00:04 / 02.03.2019
4 656

Oʻzbekistonning yangi media imiji qanday?

Oʻzbekistonning yangi media imiji qanday?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonida nazarda tutilgan mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash, jahon media makonini respublikamiz haqidagi xolis maʼlumotlar bilan taʼminlashga eʼtibor qaratilganligi soha ekspertlari, tegishli tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari oldiga muhim vazifalarni qoʻyadi. Bu borada yechimini kutayotgan masalalarni hal etishda xorijiy mamlakatlarning eng ilgʻor tajribalaridan foydalanish, mavjud ichki imkoniyatlarni birlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakat imijini yuksaltirish zamonaviy PR (ing. public relations – jamoatchilik bilan aloqalarning eng yangi va istiqbolli yoʻnalishlaridan hisoblanadi.
U respublikaning siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy jihatdan yanada taraqqiy etishiga bevosita taʼsir oʻtkazadi. Shu sababdan ham mazkur yoʻnalishda ilmiy izlanishlar olib borish, imijga tegishli instrumentlarni har tomonlama tahlilga tortish oʻziga xos ahamiyatga egadir.

Soʻz yuritilayotgan masala koʻp tarmoqli boʻlib, u jumladan sotsiologiya, iqtisodiyot, siyosatshunoslik, falsafa, tilshunoslik, xususan kognitiv tilshunoslik kabi fan sohalarining kesishmasida vujudga keladi va u turli aspektlarda oʻrganilishi mumkin.

Oʻz oʻrnida mamlakat imiji, obraz, hudud haqida kishilar ongida shakllanadigan tasavvur bilan bogʻliq boʻlganligi sababli tadqiqotimizda kognitivlikning oʻrniga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunki bu hodisa ommaviy kommunikatsiya vositalarining asosiy quroli boʻlgan til imkoniyatlari va undan foydalanish orqali yaqqol namoyon boʻladi.

Olimlarning eʼtiroficha, kognitiv tilshunoslik bu jihatdan psixolingvistika, antropolingvistika, etnolingvistika, sotsiolingvistika kabi turli kichik tarmoqlarga boʻlinadi.
Biz ushbu tadqiqot doirasida mamlakat imijini shakllantirish va rivojlantirishda jurnalistikaning oʻrni, OAV tilining omma (auditoriya) ongiga kognitiv jihatdan taʼsirini oʻrganamiz.

Matbuotning klassik vazifalari qatorida odatda quyidagilar qayd etiladi:
a) axborotni toʻplash;
b) uni qayta ishlash;
c) tarqatish.
Biroq shular qatorida OAVning yanada dolzarbroq gʻoyaviy funksiyalari ham borki, ular asosan jalb etish, yoʻnaltirish, taʼlim berish, tarbiyalashdan iborat boʻladi.

Imijning zamonaviy konsepsiyalarida uning axborot-kommunikatsion tabiati alohida qayd etiladi. Imij kommunikatsiya jarayonlari vositasida biron bir obyekt haqidagi axborot asosida shakllanadi.
Oʻzbekistonning yangi media imijini shakllantirishda medianing aynan jalb etish funksiyasidan samarali foydalanish mumkin.

OAV mafkura tarqatish vositasimi?
Tadqiqotchi D.Muitov hozirgi jurnalizmning zamonaviy imkoniyatlariga yanada kengroq taʼrif beradi: “bugun ommaviy axborot vositalaridan u yoki bu mamlakatda olib borilayotgan siyosatga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qilish imkoniyatidan foydalanish yoʻliga oʻtilgan.”

“Albatta shunday paytda u siyosatning muhim bir elementi sifatida namoyon boʻladi. Ikkinchi tomondan OAV turli davlatlar haqida hududiy tasavvurlarni rivojlantirishi, kayfiyatlarni oʻzgartirib turishi, aholining keng qatlamida tarqala olish imkoniyatiga ega”, - deydi D.Muitov.

