date
views 3 885

Biz nega kulayapmiz?.. Yoxud ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasin!

Biz nega kulayapmiz?.. Yoxud ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasin!
Qiziqchi xalq xarakterini, tarixini va turmush tarzini mukammal bilishi kerak. Negaki, u obrazni, voqelikni va tilni xalqdan olarkan, hech shubhasiz, bir noo‘rin gap sabab, o‘zi kulgi o‘qiga nishon bo‘lishi tayin. Askiyachilik, kulgi kechalari, payrovlar aynan mahalla guzarlarida o‘tkazilishining sabablariyam uning xalqonaligida. Xalqning o‘y-kechinmalari nozik pardalarda tarannum etilgani bois undagi iboralar tez tilga tushadi. Hojiboy Tojiboyevning “Borma kuyasan, qoch kuyasan”, “Demak, chuqurroq haydamagansan”, “Oshda ko‘rinmading”, “Olishib o‘tiringlar”, “Mayli quriq ketma, bitta savol beraman”, “O‘tirib borarsizlar”, “Hech bo‘lmasa, marojniy yeb qaytib kelishsayam mayli edi” singari iboralari xalq tilidan ham, dilidan ham chuqur joy egallagan. Biroq to‘mtoq, tushunarsiz hazil dilni yaralashi ham tayin.

Bolaning ko‘zini ochdi
... Bozor yonidagi bekatda turibman: nari-beri o‘tgan-ketgan ko‘p. Yo‘lak yonida chamasi o‘n olti-o‘n yetti yoshlardagi to‘rt-besh o‘spirinning jag‘i tinmaydi:
– O‘h-ho‘, – dedi bittasi. – Yupkangiz buncha kalta?
Qolganlari davom ettirdi:
– Yurishga qulay.
– Yugurishga qulay.
– Qulay...
Ular xandon otib kulishadi. Nega? Ularning kulgusi tagida na ma’no bor, na mantiq. Lekin ko‘cha “mantig‘i”ga tayansak, g‘ij-g‘ij ma’no borligini fahmlaymiz.

Bundan bir necha yillar ilgari xalq ichidan olinmagan, ayrim qiziqchilik guruhlari o‘ylab topgan bu epizod hali-hanuz xalq ichida yuribdi. Buning yomon joyi yo‘q-ku, deysizmi? Albatta, men shunday deb o‘ylardim, ammo gap xalq ma’naviyati haqida ketarkan, boshni ko‘tarib atrofga nazar solish kerak, menimcha. Millat axloqi bir avlod nopisandligi oqibatida izdan chiqishi mumkin. Shu bolalar halidan shu to‘g‘rida o‘ylayaptimi, bu ishning oxiri baxayr emas. E’tiroz bildirishga shoshilmang, millat ma’naviyati necha yilda shakllanadi?..

Buning javobi yo‘q, chunki xalq ma’naviyatini asrlar qa’ridan kelayotgan an’analar, urf-odatlar, umuminsoniy mezonlar yaratadi. Millat uni o‘z qalbiga singdirib boradi.
Ehtimol, kulgi, yumor, satira, xanda singari tushunchalarni yaxshi tushunmaslik, kulgi yaratishga ortiqcha chiranish va chalasavodlik(bu singari hazillar yaratayotganlarni shunday desak) xalq ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgandir?

“Buni oila davrasida ko‘rish mumkinmi, – degandi bir tanishim. – Mumkinmas-ov, o‘zing tomosha qilsang, tahlil qilasan. Ota-onangning oldida iymanasan, bolalar: “Dada, bu gap nima degani”, deb har xil savollar beraverishadi. Ko‘pni ko‘rgan, dunyoqarashi keng insonlar: “Shuyam gap bo‘ldimi”, deb ensasini qotiradi. Ularning gap-so‘zining, xatti-harakatining tagida odamni kuldirishdan ko‘ra intim dunyosini uyg‘otishga urinish bordek. Nima maqsadga qaratilganini tushunmadim, tagida nimadir g‘oya bo‘lishi kerak, emasmi?! Quruq gap, ayniqsa, tomoshabinlarning g‘ashiga tegadigan qiliqlar bilan auditoriyani ushlab turib bo‘lmaydi. Boshdan-oxir kamchilik shunda ko‘rinadi”.

