16:50 / 03.05.2020
3 529

O‘zbekistonda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni o‘n kishiga yetdi

O‘zbekistonda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni o‘n kishiga yetdi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan viloyat filiali reanimatsiya bo‘limiga 20 aprelda bemor M. yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi bilan yotqizilgan. Yondosh kasalliklari hisobiga u qariyb ikki hafta davomida sun’iy nafas oldirish apparatida bo‘lgan. O‘tkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda COVID-19 infeksiyasi ham aniqlangan.

«Bundan avval esa ushbu bemor (erkak) bosh miya falaji, ikkilamchi kamqonlik og‘ir darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi kabi qator tashxislari bilan davolangan. 29 yildan buyon yotoqda bo‘lgan, shu bilan birga birinchi guruh nogironligi ham belgilangan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari bilan birga xorijlik, jumladan, xitoylik shifokorlar tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan», — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarida.

Biroq pulmonolog, terapevt, kardiolog, virusolog, reanimatologlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Bu O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorning vafot etishi bilan bog‘liq o‘ninchi holatdir. Bungacha
- 27 mart kuni Namangan viloyatida Umradan qaytgan qizidan koronavirus yuqtirib olgan 72 yoshli onaxon miokard infarktidan (uning janozasida qarindoshlaridan hech kim ishtirok etmagan);
- 28 mart kuni Toshkent shahrida o‘zini uyda davolashga uringan 39 yoshli (erkak) shifokor koronavirus infeksiyasidan;
- 7 aprel kuni koronavirusga chalingan 40 yoshli erkak yurak va o‘pka yetishmovchiligidan;
- 11 aprel kuni esa xorij safaridan koronavirusga chalinib qaytgan farg‘onalik 59 yoshli ayol o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligi oqibatida;
- 14 aprel kuni Namangan shahrida yashovchi 73 yoshli Sh. yurak qon-tomir yetishmovchiligidan;
- 18 aprel kuni Toshkent shahrida 77 yoshli ayol koronavirus infeksiyasi asoratlari — ikki tomonlama bronxopnevmoniyaning og‘ir kechishi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi va o‘pka shishidan;
- 22 aprel kuni Namangan shahrida yashovchi 54 yoshli bemor (ayol) o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan;
- 24 aprel kuni Angrenda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor o‘tkir nafas, o‘pka-yurak va poliorgan yetishmovchiligidan;
- 29 aprel kuni Toshkentda 1959 yilda tug‘ilgan G. ismli bemor o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi, o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilingan edi.

O‘zbekistonda 3 may soat 15:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 2136 nafarga yetgan. Mamlakatda 15 martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning 1278 nafari esa sog‘aygan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni o‘n kishiga yetdi