Oʻzbek olimi eʼtirof etganidek, haqiqatan ham OAV orqali ulashilgan maʼlumot auditoriyaning biron bir xorijiy mamlakat yoki uning tarkibiga kiruvchi aniq bir viloyat yoki hudud toʻgʻrisidagi tasavvurini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Rossiyalik tadqiqotchilar A.Demidov va A.Fedoseyev jurnalistlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamiga quyidagicha baho beradilar: “OAVning bu imkoniyati ijtimoiy fikrni shakllantirishda juda qoʻl keladi. Shu jihatdan olib qaraganda, u geosiyosiy oʻyinchilarning oʻyinchogʻiga aylanishi hech gap emas. Bu jarayonda transmilliy korporatsiyalar, diniy tashkilotlar kabi boshqa turli faktorlarning teng ishtirok etishga intilishi sezilmoqda.”

Koʻrinadiki, ommaviy kommunikatsiyalar oʻzining birlamchi vazifalaridan chekinish holatlari amaliyotda koʻp kuzatiladi. Yaʼni ular faqat xolis axborot yetkazish bilan cheklanmayaptilar.

Biroq, mamlakat media imijini yuksaltirishda OAV geosiyosiy manfaatlarni birinchi oʻringa qoʻyishi nazariy jihatdan ham, professional etika nuqtai nazardan ham toʻgʻri boʻlmaydi. Chunki jurnalistikaning asosiy vazifasi turli siyosiy oʻyinlarda ishtirok etish emas, balki mahalliy yoki xorijiy oʻquvchini qiziqtira oladigan obyektiv axborotni tarqatishdan iboratdir.

Retsipiyentlar ongidagi jarayon
Odatda OAV tomonidan taqdim etiladigan har qanday axborot auditoriya tomonidan bevosita oʻzlashtiriladi, uning ongiga joylashadi, dinamik tarzda oʻzgarib turadigan aniq voqealar va faktlardan tashkil topuvchi mavjud holat haqidagi yaxlit tasavvurni uygʻotadi.

Axborot texnologiyalarining misli koʻrilmagan taraqqiyoti, xususan, global internet tarmogʻi shu paytgacha kishilar ongida shakllanib kelgan anʼanaviy ommaviy axborot vositalari koʻlamini mutlaqo kengaytirib yubordi.

Har qanday media kontent tarkibidagi axborot – soʻz va iboralar, grafikalar, ovoz yoki videotasvirlar vositasida retsipiyent ongiga kirib, oʻrnashib oladi. Natijada oʻquvchi xotirasida maʼlum bir voqeaning aksi, predmetning obrazi yoki alohida hududning imiji hosil boʻladi.

Eʼtiborli jihati shundaki, til imkoniyatlari imij bilan bogʻliq kommunikatsiya jarayonlari, yaʼni PR, reklama va jurnalistika amaliyotida beqiyos oʻringa ega. Shu oʻrinda rus olimi V.Taranov qayd etganidek, odamlar tasavvuridagi har qanday hudud imiji asosan OAV tarqatgan xabarlar asosida shakllanadi

Xorijiy va milliy ommaviy kommunikatsiya vositalarida Oʻzbekistonning yangi qiyofasi, uning obrazi, imijini shakllantirishga qaratilgan xilma-xil maqola, sharh, suhbat va hokazo matbuot materiallarini atroflicha oʻrganish, tadqiq va tahlil qilish ham ijtimoiy-siyosiy, ham maʼnaviy-maʼrifiy, ham milliy-psixologik jihatlardan alohida ahamiyatga egadir. Biroq, shuni ham eʼtiborga olish zarurki, odamlar salbiy axborotni qiziqish bilan va tezroq qabul qiladilar, ijobiy axborotga esa nisbatan eʼtiborsiz munosabatda boʻladilar. Psixologlar bu haqda juda koʻp tadqiqotlar olib borganlar.

