10:30 / 07.10.2020
2 913

Mutasaddilar yog‘ va shakar narxi qachon tushishini ma’lum qilishdi

Mutasaddilar yog‘ va shakar narxi qachon tushishini ma’lum qilishdi
Foto: «Faceandcare.ru»
Joriy yil 6 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Oziq-ovqat mahsulotlariga narx belgilash masalasi va mahsulotlar narxlarining ko‘tarilishiga ta’sir etuvchi omillar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi boshqarma boshlig‘i Shahobiddin Ortiqov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Otajon Pirmanov, Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Doniyorov, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bo‘lim boshlig‘i Farhod Ochilov, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Respublika tovar xom-ashyo birjasi, «O‘zyog‘moysanoat», «O‘zbaliqsanoat» va «O‘zparrandasanoat» uyushmalari mutasaddilari ishtirok etishdi.

Qayd etilishicha, Rossiyada shakar mahsuloti xom-ashyosini yetishtirish hajmi kamayishi bizdagi shakar narxiga ta’sir o‘tkazmay qolmagan. Shakar ishlab chiqaruvchi ikkita yirik korxonamizga Braziliya davlatidan shakar xom-ashyosini yetkazib, qayta ishlash choralari ko‘rilyapti. Yaqin oylar ichida shakar narxi tushib, 5800 so‘mdan sotilishi aytib o‘tildi.

Karantin davrida aholi iste’moli oshganligi bois narxi oshgan shakar mahsulotlari import ko‘paytirilmagani sababli ma’lum darajada mahalliy korxonalarni himoya qilish maqsadida bo‘lgani ta’kidlandi.

Yog‘-moy mahsulotlarining narxi oshishi esa paxta terim mavsumi tugamagani bilan izohlanmoqda. Mutasaddilar paxta mavsumi tugagach yog‘ narxi tushishini aytib o‘tishdi.

Tuxum mahsulotining narxi oshishi parrandachilikda yemish sifatida foydalaniladigan mahsulotlar chetdan keltirilishi bilan bog‘landi. «O‘zparrandasanoat» uyushmalari mutasaddilari ilgari (tuxum narxi 250-400 so‘m paytlarda — tahririyat) tuxum ishlab chiqaruvchilar zarariga ishlaganini aytib o‘tishdi. Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan bir qancha savollariga javob olishdi.

Sanjar Mashriqiy
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)