17:30 / 19.06.2020
2 065

Yangi Qonun bilan qanday o‘zgartishlar kiritilmoqda?

Yangi Qonun bilan qanday o‘zgartishlar kiritilmoqda?
«O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni parlament yuqori palatasi beshinchi yalpi majlisida muhokama markazida bo‘ldi.

Mazkur Qonunda kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni nazarda tutadi.

Xususan, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilinmoqda. Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mahkuma homilador ayollar va bolasi bor ayollar uchun qo‘shimcha huquqlar kiritilmoqda. Ya’ni mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida to‘rt marta muddati besh sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuv, shuningdek, manzilli koloniyalarda saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda berilmoqda.

Yana bir jihat. Mahkumlarni jazo o‘tashi davrida adolatli mezonlar asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi hamda rag‘batlantirish choralarini qo‘llash komissiyasining ish faoliyati va ularning aniq vazifalari belgilab berilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun bilan jazo muddatini o‘tash davomida mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kengaytirilmoqda. Mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularni tintuv qilish vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qo‘llanilishining oldi olinmoqda.

Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasi to‘ldirilib, mahkumlarning iltimosiga ko‘ra uchrashuvlari va telefon orqali so‘zlashuvlarini ko‘paytirish hamda video-uchrashuvlar bilan almashtirish tizimi joriy etilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur Qonun mahkumlarning huquq va erkinliklarini kengaytirish hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Manba: Xalq so‘zi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi Qonun bilan qanday o‘zgartishlar kiritilmoqda?