Stereotip va freymlar
Rossiyalik olimlar T.Glushkova hamda O.Zayseva bildirgan fikrga koʻra, obyektning media obrazini yaratishda stereotip va freym kabi kognitiv strukturalardan foydalanish maqsadga muvofiq boʻladi.

Stereotip definitsiyasiga taʼrif beradigan boʻlsak, u biron bir narsa, predmet yoki bizning holatimizda mamlakat, yaʼni Oʻzbekiston obrazi bilan bogʻliq barqaror, oʻzgarmaydigan, soddalashtirilgan, sxematik tushunchani oʻz ichiga oladi.
Stereotiplar amaliyotda salbiy yoki ijobiy boʻladi. Albatta imijni yuksaltirishda ijobiy stereotiplardan samarali foydalanish mumkin boʻladi.

Freym esa – aniq bir maʼno yuzasidan oʻzaro birlashib ketadigan semantik munosabatlardan tashkil topadi. U nazariy jihatdan modellashtirilayotgan obyekt haqidagi tasavvurlar va bilimlarni tartibga solishda qoʻl keladi.

Biz ushbu tadqiqot jarayonida OAV tomonidan shakllanayotgan tasavvurlarni mavzularga qarab tasniflashga harakat qilamiz. Shu jarayonda ularning maʼno-mazmun jihatidan bir-biriga oʻzaro yaqin boʻlgan freymlarni hosil qilishi kuzatiladi.
Tadqiqot materiali sifatida AQSH, Britaniya va Rossiya ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan maqolalardan foydalaniladi.

Oʻzbekistonning turizm salohiyati bilan bogʻliq maʼlumotlar New York Times gazetasida quyidagi shaklda oʻz aksini topadi: “Agar siz Ipak yoʻli boʻylab sayohat qilishni orzu qilgan boʻlsangiz, uni amalga oshirish uchun qulay vaqt keldi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin oradan 25 yildan ortiq vaqt oʻtib, sobiq sovet respublikasi boʻlgan Oʻzbekiston nihoyat oʻzining qayta qurish davrini boshdan kechirmoqda. Aynan shu yerda tarixiy yoʻlning ajoyib maskanlari joylashgan”.

Bunda amerikalik jurnalist Oʻzbekistonning qadimiy Buyuk Ipak yoʻli bilan bogʻliqligi stereotipidan foydalangan.
BBC ushbu mavzuda uzatilgan materialda quyidagicha yozadi: “Oʻzbekiston butun dunyo ziyoratchilarining manzili, yaʼni ikkinchi Makkaga aylanishga intilmoqda. Markaziy Osiyoning eng koʻp aholiga ega boʻlgan ushbu mamlakatida, Samarqand va Buxoro kabi mashhur Ipak yoʻli shaharlarida yaxshi saqlangan masjid va ibodatxonalar bor.”

Koʻrinib turibdiki, britaniyalik muxbir Oʻzbekistondagi qadimiy shaharlarni musulmon olamidagi eng mashhur shahar hisoblangan Makkai madina bilan taqqoslaydi. Shaharlarni esa ziyoratchilar talpinadigan maskan sifatida freymlaydi.

TASS axborot agentligi xabarida Peterburg shahrida Oʻzbekistonning madaniy yodgorliklarini asrash boʻyicha butunjahon kongressi tuzilganligi qayd etiladi. Rossiyalik jurnalist oʻzbek madaniyati merosining butun dunyo boʻylab yoyilib ketganligiga eʼtiborni qaratadi.
Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlar haqida ham bir-biriga mazmunan yaqin boʻlgan maqolalarni kuzatish mumkin.

Vashingtondagi Brukings instituti tomonidan eʼlon qilingan “Oʻzbekiston qanday qilib ochiq iqtisodiyotga aylanmoqda” sarlavhali maqolada shunday yoziladi: “Oʻzbekiston ikki yildirki bozor iqtisodiyotiga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli islohotlar dasturini amalga oshirmoqda. Hukumat mamlakat iqtisodiyotiga uchta asosiy oʻzgartirish kiritmoqda: buyruq va boshqaruvga asoslangan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga oʻtish; davlat sektori ustuvor boʻlgan iqtisodiyotdan xususiy sektorni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan iqtisodiyotga oʻtish; va yopiqlik va yakkalikdan hamkorlikka moyillik va ochiqlikka chiqish. Ushbu islohotlar tobora oʻsib borayotgan tashqi nomutanosibliklar va ishsiz yoshlar soni hamda bu muammolarni xususiy sektor rivojlanishi evaziga yaratiladigan ish oʻrinlarisiz hal qilib boʻlmaydigan boʻlgan bir davrda amalga oshirilmoqda.”

Reuters agentligining Jahon banki maʼlumotiga tayangan holda tarqatgan xabarida Oʻzbekiston biznes yuritishni yengillashtirish borasida 2017 yilda dunyo boʻyicha birinchi 10 talikka kirgan.

Xabarda, xususan, korxonalarni roʻyxatdan oʻtkazish, qurilishga ruxsat olish, investitsiyalarni himoyalash, elektr taʼminotiga ulanish kabi jarayonlarning soddalashtirilganligi eʼtirof etiladi.
Britaniyalik jurnalist bu bilan Oʻzbekistonning biznes sohasida erkinlashayotgan mamlakat sifatidagi mediaobrazini yaratishga harakat qiladi.

RIA Novosti axborot agentligi xabarida taʼkidlanishicha, endilikda chet el fuqarolari Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalar evaziga barpo etiladigan korxonaning asoschisi maqomini olishlari mumkin Shuningdek, bunday investorlarga uch yilga moʻljallangan koʻp marotabalik viza yengillashtirilgan tarzda beriladi.
Bu bilan rossiyalik jurnalist Oʻzbekistonda yangi iqtisodiy islohotlar joriy etila boshlaganligini qayd etadi. Yuqoridagi kabi misollarni juda koʻplab keltirish mumkin.

Imij va unga qarshi axborot toʻfonlari
Shunisi aniqki, bir davlatning boshqa davlat tomonidan yaratilgan imiji jahon hamjamiyati va ushbu davlat fuqarolarining munosabatiga katta taʼsir koʻrsatadi. Ayniqsa, qudratli axborot texnologiyalariga ega tashqi kuchlar tomonidan tashkil etiladigan axboriy huruj katta xavf tugʻdiradi. Shu bois ham davlatning ijobiy imijini yaratishda muayyan konstrukt, qonun-qoidalar boʻlishi lozim.

Azal-azaldan dunyo sahnida bir-birlariga turli koʻrinishda – goh oshkora, goh pinhona qarama-qarshi kayfiyatida boʻlib kelgan davlatlar Internet va axborot moʻjizasidan mutlaqo yangi jang maydonlarini bunyod etmoqdalar. Achinarlisi, ezgulik uchun xizmat qiladigan jurnalistikani, ommaviy axborot vositalarini oʻsha jang maydonlarining jangchilariga aylantirmoqdalar. Koʻplab davlatlar axborot urushiga hozirlikni boshlab yuborishgan. Shu maqsadda behisob mablagʻlar safarbar etilmoqda. Axborot urushi uchun anʼanaviy chegaralarni buzib oʻtish shart emas, qolaversa, bu urushda odamlarga qirgʻin keltirilmaydi, balki telekommunikatsiya, OAV tizimlari “hamkorligi”da keng ommaning dunyoqarashlariga zugʻum oʻtkaziladi.

Mediatexnologiyalar yordamida turli millat va mamlakatlar vakillarining axborotni qabul qilish psixologiyasiga alohida ahamiyat beriladi. Natijada OAV kanallarida uzatiladigan jurnalistik materiallar orqali kishilar ongiga bevosita kirib boriladi. Albatta bu oʻz-oʻzidan amalga oshadigan jarayon emas. Unda qarama-qarshiliklar va kurashlar sodir boʻladi.

