22:12 / 17.11.2020
2 147

«Maxfiy topshiriq bo‘yicha mafiyani fosh etganim uchun qamaldim» — cobiq prokuror hikoyasi

«Maxfiy topshiriq bo‘yicha mafiyani fosh etganim uchun qamaldim» — cobiq prokuror hikoyasi
Farhod Shaymanov
Gaz kondensatining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelgan mashhur «Shayna» jinoiy to‘dasini fosh etgan prokuror sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovning qahriga uchraydi. Ta’qiblardan so‘ng u sahnalashtirilgan “tezkor tadbir” orqali pora olishda ayblanib, 8 yilga kesiladi. Bir necha yillik murojaatlaridan so‘ng to‘la oqlangan Farhod Shaymanov davlat va xalq mulkini himoya qilish vazifasini bajarishi ortidan boshiga tushgan kulfatlar haqida so‘zlab berdi.

Yaqin tariximiz tom ma’noda dramatik voqealarga boy bo‘lganini bilamiz. Biroq ba’zida hali ko‘p narsani bilmasligimiz ma’lum bo‘lib qoladi, zero noma’lum bo‘lgan hodisalar ochiladi, o‘tmishning yangi qirralari bo‘y cho‘zadi.

Ba’zida yuz bergan hodisalar bilan tanishish jarayonida kishi o‘tkir syujetli badiiy film ko‘rgandek bo‘ladi... Zero, yaqin moziydan kelgan xabarlar – voqealar o‘zining keskin, biz kutmagan rivoji bilan hayratda qoldiradi.

Voqeamiz qahramoni prokuratura tizimida ishlagan. Uning biografiyasi boshqa xodimlarniki kabi bo‘lishi mumkin edi, biroq bir nuqtaga kelib boshqa tarafga burilib ketdi, hibsga olinishi, qiynoqqa solinishi va oxir-oqibat tuhmat bilan qamoqqa tashlanishi bilan tugadi.

Sababi – o‘z kasbi taqozosi ila u maxfiy topshiriqqa asosan jinoiy guruhni javobgarlikka tortgan edi.

«Bu uning vazifasi-ku», deysiz albatta. Ha, shunday, biroq u «fosh qilinishi mumkin bo‘lmagan» jinoiy guruhlarga qonuniy chora ko‘rgani unga qimmatga tushdi...

2006 yilda Qashqadaryo viloyat MXX va prokuraturasiga o‘sha vaqtda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevning imzosi bilan «Sho‘rtangaz»da gaz kondensati mahsulotlari talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘yicha maxfiy topshiriq keladi.

Jinoiy to‘da rahbarining ismi Shaynazar bo‘lgani bois, bu guruh jinoyat olamida «Shayna» nomi bilan tilga olingan.

Ushbu topshiriq yuzasidan Qashqadaryo viloyat MXX boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Morozov va viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Farhod Shaymanovlar hamkorlikda tegishli chora-tadbirlar belgilab, jinoiy guruhni fosh etish bo‘yicha surishtiruv-tergov jarayonlarini boshlab yuboradi.

Mazkur topshiriq bajarilishi jarayonida Surxondaryo viloyati orqali Tojikiston va Afg‘oniston davlatlariga aylanma yo‘llar orqali g‘ayriqonuniy ravishda olib ketilayotgan 40 (qirq) tonna gaz kondensat mahsulotlari Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani hududida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi. Ammo jinoiy guruh a’zolari organ xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, 4 nafar IIB xodimining qo‘l va oyoqlarini sim bilan bog‘lab, og‘izlariga latta tiqib, chuqurga tashlab yuborishadi.

Shundan so‘ng holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, jinoiy guruh a’zolarini fosh etish va ushlashga qaratilgan keng ko‘lamli tergov-tezkor tadbirlari o‘tkaziladi.

Dastlab tuman prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari unga turli kuchlar ta’sir eta boshlaganidan so‘ng viloyat prokuraturasi tergov bo‘limining ish yurituviga o‘tkaziladi.

Shaymanov viloyat prokuraturasi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i Sh.Fayziyevga jinoyat ishini o‘z ish yurituviga olish, to‘liq va sifatli tergov harakatlarini amalga oshirish haqida ko‘rsatma beradi. Jinoyat ishi tergov harakatlari davomida jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan tegishli dalil to‘planib, dalillar va guvohlarning bergan ko‘rgazmalari asosida jinoyatni sodir etgan shaxslar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinadi. O‘sha paytda amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra jinoyat ishidagi ayblanuvchilarni qamoqqa olish to‘g‘risidagi sanksiyalar shaxsan Farhod Shaymanov tomonidan imzolanadi.

Ammo ko‘p o‘tmay tergov harakatlari sustlashib qoladi. Viloyat prokurorining ko‘rsatmasi bilan tergov harakatlarini o‘tkazayotgan Sh.Fayziyev biron bir asossiz ishdan chetlatiladi va lavozimidan ozod etilib, tuman prokurori yordamchisi lavozimiga o‘tkazib yuboriladi.

Tergov harakatlari esa ishdan bevosita manfaatdor bo‘lib kelayotgan viloyat prokurorining o‘rinbosariga olib beriladi.