Kulgi yuki shunchalik arzonmi?
Xabaringiz bor, “Million” jamoasining har yili konsert dasturi bo‘ladi. Bu yil o‘tdi. “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida ham, biroz vaqt o‘tib, disk orqali ham o‘sha dasturni tomosha qildim. Chin muxlis sifatida emas. Hazil tagidagi gapni axtarib ko‘rsak, balki hamma qiziq gaplar shunchaki tuyular. Ammo ma’naviyatli kishi uchun bu tuzsiz bir gapdir. Ehtimol, qattiqroq bo‘lsa-da, aytish kerak, bu — axloqsizlikka undashdir.

Katta avlod vakillari bu kabi qitmir so‘z o‘yinlariga tushunmasligi aniq. Hatto o‘zim ham “ko‘cha tili”ni bugungi bolalarchalik yaxshi bilmasligimdan ushbu kulgi jamoasining gaplariga ahamiyat bermayman. Lekin ko‘chada maktab o‘quvchisining tilidan eshitganda birdan sergak tortaman: “Ey, kallangga”, “Ey, shapkangga”, “Oramizdagi masofa o‘n besh santimetr”... Endilikda, “Bravo” nomli jamoaning ham shu tuzli-tuzsiz gap-so‘zlari odamlar tilida yuribdi. Biroz ilgari ushbu jamoaning litsenziyasi to‘xtatilgani haqida xabar tarqaldi, albatta, bu kimnidir xafa, kimnidir xursand qilgani tayin.

Ochiqcha o‘ylang, ularning hazilini eshitganda nega hamma kulayapti? Mayli, mening xayolim buzilgandir. Lekin shu gaplarni eshitganda millat ma’naviyati haqida baribir og‘riqli o‘ylar paydo bo‘laveradi. Kulgining yuki, kuldirishning yuki shunchalik arzonmi?

Sharqona odob — G‘arbona kulgi
Ko‘cha-ko‘yda kulgili holatlarni juda ko‘p uchratamiz, ko‘ramiz, kuzatamiz. Lekin shuni boshqalarga aytishda baribir odob chegarasidan chiqmaymiz. Sharqona odob deymizmi, mentalitet deymizmi, baribir, bemavrid va bachkana kulgi, betiyiq harakatlar o‘sha nuqtaga qadalaveradi. Ehtimol, muxlisning hissiyoti jarayon, qiziqchining gap-so‘zini darrov tahlil etishdan ustun kelar, biroq yangi fikrda urg‘u parda ortidagi intim kechinmalarga berilishi va goh ochiq, goh “bilsa chin, bilmasa hazil” o‘rnida shu holatlarning kuylanishi axiyri, barchani bezdiradi. Kuldirish uchun shunday tushunarsiz va tuzsiz qiliqlar ko‘rsatish shartmi? Mayli, qiziqchilik tirikchilik ekan, buni chin dildan, mehnat ortidan, izlanib, uddalash mumkin-ku. Pul topishning boshqa yo‘li ko‘p-ku. Aynan xalq ma’naviyati bilan hazillashishning nima keragi bor?! Har narsada me’yorni unutmaslik joiz, me’yor buzildimi, asal ham medaga uradi. Shakarning ham ozi shirin, degan naqlning haqiqat ekanini oddiy misollarda ham bilish mumkin.

... Bir-ikkita qiziqchilik jamoalarining konsert dasturlarini ko‘rdim. To‘g‘risi, ko‘cha tilini shunday boplashganki, ba’zilar tushunmasligi aniq. Kimdir ularning jargonidan darrov gap nima haqda ekanini fahmlaydi. Tanqid orqali go‘yo intim kechinmalarni yopishga urinishgan, biroq qovun tushirganini bir qarashda sezish mumkin. Masalan, ota va qiz munosabatlari shu darajada nozikki, hatto ota aqliy nosog‘lom bo‘lsa-da, farzandining hamiyatiga tegadigan bir og‘iz gap gapirmaydi... Buni-ku, qo‘ya turaylik, kap-katta erkakni ayollar kiyimiga o‘rab, sahnaga chiqarish to‘g‘rimi?.. Erkakning suzilib, qilpanglab u yoqdan-bu yoqqa o‘tishi, nima degan gap? Bo‘yanib, chiqishi-chi? Shungayam kulish mumkinmi? Mijozida yumorga o‘chlik bo‘lgan har qanday odam ham buni shunchaki hazm qilolmasa kerak. O‘zbek xarakteri or-nomus, g‘urur, andisha va vatanparvarlik zamiriga qurilgan.

