
Yaqin qarindoshim o‘g‘il uylantiradigan bo‘ldi. Oldin sovchilikka bordik. Bir to‘y bo‘ldi. «Non sindirar» qilishdi. Bir to‘y bo‘ldi. Fotiha bo‘ldi. Bir to‘y bo‘ldi. Hammasi restoranda. Hammasida taniqli xonandalar xizmatda bo‘ldi. «Insof bilan, qarindosh, juda to‘y ko‘payib ketmayaptimi?» desam «E, ishingiz bo‘lmasin, qudalarim chet eldan dollarni supurib olib kelishyapti, davlati kamayib qolmaydi», – dedi.
To‘ydan oldin qarindoshnikiga borsam, hovli adog‘idagi bir uy, bir dahlizga ko‘chib o‘tishibdi. To‘rt xonali katta uyni ship-shiydam qilib qo‘yishibdi, na gilam bor, na parda. «Ha, uylaringga o‘g‘ri tushdimi?» so‘radim ajablanib. «Kelinga bo‘shatib berdik, bir to‘ldirib, jihozlasin», – dedi qarindoshim.
Haqiqatdan ham, kelin tomondan kelgan odamlar bir hafta mehnat qilib, to‘rtta uyni ham mebel, gilamlar bilan to‘ldirishdi, pardalar ilishdi. Ularning boshida turib, qo‘lini beliga tirab olgan qarindoshimning ayoli hali uni, hali buni buyurishdan charchamas edi. Uning topshirig‘i bilan eng so‘nggi rusumdagi televizor, kir yuvish mashinasi, changyutkich, dazmol, elektr go‘sht qiymalagich, elektr duxovka, mikroto‘lqinli pech, sok siqadigan mashina, oshxona kombayni degan narsalarni keltirishdi. Bir yuk mashina idish-tovoq kelgan kuni borib qolib, og‘zim ochilib qoldi. «Kosa-tovoq, choynak-piyolalar to‘plamidan tashqari, ularning ichida choy qoshig‘u, sabzi to‘g‘raydigan taxtagacha bor edi. Yangi gaz plitasi oldirishganini ko‘rib, odamning nafsi hech qachon to‘ymasligiga amin bo‘ldim.
Xullas, to‘y ham bo‘ldi. To‘ydan keyin qarindoshim yana o‘z uyiga qaytdi. Kelin olib kelgan divanlarda malikalardek yastanib, kelindorlik qilishni boshladi. «Kelin, manti yegim kelyapti. Kelin, palov yeyman. Kelin, charchab keldim, oyoq-qo‘llarimni bir uqalab qo‘ying!...»
Kelin bolali bo‘lganda qudalar kuyovlarining ishyoqmasligi va ta’magirligini bilib qolishdi. Bolaga beriladigan go‘daklar ovqatini ham «Otangga ayt, otang olib bersin», deyishi ularning sabr kosasini to‘ldirdi.
Muxbir sifatida kaminani ham muzokaraga chaqirishdi. Men qarindoshimning o‘g‘liga nasihat qilmoqchi bo‘lib, «Jiyan, sevib uylangan edingiz, endi hurmatini qilsangiz, hech bo‘lmasa, o‘zingizning go‘dagingiz yeydigan ovqatni olib kelib bersangiz bo‘lmaydimi?» desam, ko‘zimga baqrayib turib, «Qanaqa sevgi? Men bularning boyligi uchun qizlariga uylanganman. Qizlari to‘ydan keyin bizni ham Amerikaga yuborishadi, degani uchun uylanganman. O‘zim bolaga bo‘tqa olib keladigan bo‘lsam, «prostoyroq» odamning qizini ham olib qo‘yaverar edim».
«Sulton kuyov»ning ana shu gapi qaynotasining sabr kosasini toshirib yubormadi, sindirdi. To‘rtta yuk mashinasi va mardikorlarni olib kelib, qarindoshimning uyini to‘ydan oldin men ko‘rgandek qilib, «yalang‘ochlab» ketdi. Endi rostdan ham qarindoshimning uyi o‘g‘ri urgandek bo‘lib qoldi...
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar