
Toshkent va Samarqand shaharlari o‘rtasida qurilishi rejalashtirilgan yangi tezyurar temir yo‘l magistrali ikki poytaxt orasidagi yurish vaqtini bir yarim soatgacha kamaytirishi kutilmoqda. Bu haqda "Spot" nashri Transport vazirligining muzokaralariga asoslanib ma’lum qildi.
"Mavjud yo‘llardan foydalanish murakkab"
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ta’kidlashicha, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari Koreya Eksimbankining granti yordamida tayyorlangan. Mamlakatimizdagi mavjud temir yo‘llarning tranzit imkoniyati cheklangan, chunki yo‘lovchi tashishdan tashqari, yirik yuk tashuvlari ham o‘tadi. "Bitta liniyadan bir vaqtning o‘zida ham yuk, ham yo‘lovchi tashishda foydalanish murakkab. Shu sababli, alohida tezyurar temir yo‘l tarmog‘ini bunyod etish muhim ahamiyatga ega," — degan Choriyev.
Yangi tezyurar yo‘l Toshkentdagi yangi xalqaro aeroportni bog‘lab, Samarqandgacha davom etadi. Yaqinda xarid qilingan 6 ta Hyundai Rotem poyezdlari shu yil oxiridan boshlab olib kelinadi va keyingi yil boshidan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun foydalanishga topshiriladi.
Eng tezkor variant: 86 daqiqa!
24 oktabr kuni Janubiy Koreyaning «Saman Engineering» kompaniyasi Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lining 3 ta variantini taqdim etdi.
Eng tezkor — birinchi variantda temir yo‘lning uzunligi 282 km bo‘lib, harakat vaqti 1 soat 26 daqiqani (o‘rtacha 185,7 km/soat) tashkil etadi. Ushbu loyiha doirasida 74 ta ko‘prik va 3 ta tunnel qurilishi rejalashtirilgan. Qolgan variantlarda masofa uzayib (291.7 km va 302 km), sarflanadigan vaqt 1 soat 33 daqiqadan 1 soat 45 daqiqagacha ortadi.
Eslatib o‘tamiz, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni boshlash bo‘yicha kelishuv joriy yil fevralida Janubiy Koreya konsorsiumi bilan yakunlangandi. Ahamiyatlisi, ushbu yirik loyihani, jumladan, temir yo‘lni moliyalashtirishga Xitoy Eksimbanki va Yevropa investitsiya banki kabi nufuzli moliya institutlari qiziqish bildirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.