Biroq zoʻraki targʻibotni bozor koʻtarmaydiZamonaviy sivilizatsiyaning oʻziga xos muhim xususiyatlaridan biri, bu uning mavqei, salohiyati, taqdiri koʻp jihatdan axborotga bogʻliq boʻlib qolganligida koʻrinmoqda. Oddiy insonlardan tortib mashhur shaxslarning, davlat rahbarlarining, shuningdek, xalqlarning, davlatlarning hayoti, yashash tarzi, istiqboli axborot maydonlarida hal etilmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Koʻrinadiki, vujudga kelgan yosh mustaqil davlatlarning oyoqqa turishi, mintaqada va jahon hamjamiyatida mustahkam oʻringa ega boʻlishi, har jihatdan axborotga, yana bir karra milliy va jahon axborot makonida kechadigan jarayonlarga bogʻliq boʻlib qolmoqda.

Maʼlumki, har qanday milliy jurnalistika, yaʼni milliy matbuot, birinchi navbatda, mamlakat aholisining axborotga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Biroq har qanday ochiqdan-ochiq targʻibot maqsadida tarqatiladigan axborotni demokratik prinsiplarga asoslangan jamiyatlar va umuman olganda bironta media makon shundayligicha qabul qila olmaydi. Filologiya fanlari doktori X.Doʻstmuhammadning fikriga koʻra, “Hozirgi bozor munosabatlari sharoitida axborot tovar, yaʼni buyum tusini olmoqda. Buyum bozorda xaridorini topgan taqdirdagina u bozordagi raqobatga bardosh bera oladi, aks holda kasodga uchrashi, sinishi, yaʼni bankrot boʻlishi muqarrar. Telekoʻrsatuv yoki radioeshittirish boʻladimi, gazeta yoki jurnal boʻladimi – bularning oldida eng katta muammo bitta: aytilayotgan soʻzga xaridor bor-yoʻqligi” Shuningdek, oʻzbek olimining taʼkidlashicha, “Zoʻraki targʻibotlar, hatto majburiy obuna qilish usullari ham endilikda ish bermaydi”.

Shu maʼnoda Oʻzbekistonning ijobiy imijini yuksaltirishga qaratilgan targʻibot jarayonini ham bozor qonuniyatlariga eʼtiborsizlik bilan amalga oshirish mumkin emas. Qachonki biz ishonchli, obyektiv va balanslangan va eng muhimi xorijiy oʻquvchining talabiga mos axborot tayyorlashni va ularni oʻz vaqtida uzatishni oʻrgansakkina, bizning “mahsulotlarimiz” dunyo media bozorida raqobatbardoshlikka erishadi.

Xulosa va takliflar
Zamonaviy media muhitdagi mamlakat imijining kognitivlik xususiyatlari haqida soʻz ketar ekan, jamiyat aʼzolaridagi ijtimoiy-psixologik kayfiyat va unga taʼsirning ahamiyatini chetlab oʻtish mumkin emas. Shu sababdan:

- ijobiy psixologik fon yordamida chet elliklarning Oʻzbekistonga boʻlgan ishonchini yanada oshirish rejalarini ishlab chiqish tavsiya etiladi. Bunda oʻzbek jamiyatida qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar haqidagi eng muhim va batafsil maʼlumotlar beruvchi materiallarni tanlab olish va ularni OAV orqali muntazam ravishda uzatish tizimi yoʻlga qoʻyilmogʻi kerak;

- zamonaviy jurnalistikaning hosilasi boʻlgan mediaobraz nazariy jihatdan imijmeykingning mediaimij kabi tushunchasiga aynan mos tarzda yuzaga keladi. Bunda lingvokognitiv modellashtirish metodikasidan foydalanish kutilgan samarani berishi mumkin;

- nafaqat mamlakat, balki hududlar, viloyatlar va tumanlar kesimida ham imijni modellashtirish jarayonini yangi aspektlarda tadqiq qilish tavsiya etiladi.
Beruniy Alimov, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekistonning yangi media imiji qanday?