date
views 5 723

Islomda sheriklik asosida ish yuritish qanday bo‘ladi?

Islomda sheriklik asosida ish yuritish qanday bo‘ladi?
Mushoraka yoki Shirkat ul-amval – ikki yoki undan ortiq tomonlarning shartnoma asosidagi munosabatlari bo‘lib, bunda huquqiy jihatdan to‘g‘ri / yaroqli bo‘lgan shartnomaga xos bo‘lgan jihatlar, jumladan: tomonlar shartnomani imzolashga qodir bo‘lishlari, bu majburiy emas ixtiyoriy tarzda amalga oshirilayotgan bo‘lishi, noqonuniy shart va majburiyatlarni o‘z ichiga olmasligi, shartnomaga aloqador ma’lumotlar ikki tomon uchun ham birdek ochiq bo‘lishi kabilar albatta mavjud bo‘lishi kerak.

Shu bilan birga faqat Mushoraka shartnomasiga xos bo‘lgan jihatlar borki, ular quyidagilardir:

Foyda taqsimoti
- tomonlarning foydadagi ulushi shartnoma tuzish paytida kelishilgan bo‘lishi kerak, aks holda shartnoma shar’iy jihatdan kuchga ega bo‘lmaydi;
- har bir sherik uchun foyda ulushi, olingan haqiqiy foydaga mos ravishda taqsimlanadi, uning biznesga tikkan sarmoyasiga mutanosib ravishda emas (ya’ni foyda ko‘rilsa unga foydadan avvaldan kelishilgan miqdorda ulush ajratiladi, agar foyda ko‘rilmasa ulush ajratilmaydi).
Shuningdek, har qanday sherikka qat’iy miqdordagi to‘lovlar qilinishiga kelishish yoki uning biznesga kiritgan sarmoyasi asosida foyda miqdorini oldindan belgilash mumkin emas.

Masalan:
A va B sherikchilik asosida tadbirkorlik faoliyati olib borishga kelishishdi. Unga ko‘ra, A tomon har oyda 100 dollar miqdorida foyda olishi, qolgan foyda esa B tomonga berilishi ko‘zda tutildi. Bunday sherikchilik botil (nojoiz) hisoblanadi. Xuddi shunday, tomonlar A tomon o‘zi biznesga kiritgan sarmoyaning 15 foizini olishiga kelishishlari ham mumkin emas. Foydadagi ulush faqat olingan haqiqiy foydaga nisbatan avvaldan kelishilgan nisbatda taqsimlanishi mumkin.

Agar sheriklardan birortasiga qat’iy belgilangan to‘lov qilinishi yoki biznesga kiritgan sarmoyasi asosidagi to‘lov amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, u holda, Mushoraka shartnomasi muddati yakuniga yetganda ushbu amalga oshirilgan to‘lovlar shu sherikning foydadagi ulushidan ushlab qolinishi, yoki agar foyda ko‘rilmasa u holda amalga oshirilgan to‘lovlar shu sherik tomonidan qoplanishi haqidagi band shartnomaga kiritilishi lozim.

Foyda va sarmoya nisbati
Sheriklarning foydadagi ulushi ularning biznesga tikkan sarmoyasiga mos bo‘lishi shartmi yoki yo‘qmi?

Imom Abu Hanifa ijtihodiga ko‘ra oddiy holatda foyda va sarmoya nisbati bir biridan farq qilishi mumkin, ammo agar sheriklarning biri biznesda faol ishtirok etmayman, Mushoraka shartnomasi davomida faqat sarmoyador sifatida qolaman desa, u holda uning foydadagi ulushi uning umumiy sarmoyadagi ulushiga mos yoki undan kamroq bo‘lishi mumkin, lekin ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Zararlar taqsimoti
Barcha musulmon ulamolari zararlarni taqsimoti masalasida yakdillar, ya’ni ko‘rilgan zararlar har bir sherik/hamkorning kiritgan sarmoyasiga mos ravishda taqsimlanadi. Masalan, korxona (yoki biznes loyiha) doirasida moliyaviy zarar ko‘rilsa, 40% sarmoya kiritgan biznes hamkorning zarari ham shuncha, ya’ni 40% bo‘ladi, 60% kiritganniki ham mos ravishda 60% bo‘ladi. Bundan kam ham emas, ko‘p ham emas. Bunga zid bo‘lgan har qanday kelishuv shartnomani botil (bekor) qiladi.

Imom Abu Hanifa fikriga ko‘ra foydadagi ulush, kiritilgan sarmoyaga mutanosib bo‘lishi shart emas, ammo zarar sarmoyaga mos bo‘lishi kerak.

Aynan mana shu tamoyil quyidagi mashhur shariat qoidasida aks etgan:
Ko‘rilgan foyda tomonlarning kelishuviga ko‘ra, zarar esa kiritilgan sarmoyaga mos ravishda taqsimlanadi”.

Manba: islommoliyasi.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islomda sheriklik asosida ish yuritish qanday bo‘ladi?