Shundan so‘ng Farhod Shaymanov bosh prokuror Rashid Qodirovning qabuliga borib, unga kondensat masalasi bo‘yicha bo‘layotgan voqealarni aytib yordam so‘raydi. Lekin R.Qodirov hech qanday yordam bermay, ushbu jinoyat ishidan chetlatish maqsadida Shaymanovni Qashqadaryo viloyat prukurorining birinchi o‘rinbosari vazifasidan Surxondaryo viloyat prokurori o‘rinbosari vazifasiga asossiz o‘tkazib yuboradi.

Rashid Qodirov
Qashqadaryodagi lavozimidan chetlatilgan Farhod Shaymanovga nisbatan noma’lum shaxslar tomonidan turli ta’qiblar boshlanadi.

Bu orada «gazokondensat ishi» bo‘yicha tergov yakunlanib, 67 nafar shaxsga nisbatan JKning turli moddalari bilan ayb e’lon qilinib, tegishli ehtiyot choralari qo‘llanilib, ayblov xulosasi bilan jinoyat ishi tegishli sudlovga yuboriladi. Ish viloyat sudida ko‘rib chiqilib, 67 kishi tegishli jinoiy jazoga tortiladi.

Tergov ishiga to‘sqinlik qilishga uringan ko‘plab prokuratura xodimlari ham jinoiy javobgarlikka tortilib, lavozimlardan bo‘shatiladi.

Farhod Shaymanovning aytishicha, gazokondensat ishidan manfaatdor bo‘lgan sobiq bosh prokuror R.Qodirov uni Surxondaryo viloyat prokurori o‘rinbosari lavozimidan ham ozod etib, Zangiota tuman prokurorining yordamchisi lavozimiga o‘tkazib yuboradi.

Nohaq lavozimdan olinishi, ruhiy zo‘riqish, ta’qib va tahdidlar sabab Shaymanov sog‘ligini yo‘qotadi. Oyoqqa turgach Zangiota tuman prokurorining yordamchisi lavozimiga kirishishga majbur bo‘ladi.

2008 yil 4 iyul kuni, Shaymanovning ushbu vazifada ishlay boshlaganiga 12 kun bo‘lganda unga nisbatan ochiqdan ochiq tuhmat uyushtiriladi – muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs yollanib, Zangiota tuman prokuraturasi binosiga kiraverishdagi militsiya posti yonida cho‘ntagiga pul tiqishga urinishadi. Shaymanov bunga qarshilik ko‘rsatishi oqibatida tezkor tadbir «ko‘ngildagidek» chiqmaydi. Ammo shunga qaramay, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Ruhiy va jismoniy qiynoqlar ostida qolgan Shaymanov mazkur ishda ayblanib, sud hukmi bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi.

Qariyb 2 yil umrini qamoqda o‘tkazgan Shaymanov ozodlikka chiqiboq, o‘zini oqlashlarini so‘rab arizalar yoza boshlaydi. Uning turli instansiyalarga yozgan ariza va shikoyatlari sonining sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.

Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lib saylangach, Shaymanovda umid uchqunlari yana alangalanadi. Takror va takror yo‘llanavergan shikoyatlar samara berib, uning ayblilik masalasi qayta ko‘rib chiqiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2018 yil 20 apreldagi ajrimi bilan F.Shaymanov mutlaqo aybsiz deb topilib, oqlanadi.

Bosh prokurorning 2018 yil 24 avgustdagi 869-son buyrug‘iga asosan, F.Shaymanovning egallab turgan lavozimidan ozod qilinishi va prokuratura tizimidan chetlatilishi haqidagi 04.07.2008 yilgi 105-sonli buyrug‘i bekor qilindi. Adliya katta maslahatchisi darajali unvoni tiklandi.

Biroq, F.Shaymanov o‘z lavozimi hamda 14 yillik ish staji tiklanishini, shu bilan birga ko‘rgan moddiy va ma’naviy zararlar qoplanishini talab qilib, sudga murojaat qilgan. Da’vo kiritish uchun qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan muddat o‘tkazib yuborilgani bois sud Shaymanovning ishga tiklashga oid talabini rad etdi. Ammo F.Shaymanovning da’vo talablari qisman qanoatlantirilib, unga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 100 mln so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lanishi belgilandi. Fuqarolik sudi Shaymanovga moddiy zararni undirish haqidagi talab bilan oqlov hukmini chiqargan sudga murojaat qilish tartibi tushuntirilgan.

Xayolan bo‘lsa-da o‘tmishga qaytish ba’zida qiyinchilik tug‘diradi. Nega? Chunki ba’zida o‘sha o‘tmish bedarak yo‘qotilgan, sovurilgan imkoniyatlar haqidagi misollarni o‘z ichiga oladi. Va bu misollar esga olinganda har gal qalb o‘rtanadi, zero ular bo‘lmaganda voqelik boshqacha ko‘rinish olishi mumkinligi anglanadi.

Yaqin o‘tmishimiz ham shunday misollarga boy. O‘sha o‘tmishda har bir tizim o‘zining asl vazifasini to‘g‘ri bajarganda, yurt ravnaqi yuqori lavozimlardagi birqancha shaxslar tomonidan pulga sotilmaganda, bugunimiz o‘zgacha ko‘rinish olishi, muvofiq ravishda ertamizga ishonchimiz ham o‘zgacha kuchli bo‘lardi.

Demak, bugungi kunda har bir lavozim egasi u yoki bu qilmishi bilan yurtning ertangi kuni poydevorini qo‘yayotganini anglashi, qo‘ygan har bir qadami kelajakda aks-sado berishi va tabiiyki, oxirat manzili uchun nomai a’molini bitayotganini bilishi kerak.

Shokir Sharipov tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)