[img]ht
O‘zbekiston chorvachilik sohasida muhim loyihalardan biri amalga oshirila boshladi — Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh zotdor qo‘y olib kelinishi rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki ming bosh qo‘y yurtimizga yetkazildi. Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi 16 avgust kuni ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘mita raisi Bahrom Norqobilovning Mo‘g‘ulistonga amalga oshirgan tashrifi doirasida “Bayad” zotli ming bosh qo‘y aviatransport orqali O‘zbekistonga jo‘natilgan. Ushbu qo‘ylar Navoiy viloyatida ko‘paytirish va mahalliy sharoitga moslashtirish ishlari uchun joylashtiriladi.
Rejaga ko‘ra, oktyabr oyi oxiriga qadar 60 ta reysda yana 50 ming bosh, noyabr–dekabr oylarida esa yana 50 ming bosh zotdor qo‘y olib kelinadi. Shu tarzda, 2025 yil yakuniga qadar umumiy hisobda 100 ming bosh qo‘y yurtimizga kirib kelishi belgilangan.
Shuningdek, muzokaralar davomida Mo‘g‘uliston bosh vaziri o‘rinbosari S.Amarsayxan bilan qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, qo‘y va echkilarni eksport qilishda davlat boji 18 dollardan 7 dollarga tushirildi. Bu esa loyiha iqtisodiy samaradorligini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident qaroriga muvofiq, 2025–2026 yillarda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston hamkorligi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida qator ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi. Jumladan:
Mo‘g‘ulistondan olib kelinadigan mayda shoxli mollar asosida mahalliy naslchilik va seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali 2029 yilgacha ular sonini 1 million boshga yetkazish;
jun va kashemirni qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich rivojlantirish;
meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini Mo‘g‘uliston bozoriga yetkazib berish hajmini har yili oshirib, 10 barobarga ko‘paytirish;
ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish.
Shu bilan birga, davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlariga ham qator yengilliklar yaratildi. Xususan, 2025 yil 1 avgustdan 2027 yil 31 dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan qo‘y va echkilar import qilinganda, havo transporti orqali tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur hamkorlik nafaqat mahalliy chorvachilik sohasini rivojlantirish, balki O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Mo‘g‘ulistonning malakali nasldor qo‘ylari esa mamlakatda sof zotli chorvani ko‘paytirish va mahsulot sifatini oshirishga turtki bo‘lishi kutilmoqda.
tps://zamin.uz/uploads/posts/2025-08/67cb203e3a_pfl6.webp[/img]
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!