19:06 / 20.04.2020
2 823

O‘zbekistonda foydalanilmayotgan yerlar aholiga meva-sabzavot yetishtirish uchun berilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda foydalanilmayotgan yerlar aholiga meva-sabzavot yetishtirish uchun berilishi kutilmoqda
O‘zbekistonda foydalanilmayotgan va yerosti suvlari mavjud bo‘lgan yer maydonlari foydalanishga kiritilib, aholiga imtiyozli lizing shartlari asosida berilishi kutilmoqda. Bu haqda Prezidentning «Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, mazkur yer maydonlari meva, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini ekish, issiqxonalar barpo etish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash sharti bilan ajratiladi.

Qayd etilishicha, bundan ko‘zlangan maqsad hozirgi global inqiroz va koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi bandligi va daromadini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlash, aholining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlash va eksportni amalga oshirish hisoblanadi.

Foydalanilmayotgan va yerosti suvlari zaxirasi mavjud bo‘lgan yer maydonlarini o‘zlashtirish uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Uzum yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga birinchi bosqichda 300 milliard so‘m ajratiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘zlashtirilgan yer maydonlarida meva, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini ekish, issiqxonalar barpo etish quyidagi manbalar hisobiga moliyalashtiriladi:
  • tijorat banklarining oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari, jumladan, «Har bir oila – tadbirkor» dasturi doirasida ajratadigan kreditlari, xalqaro moliya institutlari, tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari, xorijiy investitsiyalar;
  • Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, Uzum yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;
  • Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
  • O‘zlashtirilgan yer maydonlarida meva, sabzavot, kartoshka va poliz ekinlarini ekish, issiqxonalar barpo etish uchun aholiga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga, yillik foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasida imtiyozli lizingga beriladi.

Yangi o‘zlashtirilgan yer maydonlariga bo‘lgan ijara huquqi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Uzumchilikni rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan aniq oziq-ovqat turini yetishtirish sharti bilan 5—10 yilga sotiladi. Bunda ijara huquqini sotishdan tushgan mablag‘lar yangi yer maydonlarining foydalanishga kiritish uchun sarflanadi. Ushbu qaror loyihasi muhokamasi 3 mayga qadar davom etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda foydalanilmayotgan yerlar aholiga meva-sabzavot yetishtirish uchun berilishi kutilmoqda