16:44 / 27.06.2019
2 699

«O‘zbekistonda sutka 24 soatdan ko‘proqmi?»

«O‘zbekistonda sutka 24 soatdan ko‘proqmi?»
Sarlavhadagi muammo mamlakat miqyosida dolzarblik kasb etgani hech kimga sir emas. OAVda «xit» darajasiga yetgan ayrim hokimlarning o‘ziga xos chiqishlari, kundalik faoliyat davomida katta-kichik bo‘g‘indagi rahbarlarning ko‘pchilikka ham ovoza bo‘lmagan muomala madaniyati xalq orasida ijro hokimiyati haqida salbiy taassurotlar qoldirmoqda. Aksariyat hollarda yuqori doiralarning bunday hollarga munosabati ta’sirchan bo‘lmayapti.

Islohotlarning shiddatli davrida ijro hokimiyati vakillariga keragidan ortiqcha yuklama yuklanayotganini ham tan olishimiz kerak. Ijro uchun tushirilayotgan turli qaror, farmon va buyruqlarning muddatlari shu qadar qisqaki, O‘zbekistonda sutka 24 soatdan ko‘proqmi deb o‘ylab qolasan. Mehnat qonunchiligidagi ish vaqtlariga amal qilish haqidaku o‘ylangani ham yo‘q shekilli. Qizig‘i, qisqa muddatlarda ijro risoladagidek bo‘lmasligini barcha biladi. Lekin ijro bo‘lishi shart, kamida qog‘ozda bu aks ettirilishini ta’minlash talab etiladi. Shunday bosim ostida ishlayotgan xizmatchilarning asabi dosh bermasligi ham tabiiydek.

Lekin bu omillar yuqorida aytganimiz qusurlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmasligi kerak. Aksincha, turli darajadagi ijrochi rahbarlar yuqoridagi rahbariga real vaziyatni ochiq-oydin tushuntirib, ijro uchun haqqoniy muddatlar so‘rashni ham o‘rganishlari kerak. «Boshliq hamma narsani biladi» degan noto‘g‘ri tasavvurdan allaqachon voz kechishimiz zarur. «Kadrlar hamma narsani hal qiladi» degan gap turli davrlarda o‘z isbotini topgan, hozirgi davrimiz uchun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi.

Kadrlar muammosini bunday ish uslubi bilan hal qila olmasligimiz ham aniq. Turli sohalarni boshqarishga salohiyati yetuvchi yurtdoshlarimiz yetarli, lekin ular aynan shunday bosim ostida ishlashni xohlashmayapti. Taklifni, tanqidni to‘g‘ri qabul qiluvchi yuqori darajadagi mansabdorlar ularga erkin, ijodiy, tashabbus bilan ishlash muhitini yarata olmayapti. Chet ellik yurtdoshlarimizning xalqaro tajribalaridan foydalanish haqida ko‘p gapirdik, lekin ularga yetarli sharoit yaratish deganda faqatgina munosib oylik maosh tayinlashni tushunmasligimiz kerak.

Yurtga qaytayotganlarda moddiy manfaat birinchi o‘rinda emas, ular o‘z ish uslublari, islohotlarni amalga oshirishdagi o‘z fikrlarini amaliyotga erkin tatbiq etishni xohlashmoqda. Shu bilan birga, normal hayot tarzidan ham batamom uzilib qolish niyatlari yo‘q. Mamlakat ichidagi munosib kadrlarda ham shunday o‘y-fikrlar bor. «Chidasang shu, bo‘lmasa katta ko‘cha!» qabilidagi munosabat bilan barcha sohalarni noto‘g‘ri yo‘llarga solib yuborilish ehtimoli katta.

Mehnat qonunchiligida ko‘rsatilgan ish vaqtlariga amal qilib islohotlarni amalga oshirishning iloji yo‘qmi? Yaxshilab o‘ylansa, buning yo‘lini topsa bo‘ladi, albatta. Buning uchun siyosiy iroda talab etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev «davlat xizmatchilari dam olish kunlarini oila davrasida o‘tkazsin», deb alohida ta’kidlaganiga qaramasdan ahvol yaxshilangani yo‘q. Sababi yuqorida aytib o‘tganimiz nomutanosib ijro muddatlari.

Kichik bo‘g‘indagi rahbarlar bilan suhbatlashganda yuqori bo‘g‘indagi rahbarlar bosimiga qo‘shimcha xalqning turli darajadagi portallar, xalq qabulxonalari orqali tushayotgan ariza, shikoyatlari ortidan keluvchi bosimidan ham nolishadi. Bu ariza, shikoyatlarga qonuniy asosda javob berish uchun ancha vaqt yo‘qotishayotganidan yozg‘irishadi.

Aksariyat hollarda ularni qondirishning qonuniy yo‘li yo‘qligidan (asosiy sabab moliyaviy resurslar yetishmasligi), «ashaddiy shikoyatchilar»dan qutilish uchun muammolarni «nuqtali» hal qilishayotganini aytishadi. Aslida portallar, qabulxonalar muammolarning ildizi, ko‘lamini aniqlab, ularga tizimli yechimlar topish uchun ochilganini unutishgan ko‘rinadi. O‘tgan 3 yil davomida tushgan murojaatlarni tahlil qilib, yo‘l xaritalar ishlab chiqilayotgandek, lekin natija ko‘pchilik, jumladan, Prezident kutganchalik emas.

«Bu yozilgan narsalar ko‘pchilikka ayon, yechim haqida nima deysiz?» qabilidagi haqli savollarga to‘kis javob berish imkoniyatim yetmaydi, lekin bilganimcha fikrimni bildirib o‘tsam birov meni ayblamas.

Birinchidan, boshqarish mexanizmining har bir bo‘g‘inida islohot mazmuni, uning ijrosi bo‘yicha tanqidiy fikrlar, muqobil takliflarni hech bir cheklovlarsiz muhokama etishni yo‘lga qo‘yish kerak.

Ikkinchidan, qabul qilinayotgan qaror, farmon, buyruqlarning ijrosi uchun real muddatlar belgilanishi shart. Aks holda ijrodagi ko‘zbo‘yamachilikdan qutila olmaymiz.

Uchinchidan, mehnat qonunchiligiga to‘la amal qilishga o‘tish kerak. Dastlab, bu og‘irdek ko‘rinishi mumkin, lekin ish vaqtida bajarish mumkin bo‘lgan topshiriqlar, vazifalar berilsa, buni tizimli yo‘lga qo‘yishga qodir xalqmiz.

To‘rtinchidan, barcha tizimdagi rahbarlarga qo‘yilayotgan talablar ichida albatta muomala madaniyati ham muhim o‘rin tutishi kerak. Chunki bu butun bir hokimiyat tizimining yuzi, dastlabki, lekin unutilishi qiyin bo‘lgan taassurot qoldiradigan xislat. Boshqarishda ovozning balandligi, muomalaning qo‘rsligi emas, qonun doirasida ish olib borish samara beradi.

Va nihoyat, barcha turdagi hokimiyat tizimida (qonunchilik, ijro va sud) ham samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishishimiz kerak. Dastlabki qadam to‘rtinchi hokimiyat bo‘lmish ommaviy axborot vositalariga erkin faoliyat ko‘rsatishlari uchun yetarli sharoit qilib berish o‘ta muhim vazifadir. Darvoqe, bugun ularning kasb bayrami kuni, sohaning barcha vakillariga murakkab, mas’uliyatli va jamiyat rivojida ustuvor o‘rin tutuvchi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab qolaman. Qalamlari doimo o‘tkir bo‘lsin, shijoatlari so‘nmasin, xalq ardog‘ida yurishsin.

Erkinjon Karimov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «O‘zbekistonda sutka 24 soatdan ko‘proqmi?»