20:53 / 23.04.2024
1 415

Crocus teraktida ayblanayotgan tojikistonlik Dalerjon Mirzoyevning ota-onasi o‘g‘li haqida gapirdi

Crocus teraktida ayblanayotgan tojikistonlik Dalerjon Mirzoyevning ota-onasi o‘g‘li haqida gapirdi
Moskva viloyati Crocus City Hall'dagi teraktda gumonlanayotgan Tojikiston fuqarolaridan biri Dalerjon Mirzoyevning ota-onasi jurnalistlar bilan suhbatda o‘g‘li aybsiz ekanini aytdi. Rudakiy tumanida yashovchi 32 yoshli Dalerjon teraktda ayblanayotgan to‘rt nafar asosiy shaxsdan biri hisoblanadi.

Foto: Dalerjon Mirzoyev / “RIA Novosti”
Qolgan ayblanuvchilar Saidakrami Rachabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsobir Fayzovdir. So‘nggi ayblanuvchi endigina 20 yoshni qarshilaydi, Muhammadsobirning yaqinlari u ziyoli oilada ulg‘aygani, bunday ishga qo‘li bormasligini aytmoqda.

AsiaPlus jurnalistlari Rudakiy tumani Loxur jamoati Galaxona qishlog‘ida joylashgan Mirzoyevlar xonadoniga borib, yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Foto: AsiaPlus
Jurnalistlar tashrifidan (12 aprel) bir kun oldin rasmiylar Dalerjonning onasi 58 yoshli Gulrakat Mirzoyevani qayta so‘roqqa tutgan. Birinchi so‘roq o‘g‘li hibsga olinganidan keyin darhol o‘tkazilgan. Ikkinchi so‘roq Rossiya Federal xavfsizlik xizmati teraktda gumonlanayotganlarni so‘roq qilayotgani aks etgan videoni e’lon qilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Unda ayblanuvchilar koordinatorlari Sayfullo ismli shaxs bo‘lgani, bu ish uchun ularga 1 million rubl va’da qilinganini aytgan.

Gulrakat Mirzoyeva jurnalistlar bilan suhbatni aynan shu videodan boshlagan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li rus tilini bilmaydi, lekin videoda u tayyor matnni o‘qib bergan.

Ko‘p pul ishlab topmagan, Tojikistonga qaytishni rejalashtirgan

Dalerjon 10 yoshga to‘lganida, 2001 yil oilasi Hisordan Galaxona qishlog‘iga ko‘chib o‘tgan. Ularning oilasida besh farzand – 4 o‘g‘il va bir qiz bor. Dalerjon uchinchi farzand.

Qarindoshlarining aytishicha, u maktabni tugatgach, har yili Rossiyaga ketgan va 7-8 oy ishlagan, keyin qaytib kelib, yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullangan.

2023 yilning 17 oktyabr kuni Dalerjon Novosibirsk shahriga ishlash uchun ketgan (onasi Dalerjon nima uchun oxir-oqibat Moskvaga ketganini tushunmaydi), u yerda haydovchi bo‘lib ishlagan, biroq ko‘p pul jo‘natmagan.

Oxirgi olti oy ichida 2-3 ming somoniy (2 milliondan salkam 3,5 mln so‘mgacha) yubordi. Agar yaxshi ishi bo‘lsa, pul jo‘natardi. Qishloqda yaxshiroq edi, ko‘proq pul topardi”, — deydi yaqinlari.

17 mart kuni Dalerjon onasiga qo‘ng‘iroq qilib, 20 martdan boshlab hujjatlarining muddati tugashi, shu sababdan 25-sanagacha Tojikistonga qaytishini aytgan.

U tojikistonliklar chiqarib yuborilishi, agar u ham deportatsiya qilinsa, Rossiyaga qayta olmasligini aytdi. Agar vaziyat og‘ir bo‘lsa, qaytib kelib, shu yerda mashinangda (Tojikistonda) ishlaysan, dedim. U qaytib kelaman, deb javob berdi, lekin 22 mart kuni bu voqea sodir bo‘ldi”, — deydi Gulrakat Mirzoyeva.

Foto: Gulrakat Mirzoyeva / AsiaPlus
U boshqa gumonlanuvchilarning onalari singari, o‘g‘lining aybdorligiga ishonmaydi.

Ular bu ayblovni o‘g‘limni bo‘yniga qo‘yishdi. Birovning bo‘g‘zini kesgan qurolli odam mening bolam emas. Hujum qilganlar to‘ladan kelgan, bolam esa oriq. Ularning yurishi va harakatlari o‘g‘limga o‘xshamaydi. Mening o‘g‘lim hibsga olingandan keyin oyna ichida ko‘rsatildi, kaltaklangan, ko‘zlari qoraygan, qo‘llari bog‘langan, bo‘ynida esa sellofan bo‘lagi osilib qolgan”, — deydi Mirzoyeva.

Dalerjonning otasi Barot Mirzoyev ham o‘g‘liga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmadi.

Uning bo‘yi uzun emas, qo‘lida avtomat ushlab turolmaydi, qanday qilib bunday ishlar qilardi? Uyga qaytaman dedi, kutayotgandik...”, — deydi Dalerjonning otasi.

Teraktdan so‘ng Tojikiston rasmiylari Dalerjon Mirzoyevning ota-onasi, ukasi, rafiqasi va qaynonasini bir haftaga yaqin so‘roq qilib, keyin qo‘yib yuborgan. Bu vaqt ichida ular rus tilida ham ariza yozgan, lekin Rossiya tergovchilari bilan hech qachon uchrashmagan.

“Balki u aldangandir”

Dalerjon 2017 yilda uylangan, hozirda to‘rt farzand – uch qiz va bir o‘g‘li, jumladan, 1 yoshga to‘lgan egizaklari bor. Voqeadan so‘ng xotinining sog‘lig‘i birdaniga yomonlashgan va u hozir ota-onasining uyida.

Dalerjon o‘z qishlog‘idagi 17-maktabni tamomlagan. Ustozlarining aytishicha, o‘zi a’lochi bo‘lmasa-da, kelajakda hunar egallashi uchun hozir 10-sinfda o‘qiyotgan ukasining o‘qishiga e’tibor qaratgan.

Maktab direktori Mahbuba Davletovaga ko‘ra, Dalerjon unga Rossiyadan bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib, ukasining o‘qishini so‘ragan va “agar ukam hurmatsizlik qilib, dars tayyorlamasa, ayting, bunga majburlayman”, deb ta’kidlagan.

Foto: Mahbuba Davletova
Davletovaning o‘zi Galaxona qishlog‘idan, Mirzoyevlar oilasini tanishi, ular yaxshi odamlar ekanini aytdi.

Tarix fani o‘qituvchisi Muzaffar Yoqubov Dalerjon o‘rtamiyona o‘quvchi bo‘lgani, yurish-turishi yomon emasligi, o‘qituvchilarning gapiga quloq tutgani, intizomli ekanini bildirgan. Dalerjon jamoat ishlarida faol qatnashgani ta’kidlangan.

Foto: Muzaffar Yoqubov / AsiaPlus
U shunday ish qilishini kutmagandik. Bunga qo‘li bormasdi, lekin odamlarni tushunib bo‘lmaydi. Balki bu ishni pul uchun qilgandir, balki aldangandir”, — deydi Yoqubov.
G‘oyib bo‘lgan yoki ISHID safida: Dalerjonning akasi qayerda?

Dalerjonning akalaridan biri 36 yoshli Ravshanjon 2016 yilda bedarak yo‘qolgan. Rasmiylar u Suriyaga ketgani va ISHID safiga qo‘shilganini aytmoqda, biroq rasmiy ma’lumot mavjud emas. Ravshanjonning qarindoshlari u terrorchilar safiga qo‘shilgani haqidagi gaplarga ishonmaydi.

Gulrakat Mirzoyevaning aytishicha, g‘oyib bo‘lgunga qadar o‘g‘li Rossiya shaharlaridan birida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan. Shundan so‘ng u kasalxonada sil kasalligidan davolangan — jami 7 oy, kasalxonadan chiqishi bilanoq g‘oyib bo‘lgan.

Foto: Barot Mirzoyev va Gulrakat Mirzoyeva
Ota-onalarning aytishicha, Ravshanjon yo‘qolganidan keyin 8 yil davomida Dalerjon akasi bilan muloqotda bo‘lmagan. Tojikiston rasmiylari hozircha Ravshanjon Mirzoyev ISHID a’zosi ekanini rasman e’lon qilmagan.

Uzoq bo‘lmaganida, Dalerjonni ko‘rgan bo‘lardik. Lekin biz nima qila olamiz? Hech narsa. Ularning taqdirini xudoga topshiramiz, toki ularning qalbiga rahm qilishsin va ularni ozod etishsin”, — deydi Dalerjonning onasi.

Crocus'dagi terakt 22 mart kuni sodir bo‘lgan. “Piknik” guruhi konserti boshlanishidan bir oz oldin avtomat bilan qurollangan to‘rt kishi konsert zaliga bostirib kirgan. Avvaliga odamlarga qarata o‘q uzishgan, keyin esa binoni ichkaridan yoqib yuborishgan. Hujum oqibatida 140 dan ortiq odam halok bo‘lgan, bir necha yuz kishi turli tan jarohat va talafotlar olgan. Teraktga aloqadorlikda ayblanib, bir necha Tojikiston fuqarosi qo‘lga olingan. ISHIDning Xuroson bo‘limi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Biroq Rossiya maxsus xizmatlari Ukrainani hujumga aloqadorlikda ayblagan. Rasman Ukraina teraktga aloqadorligini rad etadi.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Crocus teraktida ayblanayotgan tojikistonlik Dalerjon Mirzoyevning ota-onasi o‘g‘li haqida gapirdi