So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5843-sonli Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4472-sonli Qarorining qabul qilinishi davlat fuqarolik xizmatini tashkil etishning tashkiliy-huquqiy asoslarini belgilab berdi.
O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosatini va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirishga oid birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini xorijiy ekspertlarning tavsiyalari va keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda takomillashtirish orqali O‘zbekiston Respublikasida davlat fuqarolik xizmatining asosiy tushunchalari, reglamentlari va kafolatlarini qonun bilan mustahkamlash vazifasi qo‘yildi. Shu asosda O‘zbekiston Respublikasining «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hammamizga ma’lumki, uzoq yillardan beri “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish dolzarb masala bo‘lib kelayotgan edi. Davlat xizmatining umumiy jihatlarini, asoslarini, uning turlarini, tashkiliy-huquqiy mexanizmini, uni o‘tash tartibini, shuningdek davlat xizmatchisining huquqiy maqomini belgilab beruvchi yagona qonunning yo‘qligi ko‘p muammolar keltirib chiqarayotgan edi.
Davlatning taraqqiy etishi eng, avvalo davlat xizmatini to‘g‘ri tashkil etishga, bog‘liqdir. Davlat organlarining samarali faoliyat olib borishi ko‘p jihatdan bu qonunning qabul qilinishini taqozo etadi. Huquqshunos olim Ye.V.Oxotskiy aytganidek, “Davlat xizmatchilari, ularning intilishi va qiziqishlari qanday bo‘lsa, davlat ham shunday taraqqiy etadi”.
Mazkur qonun loyihasi bir necha marta qayta ishlab chiqildi, lekin ayrim sabablarga ko‘ra qabul qilinmadi. Shuningdek, “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida nazarda tutilgan edi.
Mazkur qonunning “Davlat fuqarlik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga qanday bog‘liqligi bor degan savol tug‘iladi. Yoki qonun loyihasining nomi shunday tahrirda o‘zgartirildimi? Davlat xizmati bilan davlat fuqarolik xizmatini forqi bormi? Chunki respublikamiz qonunchilik hujjatlarida asosan davlat xizmati atamasi qo‘llanib kelingan, lekin davlat xizmati va davlat xizmatchisi tushunchasi hech bir qonunchilik hujjatida keltirilmagan. Faqat nazariy asoslari huquqshunos olimlar tomonidan keltirib o‘tilgan edi. Davlat xizmati tushunchasiga ko‘pchilik olimlar turlicha ta’rif berishgan.
Jumladan, huquqshunos olim B.M.Lazerev “Davlat xizmati – davlatga xizmat qilish, ya’ni uning talabi bilan ma’lum bir pul mukofoti evaziga davlat organida davlat oldida turgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha bo‘ladigan faoliyatdir”, deb ta’rif bergan.
Huquqshunos olim O.T.Xusanov bu haqda shunday yozadi, davlat xizmati vakillik, ijroiya, sud hokimiyati organlarining boshqaruvidagi va boshqa davlat organlaridagi davlat nomidan uning vazifalarini bajaruvchi xizmatlardan iborat.
Xorijiy davlatlar qonunchiligida davlat xizmati tushunchasi derli bir-biriga yaqin, ya’ni davlat xizmati deganda professional asosda davlat organlarining vaqolatlarini ijro etishni ta’minlashga qaratilgan faoliyat deb belgilangan. Horijiy mamlakatlar qonunchiligini hamda huquqshunos olimlarning ilmiy ishlarini tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki davlat fuqarolik xizmati davlat xizmatining tizimiga kirib, uning bir turi hisoblanadi.
Jumladan, Armaniston Respublikasining qonunchiligida davlat xizmati tizimi fuqarolik xizmati, sud, diplomatik xizmat, mudofaa bo‘yicha maxsus xizmat, milliy xavfsizlik, politsiya, soliq, bojxona xizmati va bir qator davlat xizmati turlaridan iborat. Kirg‘iziston Respublikasi davlat xizmati tizimiga esa davlat fuqarolik xizmati, harbiy, huquqni muhofaza qilish va diplomatik xizmat turlarini o‘z ichiga oladi. Rossiya davlat xizmatining tizimi davlat fuqarolik, harbiy va huquqni muhofaza qilish xizmati kabi turlardan iborat. Germaniya Federativ Respublikasida davlat fuqarolik xizmati ommaviy xizmat deb yuritiladi.
Davlat xizmatining bunday turlarga bo‘linishi har bir davlatning qonunchiligida maxsus qonunlar bilan tartibga solinadigan davlat xizmati turlari mavjudligini bildiradi. Bizning mamlakatimiz qonunchiligida ham harbiy xizmat, huquqni muhofaza qilish xizmatlari, soliq, bojxona xizmati va boshqa bir zator davlat xizmatining turlari alohida qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solingan, ammo davlat fuqarolik xizmati va uni tashkil etish mexanizmini tartibga soluvchi qonunchilik hujjati mavjud emas edi.
Ayrim davlatlarda davlat fuqarolik xizmatiga oid munosabatlar shu davlatning Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonuni bilan yoki alohida Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi yoxud Ommaviy xizmat to‘g‘risidagi qonunlar bilan tartibga solingan hamda davlat fuqarolik xizmati davlat xizmatining turi ekanligi belgilangan. Shuningdek, prezident, bosh vazir, gubernatorlarning, sudyalarning hamda davlat siyosiy mansablarini egallovchi boshqa shaxslarning faoliyati davlat fuqarolik xizmati hisoblanmasligi ta’kidlab o‘tilgan.
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ham qonunning qo‘llanilish sohasi belgilanib, qaysi sohalarga tatbiq qilinmasligi ham ko‘rsatib o‘tilgan: mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari hamda sudyalardan tashqari barcha O‘zbekiston Respublikasi davlat fuqarolik xizmatchilariga tatbiq etiladi.
Huquqni muhofaza qiluvchi, mudofaa, davlat xavfsizligi organlarida, diplomatik, bojxona, soliq va qutqaruv xizmatida xizmat o‘tayotgan davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi, deb belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi harbiy xizmat va huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi xizmat davlatning maxsus xizmati hisoblanadi va alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi
Darhaqiqat, yuqorida keltirib o‘tilgan sohalardagi davlat xizmatini tartibga olsuvchi alohida qonunlar mavjud. Masalan, Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagin qonun, Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risidgai qonun, Mudofaa to‘g‘risidagi qonun, Umumiy harbiy majburiyat harbi xizmat to‘g‘risidagi qonun, Davlat soliq xizmati Davlat bojxona xizmati to‘g‘risidagi qonun va boshqa shu kabi maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi.
Shuningdek, qonun loyihasi davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlarda amalga oshiruvchi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi davlat fuqarolik xizmatchisi hisoblanishi belgilangan. Davlat fuqarolik xizmatining Davlat lavozimlari reyestri, ya’ni davlat organlari va tashkilotlaridagi iyerarxik tarzda tashkil qilingan davlat lavozimlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Endi kim davlat fuqarolik xizmatchisi va uning huquqiy maqomi, ijtimoiy kafolatlari, uning faoliyatini baholash qanday aniqlanadi degan bahs-munozaraga asos qolmaydi.
Qonun loyihasi 11 ta bob va 75 ta moddadan iborat bo‘lib,
- Qonunni qo‘llanilish sohasi va maqsadi;
- davlat fuqarolik xizmatining asosiy prinsiplari;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlari;
- davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy holati (maqomi) (davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq huquq, majburiyat va cheklovlari);
- davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari (manfaatlar to‘qnashuvi, daromadlari, mol-mulki va ko‘p miqdordagi xarajatlarini deklaratsiya qilish);
- milliy kadrlar zaxirasi; davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va uni tugatish tartibi;
- davlat lavozimlarining guruh va kategoriyalari;
- davlat fuqarolik xizmatchilarining malaka va martaba darajalari;
- davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy rivojlanishi;
- faoliyat samaradorligini baholash tizimi (KPI);
- davlat fuqarolik xizmatchilarini mehnatiga haq to‘lash, pensiya ta’minoti va ijtimoiy himoyasi;
- davlat fuqarolik xizmatchilarining javobgarligi kabi munosabatlarn tartibga solishi belgilangan.
Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqda mazkur qonunning qabul qilinishi davlat xizmatchilarini mol-mulki va ko‘p miqdordagi xarajatlarini deklaratsiya qilish uchungina ahamiyatli deb hisoblashmoqda. Vaholanki, deklaratsiya qilish korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish va ularga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilib, mazkur tartib faqat davlat fukarolik xizmatchilariga nisbatan emas, balki barcha turdagi davlat xizmatchilariga nisabatan tatbiq etilishi kerak.
Mazkur qonun bilan faqat Davlat fuqarolik xizmatchilari va ular oila a’zolarining daromadlari, mol-mulki va ko‘p miqdordagi xarajatlarini deklaratsiya qilish tartibga solinadi. Boshqa davlat xizmatchilarining va ular oila a’zolarining daromadlari, mol-mulki va ko‘p miqdordagi xarajatlarini deklaratsiya qilish tartibi maxsus qonunlarda ham belgilanishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, davlat xizmatining asosiy turi bo‘lgan davlat fuqarolik xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini, uning mexanizmini belgilab beruvchi qonunning qabul qilinishi davlatimizning rivojlanishida, davlat xizmatini samarali faoliyat yuritishida juda ham muhim ahamiyatga ega hamda mazkur sohadagi mavjud muammo va bahs-munozaalarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
TDYUU, Davlat huquqi va boshqaruvi
kafedrasining katta o‘qituvchisi
F.B.Isayeva
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
kafedrasining katta o‘qituvchisi
F.B.Isayeva
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi
Xitoyda markazida bog‘ bo‘lgan 270 metrli osmono‘par bino quriladi