Nisbatan real, aniq va kamroq bachkanaliklarsiz kulgi “Dizayn” jamoasining dasturini ko‘rganda sezasiz. Bundan tashqari, xalq tabiati va bugungi kun tasvirini Nodir Lo‘li, Behzod Hamro, Avaz Oxun singari so‘z ustalari yorqin ifodalab bermoqdalar. Ular xalqning ichidan kulgi olishi aybini yuvib yuboradi. Narigi jamoada esa, asosan, e’tibor xonandalarga qaratiladi. Xalq faqat xonandalardan iborat emas, tadbirkor, investor, o‘qituvchi, duradgor, oshpaz, cho‘pon, qassob haqida aytish mumkin emasmi?! Yoki artistlar orqali muxlis to‘planadimi?.. Buyam eng katta muammo.

O‘zbekiston ziyolilari bilan uchrashuvda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “O‘zbekistonda adabiyot va san’at, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz”, degandi.
Haqiqatan, haqiqiy san’at reklama va ur-yiqitlardan yiroq bo‘lib, u ochiq sahnalar bilan tomoshabin qalbini zabt etishga urinmaydi.

“Shunday non yemay...”
Boya aytganimdek, konsert dasturi ichida edim. Kulgi ixlosmandlarini qo‘yavering, ota-onalar, o‘rta yoshlilar, kelinlar, yosh qizlar, bolalar atrofni boshiga ko‘tarib baravar kular, qarsak chalar, ko‘zlarini o‘ynatardi. Bolalarning imo-ishoralaridan “zo‘r” ketayotganini anglash mumkin. Qizlarning suzilishidan hamma gap ma’nisiga tushunayotganini fahmlash qiyin emas. Lekin bobo-momolarning ahyon-ahyon nim tabassumiga tushunmadim, xolos. Ehtimol, tushunmagani uchun kulayotgandir. Buyam, jim eshitgandan ko‘ra, foydali. “Shunday non yemay o‘l”, deb kulayotgan bo‘lishi ham mumkin. Ilgari bir do‘stimnikiga to‘yga borganimda uning otasi o‘zini har ko‘yga solib, odamlarni kuldirishga shaylangan o‘rtakash-qiziqchiga shunday degandi...

Asrlar osha yashab kelayotgan latifalar zamirida ham soddalik, samimiyat, insoniylik ulug‘vorligi aks ettirilgan, kibr, g‘araz, oliftalik, tilyog‘lamalik ustidan kulingan. Zamonaviy kulgi odamlar tezroq tushunishi uchun harakatlari, gap-so‘zi yengilroq bo‘lishi kerak, deganlar ham bordir oramizda. Ammo doim yangi yo‘nalish eskisidan oziqlanishini unutmaslik kerak.

Yusufjon qiziq Shakarjonov, Muhiddin qiziq Darveshov, Oxunjon qiziq, Rustam Hamroqulov, Hojiboy Tojiboyev o‘zbek qiziqchilik maktabining darg‘alaridir. Ular sahnaga chiqqanda, beixtiyor odamlarning yuzlariga tabassum yugurgan. Ular har so‘zni his etib, uni tariqdek ko‘chaga sochmay, bilib-fahmlab ishlatishgan.

Ma’lumki, YuNESKO tomonidan 2014 yil askiya san’ati insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Qiziq tomoni, shunday madaniyatimizni o‘zimiz oldi-qochdi hangomaga aylantirib qo‘yayotgandekmiz. Albatta, shunday buyuk san’atimizni asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish bugungi axborotlashgan davrning eng dolzarb vazifasidir.

...Hali-hanuz esimda, bir gal bir-biri bilan juda qattiq hazillashadigan jo‘ralarim orasidan ola mushuk o‘tdi. Ancha paytgacha buning sababini bilolmay yurdim.
Jamolning oilasi buzilgan edi. Doim hazillashib yuradigan oshnalar orasida shu gap hazilga mavzu bo‘lib qolgan. Rahmatning o‘ylamay gapirgan bitta gapi ularni mushtlashishgacha olib bordi.
– Nega hazilga chidamaysan? – dedi Rahmat qizarib.
– Shu hazilmi? – dedi Jamol uning yoqasidan olib. – Sen mening nafsoniyatimga tegding. Hamma hazilingni ko‘tarishim mumkin, lekin bunaqasini ko‘tarmayman.
Nafsoniyati o‘lmagan odam – ma’naviyati butun odam. Nafsoniyati o‘lmagan millat – ma’naviyatli millat! Shunday ekan, millatning nafsoniyati bilan hazillashmaslik kerak. Nafsoniyatli millat bunday hazilni ko‘tarmaydi.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Biz nega kulayapmiz?.. Yoxud ma’naviyat va ma’rifat biznesga aylanmasin!