Ba’zi ota-onalardan «Farzandim aytganimni qilmayapti, shuncha bergan tarbiyamdan hech naf ko‘rmayapman...», kabi shikoyatlarni bot-bot eshitamiz. Yana boshqalar esa bolasiga bir gapni ko‘p marta uqtirsa ham qulog‘iga olmayotganidan, hatto talab qilganining aksini bajarayotganidan yozg‘irib qolishadi. Bu holat farzand voyaga yetgani, katta bo‘lgani sari ota-onani ko‘proq tashvishga sola boshlaydi.
Bilasizmi, nega shunday? Muammo aslida nimada?
Ota-ona farzand tarbiyasida bolaning qabul qilishdagi temperamentini aniqlashi hamda ta’lim-tarbiyani bolaning qabul qilish imkoniga qarab belgilashi zarurligini ko‘pchilik ota-onalar e’tibordan soqit qilishadi. Aslida bu farzandga ma’naviy ta’sir o‘tkazishning eng muhim usuli. Agar ota-ona farzandining ma’naviy qabul qilish imkoniyati qay darajadaligini aniq bilmas ekan, tarbiya borasidagi barcha urinishlar samarasiz ketishi shubhasiz.
Hayotiy tajribada o‘z farzandining qabul qilishdagi moyilligidan butunlay bexabar ota-onalarga ko‘p duch kelamiz.
Ular ba’zan jamoat joylarida, begonalar orasida yoki tengqurlari davrasida ham bolasini qattiq urishib, tanbeh berib, uni tarbiya qilishmoqchi bo‘lishadi. Ammo xuddi shu holat bolaga teskari ta’sir ko‘rsatadi. U boshqalar oldida izza qilgani uchun ota-onasiga nisbatan salbiy munosabatni his qila boshlaydi.
Ota-onasining holatini o‘zini tushunmayotganga, undagi turli holatlar bilan hisoblashmayotganga yo‘yadi. Bu esa farzandni ota-onadan uzoqlashtiradigan birinchi qadamdir. Endi bola ota-ona bilan sirlashib-dardlashmaydigan, unga dilini ochmaydigan, o‘zini ulardan uzoq tutadigan, begona bir kimsaga aylana boshlaydi.
Farzandining nojo‘ya xatti-harakatiga guvoh bo‘lgan ota-ona aksariyat hollarda unga tanbeh va dakki beradi. Ba’zilar esa bu holatning sababini surishtirib ham o‘tirmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri farzandini ayblab unga qattiq muomala qila boshlaydi. Lekin bu farzand uchun ham, ota-ona uchun ham to‘g‘ri yo‘l bo‘lmasligi mumkin. Sababi ko‘pchilik bolalar qilayotgan ishi noto‘g‘ri ekanini yaxshi biladi, ammo qaysidir omil tufayli o‘sha ishdan tiyilishga o‘zida kuch va iroda topa olmaydi.
Ota-onasidan va boshqalardan yashirib bo‘lsa ham nojo‘ya ishini qilishda davom etaveradi. Bunday paytda bolaga birinchi navbatda ota-onaning yordami zarur. Avvalo, kattalar bu holatni to‘g‘ri tushunishi, bola hayotida uning qanday paydo bo‘lganini bilishi, sabablarini o‘rganishi zarur. Bola hatto o‘zi ham qutila olmay turgan kamchiligi uchun uni ayblash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bolani ayblamasdan, uni to‘g‘ri tushungan holda, ota-ona va bola birgalikda harakat qilsagina biron natijaga erishish mumkin.
Masalan, besh yashar bola uydagi qimmat guldonni bexos sindirib qo‘ydi. Bu ishidan o‘zi ham vahimada. Ota-onasi endi unga qanday chora ko‘rishini o‘ylab, battar qo‘rquv va zo‘riqishga tushadi. Hatto aybini bekitish uchun yolg‘on bahonalar topishga ham yo‘l qidiradi. Guldon esa singan. Uni endi orqaga qaytarib, qayta tiklab bo‘lmaydi. Shunday paytda farzandiga nisbatan ota-ona qaysi yo‘ldan borishi kerak? Bolani kaltaklash, baqiriq, jazolash ota-ona va bola ruhiyati hamda salomatligiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatgani holda hech narsani ijobiy hal qilib bera olmaydi. Agar ota-ona mohir tarbiyachi bo‘lsa, bunday vaziyatda bolaning muhabbatini qozonadi.
Misol uchun farzandni mehr bilan bag‘riga bosib: «O‘zingga hech narsa qilmadimi? Xayriyat. Bundan keyin ehtiyot bo‘l, bolam. Men seni yaxshi ko‘raman! Agar senga biron narsa bo‘lib qolsa, men nima qilaman, bolam!» kabi so‘zlarni aytsa, bolaning ota-onaga va hayotga munosabati ijobiy tomonga o‘zgarib boradi. Keyinchalik mavridi bilan singan guldon oila daromadiga qanchalik zarar yetkazishi, shu tufayli nimalardan mahrum bo‘lish mumkinligi haqida yotig‘i bilan tushuntirish kerak. Bunday munosabat har bir bolaga xush yoqadi, deya olmaymiz.
Bu o‘rinda bolaning tashqi ta’sirni qabul qilishdagi temperamentini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Uning tarbiyani qabul qilishiga qarab, ota-ona o‘zini bo‘lib o‘tgan hodisadan qattiq xafa bo‘lgani, siqilgani, bu hol uning salomatligiga ta’sir qilganini bolaga gapirmasdan bildirib qo‘yishi mumkin. Bu esa gapirishdan ko‘ra ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Chunki bolaga hadeb gapirib tanbeh beraverish unda gapirish orqali beriladigan tarbiyaga nisbatan immunitet hosil bo‘lishiga olib keladi.
Eng muhimi, bola gapirish orqali berilgan tarbiyadan o‘ziga juda kam narsa oladi. Afsuski, ota-onalar ba’zan buni tushunishni istamaydi. «Shunday qilma, deb senga necha marta aytganman! Qulog‘ingga gap kiradimi o‘zi yo yo‘qmi!?.» kabi tahdidli usul foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon keltirishi aniq. Barcha psixolog va pedagoglarning yakdil fikri shuki, «bolani eshitganlari emas, ko‘rganlari tarbiya qiladi».
Dilrabo BOBOJONOVA
Manba: Od-press.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin