14:39 / 25.04.2024
379

Timur Kapadze matbuot anjumanida Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan bahs haqida nimalar dedi?

Timur Kapadze matbuot anjumanida Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan bahs haqida nimalar dedi?
Foto: O‘FA
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze va jamoamiz sardori Jasurbek Jaloliddinov Saudiyaga Arabistoniga qarshi kechadigan chorak final bahsidan oldin matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

- Ertangi uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan bo‘lishsangiz?
- Avvalambor barchaga xayrli kun. Bu bosqichga qadar yetib kelganimizdan xursandmiz. Ertaga qiziqarli uchrashuv bo‘ladi va ertangi bahsga tayyormiz deb o‘ylayman.

- Jamoangizdagi hujum va himoya o‘rtasidagi balans haqida nimalar deya olasiz? Ertangi uchrashuvga taxminiy rejangiz bormi?
- Saudiya terma jamoasi juda kuchli. Biz ularning imkoniyatlarini o‘rganib chiqdik, biz ham o‘zimizning rejalarimizni tuzib chiqqanmiz. Ertangi uchrashuvda rejamiz bo‘yicha harakat qilamiz.

- Ikki yil avvalgi final bahsida ishtirok etgan Saudiyalik futbolchilardan bor yo‘g‘i ikki nafari hozirgi tarkibdan ham joy olishgan. Bizda esa yagona o‘zgarish qanot himoyasida ro‘y berdi. Saudiya tarkibi o‘zgargani biz uchun yaxshimi yoki yomon?
- Ikki yil avvalgi Saudiyada o‘zgarishlar ko‘pligini aytib o‘tgandim. Biz Saudiya bilan Osiyo o‘yinlarida ham to‘qnash keldik. Saudiya futbolchilarini va murabbiylarini yaxshi bilamiz. So‘ngi ikki yil ichida yaxshi tajriba orttirdik deb o‘ylayman. Raqibdan qo‘rqish yo‘q. O‘z jamoamning kuchiga ishonaman.

- Guruh bosqichi davomida bir nechta futbolchilari tarkibingizga qo‘shildi. Ular jamoaga qisqa vaqt ichida ko‘nikib keta olishdimi?
- Legionerlarning kelishi jamoamizga yana kuch qo‘shdi. Vetnamga qarshi ular maydonda harakat qilishdi va jamoaga qo‘shilib ketishi muammo bo‘lmadi. Ertangi uchrashuvda ular bizga yordam berishda davom etadi.

Jasurbek Jaloliddinov

Foto: O‘FA
- Ertangi uchrashuv haqidagi fikrlariniz bilan bo‘lishsangiz?

- Bosh murabbiyimiz ko‘p marotaba takrorlagandek, maqsadimiz sari intilmoqdamiz. Ertangi uchrashuvga tayyoramiz.

- Olimpiyadaga chiqish uchun terma jamoangiz uzoq vaqtdan beri tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ko‘p mehnat va e’tibor berilgan loyiha eng qizg‘in pallaga kirmoqda. Bunday muhim pallada qanchalik bosimni his etayapsizlar?
- Faqat o‘yin haqida o‘ylamoqdamiz. Bosim haqida o‘ylashga vaqt ham yo‘q. Biz asosiy faqatgina natija ko‘rsatish uchun mehnat qilmoqdamiz. Qolgan faktorlarga e’tibor bermayapmiz.

- Ertaga Olimpiya va futzal terma jamoalarimiz bir vaqtga o‘yin o‘tkazishadi. Futzal terma jamoamiz kuchli raqib Eronga qarshi parketga chiqishadi. O‘zbek futboli uchun muhim kunda futzalchilarimizga nima deya olasiz?
- Futzalchi akalarimizga ham omad tilaymiz. Xudo xohlasa ikki terma jamoa ham vatanimizga yorug‘ yuz bilan va yaxshi natijalar bilan qaytadi.

- O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogida penaltilar seriyada Qatarga yutqazgani hali xotiramizda yaxshi saqlanib turibdi. Ertangi uchrashuv oldidan penaltilar seriyasiga ham tayyorgarlik ko‘rdingizlarmi?
- Bunday muhim uchrashuvlarda har bir jihat juda muhim. Biz barcha taraflama ertangi uchrashuvga tayyormiz deb o‘ylayman. Har bir ssenariyga tayyormiz.

- O‘tgan Osiyo kubogidagi finalda Toshkentda muxlislar bilan to‘lgan stadionda o‘ynagan edingiz. Hozirgi musobaqa esa boshqa mamlakatda o‘tkazilmoqda. Saudiya Arabistoni Qatar mamlakatiga yaqin joylashgani tufayli guruh bosqichi bahslarida Saudiyalik muxlislar stadionda juda ko‘p edi. Saudiyalik muxlislar soni ko‘pligi sizlarga bosim o‘tkazmaydimi?
- Biz o‘zbekistonlik muxlislarning qo‘llab quvvatlashini his etmoqdamiz. Stadionda va teleekran ortidan bizni kuzatib turgan muxlislarimiz bizni duo qilishlarini so‘rab qolaman. Saudiyalik muxlislar bizga bosim o‘tkaza olishmaydi. Biz faqat o‘yin va natija haqida o‘ylayapmiz.

O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yini 26 aprel kuni 19:00 da start oladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze matbuot anjumanida Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan bahs haqida nimalar dedi?