11:01 / 16.04.2020
2 031

Millionlab infeksiya tashuvchiga tashxis qo‘yilmaganmi? Matematik modellashtirish orqali pandemiyaning aniq manzarasi olindi

Millionlab infeksiya tashuvchiga tashxis qo‘yilmaganmi? Matematik modellashtirish orqali pandemiyaning aniq manzarasi olindi
Foto: Ahval
Bugun tibbiyot muassasalariga tushayotgan favqulodda katta yuklama tufayli COVID-19 bo‘yicha jahon bo‘ylab olinayotgan rasmiy statistika amaldagi real holat bilan tafovutga ega bo‘lib qolmoqda. Naked-science.ru nashrining xabar berishicha, buni to‘g‘irlash uchun olimlar matematik modeldan foydalanishni taklif qildi. «Daryo» maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.

Koronavirus bilan kasallanishlar sonining aniq hisob-kitobini yuritish diagnostika va pandemik vaziyatni real baholash uchun katta imkoniyat yaratadi va u orqali holatni tahlil qilib, tegishli tayyorgarlik ishlarini tashkillashtirish mumkin. Biroq Infection Control and Hospital Epidemiology jurnalida e’lon qilingan maqolada Vashington universiteti professori Stiven Krans tomonidan ta’kidlanishicha, hozirgi vaziyatda diagnostika qilingan infeksiya yuqtirishlar soni va tuzalgan hamda vafot etganlar sonini yuritishda asl real holatdagidan ko‘ra farqlar bo‘lishi mumkin. U matematik modelni qo‘llash orqali pandemik vaziyatning yanada aniq manzarasini olish kerak, deya taklif qilmoqda.

Maqolada keltirilishicha, matematik model klinikalar tomonidan qayd qilinmay qolib ketgan bemorlar sonini (kasallik simptomlarsiz kechgani tufayli sezilmay o‘tib ketgan va shu sababli statistikada qayd qilinmagan yuqtirganlar soni) e’tiborga olmasdan ham vaziyatni aniq baholash imkonini beradi. Hisob-kitoblar xolis bo‘lishi uchun modellashtirishda imkon qadar ko‘proq qo‘shimcha omillarni inobatga olish kerak bo‘ladi. Bunday omillarga, xususan, aholi zichligi va muayyan hududlardagi aholining yosh toifasiga ko‘ra strukturasi kiradi.

«Pandemiyaga amaliy tayyorgarlik qancha kasal qayd qilinganidan qat’i nazar aholi orasidagi real vaziyatdan kelib chiqishi kerak», – deb fikr bildirgan maqola hammualliflaridan biri, matematik modellashtirish mutaxassisi Srinavasa Rao. «Ko‘rsatkichlar qanchalik aniq bo‘lsa, biz pandemiya borasidagi real vaziyat qanday ekanini bilib boramiz, virusli pandemiya yana qancha davom etishini baholashimiz mumkin bo‘ladi. Real voqelikka imkon qadar yaqin olingan ma’lumotlar esa hukumat vakillariga va tibbiyot tizimiga aynan qanday ssenariyga tayyorgarlik ko‘rish kerakligini tushunishga yordam beradi», – deya qo‘shimcha qilgan u.

Tadqiqotchilar o‘zlari taklif qilgan matematik modelda JSST tomonidan taqdim etilgan infeksiyani yuqtirish bo‘yicha jahon bo‘ylab qayd qilingan holatlar statistikasidan foydalangan. Shuningdek, ular muayyan hududlardagi aholi zichligi va yosh strukturasiga oid ma’lumotlarni modelga tatbiq etgan. Unda aholi uch xil yosh toifasi bo‘yicha guruhlarga ajratilgan bo‘lib, bu guruhlar 0-14 yoshli aholi soni, 15-64 yoshli aholi soni va 65 yosh va undan kattalar sonini qamrab oladi. Matematik modelda «yuqtirish ehtimoli» parametri ham kiritilgan. Bundan tashqari, modelda yuqtirganlar sonining kuniga 10 nafardan ortganidan boshlab, eng cho‘qqisiga chiqishigacha bo‘lgan vaqt orasida qancha odam kasallanishini aniqlovchi ssenariy nazarda tutilgan.

