10:53 / 14.09.2020
2 064

Feyklar: qonun yolg‘onga qarshi nima qila oladi?

Feyklar: qonun yolg‘onga qarshi nima qila oladi?
Foto:«Foreign Policy»
Ijtimoiy tarmoqlar asrida tarmoq foydalanuvchisi qarshisida haqqoniy axborotni yolg‘onidan ajratish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Gap faqat noaniq fakt va ma’lumotlar to‘g‘risida emas (jurnalistlar xato qilishi mumkin, chunki bu kasb tezkorlikni talab qiladi), balki avval boshdan biron maqsadni ko‘zlab ataylab to‘qilgan yolg‘on xabarlar, ya’ni feyklar haqida bormoqda.

Feyklar nima uchun yomon?
2016 yilning yozida Makedoniyaning Veles shahridan favqulodda shiddat bilan oqib kelayotgan noaniq, yolg‘on ma’lumotlar Buzzfeed media kompaniyasi muharriri Kreyg Silvermanning e’tiboriga tushdi. Negadir barcha xabarlar bir shaxs va mavzu atrofida edi: «Xillari Klintonning elektron xatlarini OAVga sizdirib yuborishda gumonlangan FQB agenti o‘z joniga qasd qildi».

Masalani o‘rgangan jurnalistlar feyk tarqatuvchi 140 ga yaqin saytlarni aniqladilar, ularning aksari Facebook da yuz minglab obunachilarga ega bo‘lib chiqdi. Asosan yolg‘on ma’lumotlar va qichqiruvchi sarlavhalarga to‘la ushbu pabliklar adminlari foydalanuvchilarning katta oqimini jalb qilish ortidan yaxshigina pul ishlab topayotgan edilar. Xillari Klinton haqidagi uydirma esa qarmoqqa ilingan xo‘rak vazifasini o‘tadi.

Ko‘p o‘tmay ushbu feyk xabarlar internet bo‘ylab yashin tezligida tarqalib, AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘ygan Xillari Klinton uchun jiddiy bosh og‘rig‘i bo‘ldi. Davlat arboblari esa feyklar bilan kurashni davlat siyosatiga darajasida olib borish zarurligini anglab yetdilar.

Feyklar ichki va tashqi siyosatga ta’sir o‘tkazadi, xususan, mamlakatlararo ziddiyatlarni kuchaytiradi, saylovchilarni va davlat miqyosida muhim qarorlar qabul qiluvchi shaxslarni chalg‘itadi, oddiy insonlarning kundalik maishiy hayoti va ruhiy xotirjamligiga putur yetkazadi.

Fikrimiz isbotiga quyidagi ikki misolni keltiramiz:
1-keys. Vashingtonda otishma. 2016 yil Xillari Klinton xonimning yosh bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotga aloqadorligi haqidagi yolg‘on xabarga ishongan 28 yashar shaxs Comet Ping Pong pitsseriyasiga to‘pponcha bilan kirib keladi va muassasa sohibini ham shu tashkilotga a’zo degan gumonda unga qarata o‘q uza boshlaydi. Yaxshiki, bunda hech kim jiddiy zararlanmadi.

2-keys. 2016 yilning dekabrida Pokiston mudofaa vaziri Xavoja Asif o‘zining Twitter sahifasida «Isroil Islomobodga yadro quroli bilan po‘pisa qildi, ammo Tel-Aviv Pokistonda ham yadro quroli borligini unutmasin» degan mazmunda tvit yozib qoldirdi. Vazir AWD News saytida e’lon qilingan feyk xabarga ishonib bu tvitni yozgan edi. Isroil mazkur xabar yolg‘on ekanini isbotlash uchun ancha ovora bo‘ldi. Birgina yolg‘on xabar mamlakatlararo siyosiy inqirozga sabab bo‘layozdi.

Ko‘rinib turganidek, yolg‘on xabarlarga hokimiyatda katta vakolat va kuchga ega insonlar, saylovchilar, kasallarni davolovchi vrachlar, umuman, muhim qarorlar qabul qiluvchi insonlar ishonib qo‘yishlari mumkin. Bu esa juda jiddiy oqibatlarga olib kelishini taxmin qilish qiyin emas.

Dunyo feyklarga qarshi
Bugungi kunda feyklardan kelayotgan xavf ko‘lamini to‘g‘ri baholab, ularga qarshi davlat miqyosida kurashish tendensiyasi dunyo davlatlari orasida tobora rivojlanib borayotganini ko‘rish mumkin.

Ayniqsa, «deep-fakes» (sun’iy aql ishtirokida soxta axborot, foto va videomateriallarni tayyorlash) avj olib borayotganini kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan soxta xabarlar mavzusi yirik muhokama maydonlarida tez-tez tilga olinmoqda.

Jumladan, 2019 yil 21-22 fevralda Venada bo‘lib o‘tgan YEXHT Parlament assambleyasining qishki sessiyasida bu mavzu diqqat e’tiborda turdi. Bundan tashqari, 2019 yilgi Xalqaro Peterburg yuridik forumi ham «Feyk-nyus borasidagi qonunchilikka OAVning munosabati: Rossiya va jahon tajribasi» mavzusida o‘tkazildi.

