19:36 / 07.05.2024
118

Shavkat Mirziyoyev beshta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev beshta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 7 may kuni Vengriya, Eron, Chexiya, Ummon va Jazoirning yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tantanali marosimda davlat rahbari Vengriya elchisi Yojef Roja, Eron elchisi Muhammadali Iskandariy, Chexiya elchisi Lyubomir Frebort, Ummon Sultonligi elchisi Vafo al-Busaidiy, Jazoir elchisi Muhammad Irqiydan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Qayd etilishicha, Shavkat Mirziyoyev xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini tayinlov bilan qutlab, O‘zbekiston va ular vakillik qilayotgan mamlakatlarni yaqinlashtirish, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini qayd etdi.

Bugungi O‘zbekiston jahonga keng ochilayotgan, xorijiy sheriklari bilan uzoq muddatli va keng qamrovli aloqalarni izchil rivojlantirib borayotgan tinchliksevar va adolatli ijtimoiy davlatdir”, — deydi davlat rahbari.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Vengriya elchisiga murojaat qilar ekan, Budapesht O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va vaqt sinovlaridan o‘tgan ishonchli sherigi ekanini qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
So‘nggi yillarda bosh vazir Viktor Orban bilan birgalikdagi qat’iy intilish va aniq maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarimiz natijasida aloqalarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi”, — dedi prezident.

Shuningdek, ikki tomonlama tovar ayirboshlash ikki barobar o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni oshmoqda, o‘tgan yili Budapeshtda O‘zbekiston elchixonasi ochildi, yuzdan ortiq o‘zbekistonlik talaba Stipendium Hungaricum dasturi doirasida Vengriya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. O‘zbekiston bozorida Vengriyaning OTP Bank, Bonapharm, Gedeon Ritcher, Meditop kabi bir qator yetakchi kompaniya va banklari muvaffaqiyatli ishlamoqda.

Toshkent va Budapesht o‘rtasida aviaqatnovlar boshlanishi ishbilarmonlik aloqalari va turizm almashinuvlarini yanada faollashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbari Eron bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar ko‘p ming yillik tarixiy ildizlardan kuch olayotganini ta’kidladi. Bugungi Eron katta iqtisodiy, madaniy va intellektual salohiyatga ega mamlakat. Keyingi yillardagi oliy darajadagi tarixiy tashriflar va erishilgan muhim kelishuvlar munosabatlarda yangi yuksalish davrini boshlab berdi.

O‘zbekiston Eron bilan tog‘-kon, energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirishdan manfaatdor. Transport yo‘laklari va tranzit borasidagi hamkorlik salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Chexiya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi an’anaviy va muhim hamkori ekanini ta’kidladi. O‘tgan yili hukumat delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida o‘zaro savdo ikki barobarga ko‘paygani hamkorlik borasida katta imkoniyatlar mavjudligini yaqqol tasdiqlaydi. O‘zbekistonda Chexiyaning yetakchi kompaniyalari sanoat, infratuzilma, tibbiyot, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Toshkent—Praga aviaqatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kelishilgan investitsiya loyihalarini to‘liq amalga oshirish va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha dasturni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi. Chexiya Eksport banki hamda Eksportni kafolatlash va sug‘urtalash korporatsiyasining O‘zbekiston bank-moliya bozoriga kirish rejalari yuqori baholandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Ummon Sultonligi O‘zbekistonning Yaqin Sharq mintaqasidagi muhim hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Toshkentda Sulton Haysam Al Said ishtirokida ochilgan Sharqshunoslik institutining muhtasham kutubxonasi davlatlarimiz o‘rtasida o‘ziga xos do‘stlik ramzi bo‘lib kelmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Ikki mamlakat hamkorligida hali ishga solinmagan juda katta salohiyat bor. Tez orada hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishini o‘tkazish, Ishbilarmonlar kengashini tuzish zarurligi qayd etildi. O‘zbekiston—Ummon investitsiya kompaniyasi imkoniyatlaridan unumli foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Jazoir arab-musulmon dunyosida jadal sur’atda taraqqiy etayotgani, katta iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, Afrika qit’asidagi istiqbolli sherik ekanini ta’kidladi. Jazoir arab davlatlari orasida birinchi bo‘lib Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan.

Oliy darajadagi uchrashuvlarni tashkil etish, siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini joriy etish, hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish zarurligi, bu ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlashi ta’kidlandi.

Neft-gaz, energetika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirish zarurligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Xabarda aytilishicha, marosim yakunida prezident elchilarga sharafli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi, diplomatlar samimiy qabul, samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor sa’y-harakatlarini qaratishlarini ta’kidladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev beshta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi