘jalikda ishlagan ayolni kaltaklab, buni videoga oldi

Samarqandda fermerning ukalari xo‘jalikda ishlagan ayolni kaltaklab, buni videoga oldi
Foto: «Gazeta.uz»
Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani, «Yangiobod» mahallasida yashovchi F.U. ism-sharifli ayol «Qumota buva» fermer xo‘jaligi raisi Z.U.ning ukalari dalada uni haqoratlagani va kaltaklagani yuzasidan 2018 yil 24 dekabr kuni tuman prokuraturasiga murojaat qildi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar bermoqda.

Nashrning huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga ko‘ra, ayol fermer xo‘jaligida shartnoma asosida ishlagan va kungaboqar hamda mosh ekishga yordamlashgan. Fermer ayol prokurorga murojaat qilganidan so‘ng ish haqining yarmini to‘lagan, qolgan hismini mosh hosili hisobidan qoplashga va’da bergan.

Jabrlanuvchining aytishicha, 26 oktyabr kuni soat 4:00 da eri bilan hosilning bir qismini olayotganida fermerning ukalarini uchratgan. Ular ayolni haqoratlagan va qo‘llarini bog‘lab, tan jarohatlari yetkazgan. Jarayon videoga olingan, keyinchalik diskka yozilib, sharmanda qilish bilan po‘pisa qilingan holda ayolga berilgan. F.U. prokuraturaga murojaatiga mazkur diskni ham ilova qilgan. Unda ayol haqoratlanib, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani aks etgan.

Oldinroq ayol Oqdaryo tuman IIBga murojaat qilgan, biroq videoyozuv taqdim etmagandi.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Oqdaryo tuman sudi B.U. va I.U.ni haqoratlash va yengil tan jarohati yetkazishda aybdor deb topib, har birini eng kam ish haqining 2 barobari miqdorida jarimaga tortgan. Shuningdek, fermerning ukalari o‘g‘irlikda ayblagani uchun er-xotinga ham EKIHning bir barobari miqdorida jarima qo‘llagan.

Tuman prokuraturasi sudning qarorini asossiz deb topdi. Uni bekor qilish va ishni qo‘shimcha tergovga yuborish uchun ma’muriy ishlar bo‘yicha Samarqand viloyat sudi kassatsiya hay’atiga protest keltirilgan.

25 dekabr kuni Oqdaryo tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati prokuraturasi va Bosh prokuratura mazkur ishni o‘z nazoratiga oldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda fermerning ukalari xo‘jalikda ishlagan ayolni kaltaklab, buni videoga oldi