23:26 / 29.05.2021
2 872

«Pora beruvchi» bo‘lmaganida, «pora oluvchi» bo‘lmas edi


«Korrupsiya» so‘zi eski lotin tilidan olingan bo‘lib, etimologik jihatdan fasod bo‘lish, xulq-atvorning yaxshidan yomonga o‘zgarishi, chirish degan ma’nolarni bildiradi. Ya’ni ma’naviy yoki jismoniy narsaning fasod bo‘lishi korrupsiya, korrupsiyalashgan jamiyat esa chirigan jamiyat demakdir. Afsuski, yurtimizda korrupsiyani kamaytirish eng qiyin ishlardan biridir, bu illat qon-qonimizga singib ketgan. Bunga misollar yetarlicha afsuski...

“Poraxo‘rlik” atamasiga kelsak. Bu – korrupsiyaning bir ko‘rinishidir. Huquqshunoslar tili bilan aytganda, poraxo‘rlik moddiy boylik yoki mulkiy manfaat (ya’ni pora) evaziga muayyan harakatlarni bajarish yoki bajarmaslikdir.

Poraxo‘rlikni, poraxo‘rni hammamiz qoralaymiz. Lekin pora berganni-chi?..
Keling, poraxo‘rlikni boshqa “...xo‘rlik”lar bilan, masalan, somsaxo‘rlik bilan taqqoslab ko‘raylik. Somsaxo‘rga tayyor somsani somsapaz uzib beradi, ya’ni bu jarayonda kamida ikki kishi ishtirok etyapti: bittasi – oluvchi, ikkinchisi – beruvchi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega pora olish hodisasiga o‘zbek tilida atama (poraxo‘rlik) bor-u, pora berish jarayoniga maxsus atama yo‘q? Nega bora beruvchi deb ataymiz? Aytaylik, nega porapaz yoki porakor deyilmaydi?

Bu bizning pora berish illatiga jiddiy yondashmaganimizdan darak emasmi?..
Atamalarda ajib ma’no va kuch mujassam bo‘ladi, zero, bir hodisani bir so‘z bilan ifoda qilish o‘sha hodisa bilan birga kelayotgan kechinma quvvatini to‘liq ifodalay oladi. Masalan, pora oluvchi deyilsa, “ha, bir-ikki marta olgandir-da” degan fikr o‘tishi mumkin xayoldan, lekin poraxo‘r deyilsa, ko‘z oldizga bu illatni odat qilib olgan kishi keladi. Shunga o‘xshash, pora beruvchi deyilsa, «majbur bo‘lganda bergan-da bir-ikki marta», deysiz (aslida odamlar qancha pora berganining sanog‘ini yo‘qotgan: tug‘ruqxonadagi suyunchilardan tortib, yaxshiroq joydan qabr qazib berishi uchun go‘rkovga berilgan pullarni eslang).

Agar pora beruvchiga nisbatan salbiy ma’noni ifodalovchi maxsus atama bo‘lganida (masalan, porakor yo porapaz), bu illatni tan olgan bo‘lardik. To‘g‘rirog‘i, jamiyat (biz) o‘z aybini ko‘ra bilganida, bunga ism bergan bo‘lardi. Zero, pora beruvchi deyish, «onda-sonda pora berib qo‘yamiz-da», deb yelka qisib o‘zimizni oqlab yurishdan boshqa narsa emas.

Termiziyda keltirilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini ham, poraxo‘rni ham la’natladilar deyilgan.

Arabchada pora beruvchi «alrashi», pora oluvchi esa «almurtashi» deyiladi. Arab lingvistikasi nuqtai nazaridan, alrashi – pora beruvchi dastlabki so‘z, asl o‘zakdir, bu esa pora beruvchining ishning boshida turishiga dalolat qiladi, shuningdek, u mas’uliyatning kattaroq qismini oladi.

Keyin alrashi so‘ziga m va t harflari qo‘shilib, almurtashi – poraxo‘r so‘zi hosil qilingan. Mantiq shundayki, agar «pora beruvchi» so‘zi bo‘lmaganida, «pora oluvchi» so‘zi vujudga kelmasdi.
 
Mahmudiy

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Pora beruvchi» bo‘lmaganida, «pora oluvchi» bo‘lmas edi