Apple Siri uchun maxfiylikni kuchaytiruvchi yangi funksiyalarni tayyorlamoqda

Bloomberg jurnalisti Mark Gurman bergan maʼlumotlarga koʻra, Apple iyun oyida boʻlib oʻtadigan Worldwide Developers Conference tadbirida Siriʼning yangilangan versiyasini taqdim etadi. Ushbu yangilanish kompaniyaning sunʼiy intellekt sohasidagi oʻrnini mustahkamlash uchun muhim qadam hisoblanadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi Siri Google Gemini texnologiyasi asosida ishlaydigan alohida ilova koʻrinishida taqdim etilishi kutilmoqda. Bu foydalanuvchilarga ChatGPT kabi chatbotlar bilan muloqot qilish imkonini beradi, biroq Apple raqobatchilardan farqli oʻlaroq, maxfiylik masalasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Kompaniya foydalanuvchilar maʼlumotlarini saqlash muddatini cheklashni rejalashtirmoqda. Xususan, Siriʼda xabarlar ilovasiga oʻxshash funksiya paydo boʻlishi mumkin, bu orqali foydalanuvchilar oʻz suhbatlarini 30 kun yoki bir yildan soʻng avtomatik tarzda oʻchirib tashlash imkoniga ega boʻladilar.
Mutaxassislarning fikricha, Apple maxfiylikni birinchi oʻringa qoʻyish orqali Siriʼning boshqa sunʼiy intellekt tizimlariga nisbatan kamchiliklarini yashirishga urinishi mumkin. Shuningdek, Google texnologiyalaridan foydalanish xavfsizlik borasida ayrim savollarni tugʻdirishi ehtimoli ham istisno etilmayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!