Amalga oshirilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Italiyada 9 martgacha bo‘lgan paytda ro‘y bergan har to‘rtta real yuqtirish soniga faqat bitta qayd etilish soni to‘g‘ri keldi (aslida, to‘rtta yuqtirganlardan amalda faqat bittasi aniqlangan xolos). Mutlaq ifodada esa bu ko‘rsatkich o‘sha paytda Italiyada 30 223 nafar kasal yuqtirgan odam aniqlanmay qolib ketgan, degani bo‘ladi. Bu esa Italiyaning nega bu qadar mushkul ahvolga tushganiga izoh bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay maqola mualliflarining fikricha, Italiyadagi aholi zichligining juda katta ekani va urbanizatsiya darajasining yuqoriligi inobatga olinsa, Italiya sog‘liqni saqlash tizimi aslida yomon ishlamadi deyish mumkin edi.

Model Janubiy Koreya uchun ham taxminan shunday natijani taqdim etdi. U yerda ham aniqlangan bemorlar soni infeksiyani yuqtirib tashib yurganlarning real sonining chorak ulushini tashkil etadi xolos. Boshqa davlatlarda esa ahvol bundan ham yomon ekanini model ko‘rsatib berdi. Masalan, matematik model taqdim qilgan natijaga ko‘ra, 19 mart sanasiga kelib Ispaniyada aniqlangan bemorlar soni real miqdordan ko‘ra 53 marta kam bo‘lgan! Koronavirus yuqtirgan va uning tashuvchisi bo‘lgan har 53 ta odamdan faqat bittasini tibbiyot tizimi qayd etgan xolos.

Bu o‘sha payt Ispaniyada 87 405 ta infeksiya tashuvchi aniqlanmay qolib ketgan deganidir. Model Xitoydagi real vaziyat bundan ham yomon bo‘lgan degan xulosani berdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, u yerdagi real holat va aniqlangan holatlar nisbati birga 104 dan ortiq va hatto birga 149 ta bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Agar haqiqatan ham shunday bo‘lgan bo‘lsa, demak, Xitoyda millionlab infeksiya tashuvchilariga tashxis qo‘yilmasdan qolgan bo‘lib chiqadi.

Diagnostika borasida eng yaxshi ko‘rsatkichlardan birini ushbu infeksiyadan bugun hammadan ko‘p jabr ko‘rayotgan davlat – AQSH qayd etdi. Rao taklif qilayotgan matematik modelga ko‘ra hisoblashlar AQSHda 6 aprel holatiga real kasallanganlarning uchdan ikki qismi aniq qayd etilgani va tegishli diagnostika bilan ta’minlanganini ko‘rsatdi. Bu butun AQSH bo‘ylab aniqlanmay qolib ketgan tashuvchilar 194 ming atrofida bo‘ladi demakdir.

Mavjud ma’lumotlarning noaniqligi yoki real holatdan farq qilishi nafaqat COVID-19 pandemiyasi uchun, balki boshqa yana ko‘plab infeksion xastaliklar uchun ham og‘riqli muammodir. Olimlar taklif etayotgan yuqoridagi matematik modellashtirish metodikasi dunyo bo‘ylab tibbiyot sohasi mutaxassislariga muammoning ko‘lamini to‘liqroq baholash va epidemiya manzarasini mukammalroq tasavvur qilish imkonini berishi mumkin. U orqali voqealar rivojiga mos tayyorgarlik va oldindan choralar ko‘rish orqali o‘limlar sonini kamaytirish mumkin bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Millionlab infeksiya tashuvchiga tashxis qo‘yilmaganmi? Matematik modellashtirish orqali pandemiyaning aniq manzarasi olindi