Feyklarga qarshi kurash strategiyasini izlab topish hozirda qator Yevropa mamlakatlari va AQSHning prioritetlari qatoridan joy olgan.

Har qanday noto‘g‘ri xabar feyk bo‘ladimi?
Yo‘q, har qanday noto‘g‘ri ma’lumot ham feyk bo‘lavermaydi. Bunda ushbu ma’lumotning kelib chiqishi va uni tarqatishdan ko‘zlangan maqsad muhim rol o‘ynaydi.

Masalan, ob-havo ma’lumotlarini tarqatuvchi «bugun yomg‘ir yog‘maydi» desa, bunday deyishga ilmiy-tadqiqiy asoslari bo‘lsa, ammo yomg‘ir yog‘sa, ushbu ma’lumot feyk hisoblanmaydi. Biroq bugun yomg‘ir yog‘ish-yog‘masligi haqida umuman ma’lumotga ega bo‘lmay, «yomg‘ir yog‘adi» deya ataydan yolg‘on ma’lumot tarqatsa, feyk bo‘ladi.

Feyklarning oddiy jurnalistlik xatolaridan farqi shuki, ular avval boshdanoq ma’lum manfaatlarni ko‘zlab, ataydan to‘qib chiqariladi va tarqatiladi.

Shu sababli ham jahon tajribasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik aynan «avvaldan bila turib ataydan tayyorlash va tarqatish» holatlariga nisbatan tatbiq etilishi alohida ta’kidlab o‘tilgan. Ya’ni axborot tarqatuvchining noto‘g‘ri ma’lumotni tarqatishda uning noto‘g‘ri ekanini bilishi va bundan biron manfaat-maqsad ko‘zlagani isbotlanishi lozim.

Olaylik, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi u yoki bu ma’lumotning rostligiga ishonib, uni o‘z sahifasida ulashsa, bu huquqbuzarlik emas, biroq ma’lumotning yolg‘onligini bilib turib uni yaratsa va/yoki uni tarqatishda ishtirok etsa, huquqbuzarlik deb qaraladi.

Bunda tarqatilgan ma’lumotning feyk yoki xato deb tan olinishini mansabdor shaxs emas, sud hal qiladi.

O‘zbekiston uchun feyklar mavzusi nima uchun muhim?
Bugungi kunda O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 20 mln kishiga yetdi. Ijtimoiy tarmoqlarning (Facebook, Instagram, Telegram) faol kundalik auditoriyasi 1,6 mln foydalanuvchini tashkil etadi. Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham ijtimoiy tarmoqlar allaqachon jamoatchilik fikrini shakllantirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan virtual makonga aylandi.

Afsuski, bunda ta’sir usullari va vositalari doim ham qonuniy, to‘g‘ri va maqsadga muvofiq tanlanmayapti. Yuqorida biz feyklarning turli maqsadlar yo‘lida qo‘llaniladigan yuqori samarali, ammo oqibatlarini taxmin qilish mushkul bo‘lgan vosita ekanini aytib o‘tdik. Masalaga bugun ijtimoiy tarmoqlar o‘zbek segmenti misolida qarasak, muammolarni yanada aniq ko‘ramiz.

Masalan, yerqalampirni koronavirusga davo degan feyk ortidan moddiy foyda ko‘rishdan tortib u yoki bu amaldorni «o‘ldi/qamaldi»ga chiqarib, asossiz xavotir uyg‘otish orqali omma ongini manipulyatsiya qilishga urinishgacha.

Feyklarga qarshi kurashda aholining mediasavodxonligini oshirishdan tortib ushbu masalani qonun orqali tartibga solishgacha bo‘lgan qilinadigan qator masalalarga yechim topish lozim.

Xususan, Milliy qonunchiligimizda feyk xabarlarni tarqatganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan. Ma’muriy va Jinoyat kodekslarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ijtimoiy muhim ahamiyatga molik masalalarda yolg‘on ma’lumotlarni haqiqiy deb taqdim etishga javobgarlik belgilanmagan.

Ayrim faol internet foydalanuvchilarida axborot madaniyatining past darajadaligi hamda mas’uliyatsizlik va jazoga tortilmaslik tuyg‘usi sabab aholi orasida sarosimaga va ijtimoiy munosabatlarning beqarorlashuviga olib keluvchi yolg‘on axborotlar va uydirmalar faol tarqatilayotgani kuzatilmoqda.

Bu holat, o‘z navbatida, mamlakat hayotidagi jarayonlar va voqealarga nisbatan jamoatchilikning asossiz salbiy fikri shakllanishi to‘g‘risidagi xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Zero ko‘pchilik fuqarolar mazkur xabarlarni haqiqiy va to‘g‘ri deb qabul qiladi. Shu bois bugun ushbu harakatlar uchun javobgarlik masalasi kun tartibiga chiqdi.

Ayni masalaga yondashishda tartibga solishni senzura bilan adashtirmaslik, me’yor va mezonlarni aniq belgilab olish hamda qaror qabul qilish vakolati sudlarda ekanini unutmaslik lozim.

Shahnoza Soatova,
Adliya vazirligi mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Feyklar: qonun yolg‘onga qarshi nima qila oladi?