147
Toshkentda Davlat kadastrlar palatasi tuman filiali boshlig‘i 25 ming dollar olayotganida ushlandi
Foto: Videodan kadr
DXX Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatlarida qator mansabdorlar pora olayotganida qo‘lga tushganini ma’lum qildi.
DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qo‘shtepa tumani prokuror o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbaridan 2000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, u tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblov xulosasi tuman sudiga yuborilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbariga nisbatan sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlanmasligiga hamda Jinoyat kodeksining 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llanilmasligiga yordam berishi evaziga 3 ming dollar talab qilgan va muqaddam 1000 AQSH dollari olgan.
Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi agrofirma rahbari tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bilan o‘zaro til biriktirib, joriy yilning aprel oyida g‘allachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning davlat zaxirasiga olingan 10 gektar yer maydonini fermer xo‘jaligi ixtiyoriga qaytarib berish hamda xo‘jalikning bajarilmagan g‘alla ekish rejasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2,5 ming dollar talab qiladi.
DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda agrofirma rahbari so‘ralgan pul mablag‘idan 1000 dollar va 5 million so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, talab qilingan pul mablag‘idan 100 dollarni olib, qolgan qismini o‘zida saqlab turishi haqida agrofirma rahbariga topshiriq bergan vaqtida Chortoq tumani hokimi o‘rinbosari ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ta’kidlash lozimki, agrofirma rahbari fermerning ushbu masalasini hal qilib berish bo‘yicha avvalroq 3 million so‘m olgan.
DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Angren shahar elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘z rahbarining og‘zaki topshirig‘iga asosan savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJning transformatorini elektr tarmog‘iga ulab, tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga xizmat xonasida 40 million so‘m miqdorida pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, Angren shahar elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i ham protsessual tartibda ushlandi.
DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali boshlig‘i o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, tumandagi 20 sotix yer maydonida qurilgan uy-joy uchun kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga, o‘zining xizmat xonasida 25 ming dollar miqdorida pora olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi