16:33 / 03.07.2020
2 849

Nima uchun “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi barcha davlat xizmatchilarini qamrab olmadi?

Nima uchun “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi barcha davlat xizmatchilarini qamrab olmadi?
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarining malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlanmayotganligiga, kadrlar malakasining yuklatilgan vazifalar va zamonaviy ehtiyojlarga nomuvofiqligiga, qabul qilinayotgan qarorlar sifatining pastligiga olib kelayotgan bir qator tizimli muammolar va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Xususan, davlat fuqarolik xizmatini, shu jumladan nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni ta’minlovchi, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholovchi mezonlarni, ularning malakasini oshirishga bo‘lgan talablarni belgilovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir kuchiga ega qonun mavjud emas.
Yuqoridagi muammolarni oldini olish uchun mamlakatimizda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis
Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha
vakili (ombudsman), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari hamda sudyalarga tatbiq etilmaydi. O‘z navbatida, huquqni muhofaza qiluvchi, mudofaa, davlat xavfsizligi organlarida, diplomatik, bojxona, soliq va qutqaruv xizmatida xizmat o‘tayotgan davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Ho‘sh, nima uchun qonun loyihasi barcha davlat xizmatchilarini qamrab olmaydi? Buni bir qancha sabablari bor.

Birinchidan, mazkur davlat xizmatchilarining aksariyati saylanadigan hizmatchilardir. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga ko‘ra tegishli tartibda saylov asosida lavozimiga saylanadi. Qonun loyihasida esa davlat fuqarolik xizmatchilari esa alohida tartibda lavozimga keladi. Jumladan, ushbu davlat xizmatchilari tanlov asosida saralab olinadi. Tanlovni o‘tkazish meritokratiya, ochiqlik va mustaqillik prinsiplari asosida amalga oshiriladi. Tanlovni o‘tkazishda nomzodlarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqei bo‘yicha kamsitishlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bo‘sh davlat lavozimlari to‘g‘risida axborot «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli organi rasmiy veb-saytida avtomatik tarzda nashr etiladi, shuningdek davlat organi va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida, ijtimoiy tarmoqlar, messendjerlarda va davriy bosma nashrlarda ham joylashtirilishi mumkin. Ko‘rinib turibdiki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy majlis deputatlari va boshqalarga mazkur tartibotni qo‘llab bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, davlat lavozimlarining guruh va kategoriyalarga bo‘lishni saylanadigan davlat xizmatchilariga tatbiq etib bo‘lmaydi. Qonun loyihasiga ko‘ra davlat fuqarolik hizmatchilari “A”, “V” va “S” guruhlarga bo‘lish nazarda tutilmoqda.

Uchinchidan, davlat fuqarolik xizmatchilarining rotatsiyasi tizimini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis

Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha
vakili (ombudsman)larga qo‘llab bo‘lmaydi. Qonun loyihasiga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilarining rotatsiyasi davlat fuqarolik
xizmati samaradorligini oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat lavozimiga
o‘tkazish yoki boshqa davlat organi va tashkilotining davlat lavozimiga o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

To‘rtinchidan, davlat fuqarolik xizmatini tugatish asoslari ham saylanadigan davlat xizmatchilariga tadbiq etilmaydi. Misol,Oliy Majlis deputatlari uchun alohida chaqirib olish tartibi mavjud.

Bugungi kunda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda mazkur qonun loyihasining korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qismlari e’tirozga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, davlat fuqarolik xizmatchilari va ular oila a’zolarining daromadlari, mol-mulki va ko‘p miqdordagi xarajatlarini deklaratsiya qilishga oid normasi saylanadigan davlat hizmatchilariga tatbiq etilmasligi asosiy muhokama mavzusiga aylandi. Albatta mazkur e’tirozlar o‘rinli. Lekin, ushbu masala “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi asosida hal etilishi noo‘rin.

Sababi yuqorida ta’kidlanganidek ushbu qonun loyihasi saylanadigan davlat hizmatchilariga tadbiq etilmaydi. Muammoni boshqa qonun hujjati ishlab chiqib hal etilishi lozim. Bu borada alohida qonun hujjati ishlab chiqilyapganligi ta’kidlab o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining asosiy maqsadlaridan biri ham shundan iborat.

Horijiy mamlakatlarda ham davlat hizmatchilarining turkumlarga bo‘lish amaliyoti mavjud. Jumladan, Fransiyada barcha davlat xizmatchilari ikki katta turkumga bo‘linadi. Bulardan birinchisini davlat ma’muriyati, shuningdek mahalliy hamjamoalar va ommaviy muassasalarning fuqarolik xizmatchilari (shu jumladan o‘qituvchilar va shifokorlar) tashkil etadi; ikkinchi guruh harbiy xizmatchilar, sudlar va parlament xodimlaridir.

AQSHda esa davlat hizmatini “hukumat hizmati” va “fuqarolik hizmati” kabi turkumlarga bo‘lish amaliyoti mavjud.
Buyuk Britaniya davlat xizmati asosiga qo‘yilgan siyosatdan davlat boshqaruvini ajratish tamoyiliga muvofiq davlatning barcha mansabdor shaxslari ikki asosiy turkumga: hukumat iste’foga ketishi bilan almashadigan siyosatchilar hamda boshqa ma’muriy organlardan mustaqil bo‘lgan Fuqarolik xizmati komissiyasi tomonidan doimiy ishga yollanadigan kasbiy ma’murlarga bo‘linadi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qonun ijodkorligi va horijiy mamlakatlar tajribasi nuqtai nazardan to‘g‘ri ishlab chiqilgan.

Artikov Dilmurod Raxmatillayevich
TDYUU katta o‘qituvchisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nima uchun “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi barcha davlat xizmatchilarini qamrab olmadi?