Audi oʻzining yangi flagman krossoveri – Audi Q9 modelini rasman eʼlon qildi

Audi kompaniyasi oʻzining eng yirik flagman krossoveri boʻlgan Audi Q9 modelini taqdim etishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Yangi avtomobil 6 yoki 7 oʻrinli salon variantlarida ishlab chiqariladi va PPC platformasi negizida barpo etiladi. Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, ushbu model "nafosat va kenglik" uygʻunligini oʻzida mujassam etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Avtomobil interyerining eng diqqatga sazovor jihati – old panelga oʻrnatilgan uchta yirik ekran. Shuningdek, anʼanaviy uzatmalar qutisi dastagi oʻrniga qulay boshqaruv selektori oʻrnatilgan. Salon bezagida jun, mikrofibra va yuqori sifatli nappa terisi kabi materiallardan foydalanilgan. Bang & Olufsen audio tizimi esa 4D-tovush effektini yaratuvchi vibratsiya modullari bilan boyitilgan.
Audi Q9 barcha eshiklarida elektr yuritma bilan jihozlanadi, ularni kalit, smartfon yoki media tizim orqali boshqarish imkoniyati mavjud. Olti oʻrinli versiyada ikkinchi qator oʻrindiqlari isitish va ventilyatsiya funksiyalariga ega boʻlib, uchinchi qator oʻrindiqlari elektr yuritma yordamida yigʻiladi. Shuningdek, 1,5 kvadrat metr maydonni egallagan panoramali tom ham koʻzda tutilgan.
Texnik jihatdan avtomobil V6 va V8 dvigatellari hamda gibrid tizim bilan taqdim etilishi kutilmoqda. Barcha dvigatellar 8-pogʻonali avtomat uzatmalar qutisi bilan hamkorlikda ishlaydi. Kelajakda standart versiyadan tashqari, sportbop SQ9 va hashamatli Horch Edition modifikatsiyalari ham bozorga chiqarilishi rejalashtirilgan. Sotuvlar 2027-yilda boshlanishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!