12:12 / 12.04.2022
2 615

Ro‘mol chang artadigan latta emas – yangiyerlik maktab direktori va o‘quvchi qiz mojarosi

Ro‘mol chang artadigan latta emas – yangiyerlik maktab direktori va o‘quvchi qiz mojarosi
Qiziq jamiyatda yashaymiz. Oradagi to‘siqlarni yo‘qotishni emas, borini mustahkam qilishni o‘ylaymiz. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va turli tadbirlarda milliy an’ana, qadriyat va mentalitetlarimiz haqida bong urib gapiramiz-da, ammo unga amal qilishga kelganda esa... barchasi ko‘r-ko‘rona, hisobot uchun, "yuqoridagilar"ning ko‘ziga yaxshi ko‘rinish maqsadida qilinayotgani ba’zi kezlarda yaqqol sezilab qoladi. Afsuski, biz mana shu illatlardan xoli bo‘lolmayapmiz.

Ro‘molga xavf sifatida qarash hamon yo‘qolmayapti
So‘nggi kunlarda ro‘mol bilan bog‘liq voqealar yana jamoatchilik diqqat-markazida bo‘lib turibdi. Soqol qo‘yish, ro‘mol o‘rash atrofida ko‘plab muhokamalar yuzaga kelmoqda. Avvalo, inson qilayotgan ishining mohiyatiga e’tibor berishi lozim. Xo‘sh, ro‘mol nega o‘raladi? Hayo, iffatni asrash uchun, nomahramning ko‘zi ayolning, qizning ochiq joylariga, hatto boshiyu sochiga ham tushmasligi uchun. Aslida, sochini yoyib, boshyalang yurish momolarimiz, onalarimiz uchun uyat sanalgan. Ro‘mol bizga chet eldan emas, ona-momolarimizdan qolgan meros. Biz ro‘mol o‘rashni televizor ko‘rib, turk seriallarini ko‘rib emas, ulug‘larimizga qarab o‘rganganmiz. O‘zbekning o‘z ro‘moli bor, azaldan.

Ta’lim maskanlarida yana ro‘molga qarshi “reyd” boshlandi
So‘nggi kunlarda ro‘mol mavzusi yana “trend”ga chiqdi. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda Andijondagi maktablarning birida ro‘mol o‘rab kelgan qizlar maktabga kiritilmasdan haqorat qilingani aks etgan video tarqaldi.

Ayni kunlarda Qo‘qondagi bir qator maktablarda ham ro‘molga qarshi tadbirlar boshlangan. Ma’lum bo‘lishicha, ro‘mol o‘ragan qizlar o‘quv jarayoniga qo‘yilmagan.

Xabarga ko‘ra, ularga 2 shart qo‘yilgan: yoki ro‘molni orqadan o‘rab maktabga kiradi, yoki maktabga kirmaydi. Bu shartga ko‘nganlar maktablarga kirgan, ko‘nmaganlar kiritilmagan, uyiga qaytib ketgan. Xabar jo‘natuvchilar aniq ko‘zlari bilan ko‘rgan holatlar shahardagi 3-,6-,13- va 18- maktablarda bo‘lgan.

Bunday tadbirlarga bugun Qo‘qon maktablariga yuqori martabali rahbarlar kelishi munosabati bilan «O‘zbekiston 24» kanali s’yomkaga kelishi (maktab rasmiylarining bahonasi, hozircha bu tasdig‘ini topmagan xabar), s’yomkada ro‘molli qizlar chiqmasligi kerakligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Aytib o‘tish kerakki, Qo‘qondagi hamma maktablarda ro‘molga qarshilik bo‘lmagan, bir nechta maktab mas’ullari ro‘molli qizlarga indamagan.

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi 5-maktabda o‘quvchi qiz va maktab direktorning o‘zaro suhbati aks etgan audioyozuv yuqoridagilardan ham o‘tib tushdi. Unda direktor ro‘molga ochiqchasiga qarshi ekani, musulmon bo‘lsa ham, iffatli kiyingan qizlar ko‘ziga yomon ko‘rinishini aytib, bundaylarga tupurishini, ro‘molga oyog‘ini artishini aytgan. Ro‘mol bilimli bo‘lishga, taraqqiyotga to‘siq bo‘lishini, hech kimdan qo‘rqmasligini qo‘shimcha qilgan.

Bizga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu “botir” direktor maktabga ro‘mol o‘rab keladigan o‘quvchi qizlarga har doim ro‘mol masalasida taqiq qo‘yib kelgan. Ro‘molli qizlar darsdan olib chiqib ketilib, direktor xonasida soatlab yig‘ilishlar o‘tkazilgan. Buning ortidan o‘quvchilarning oilalarida notinchliklar yuzaga kelgan.

“Arvoh”, “ninza”... — ro‘molli qizlar maktabda mana shunday laqablar bilan chaqiriladi

Anchadan beri jiyanlarining bunday taxqirlanayotganiga chidab turolmagan xolasi audioni eshitgach, uning ham nafsoniyatiga tegadigan gaplardan achchiqlanib, audioyozuvni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatadi.

Maktabning 8-sinfida tahsil oladigan qizaloqning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning noyabr oyida maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari ro‘molda yuradigan 7-8 nafar qizni to‘plab, ro‘mollarini yechishini aytadi. S. va opasi uning aytganini qilmaganidan so‘ng, direktor o‘rinbosari qizlarning dadasiga qo‘ng‘iroq qiladi. Shu kundan boshlab qizlar 2 oy davomida maktabga ham bormagan.

Ikki oy ichida bu ikki o‘quvchining nima sababdan maktabga bormayotganini so‘rab, uyiga bir marta maktab psixologi kelgan, xolos. Boshqa hech kim bu ikki o‘quvchining "yo‘qolib" qolganiga qiziqmagan ham.

"Shu ikki oydan so‘ng maktabga qaytishim bilan direktor "ro‘mollilar" uchun yana bir yig‘ilish o‘tkazdi. "Senlar o‘zingni qiynayapsan, maza qilib yurmaysanmi? Narigi dunyo bo‘lmagan narsa. Jannat-do‘zax yo‘q. Agar shunchalik ishonsang, hozir ro‘molingni yechgin-da, ko‘nglingni toza qil. Hamma gap ko‘ngil tozaligida, ro‘molda emas..." dedi direktor.

"Bunday yig‘ilishlar maktabimizga juda ko‘p bo‘ladi. Darslardan qolib ketamiz. Direktordan qochib yuramiz. Chunki u bizni maktab hovlisida ko‘rib qolsa, ismimiz bilan emas, "arvoh", "ninza" deb laqablar bilan chaqiradi. Hammani oldida bir tiyin qilib tashlaydi. Uyalamiz juda. Shu sabab o‘qituvchilar bilan ham muomalamiz ijobiy emas. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuv direktorning "tupurdim" degan gapi holva...

Bir dugonam bobo-buvisi umraga ketgani uchun ham ro‘mol o‘rasam, Ramazonda savob bo‘ladi, degan maqsadda ro‘mol o‘radi. Ammo maktabimizdagi tazyiqlar sabab u ro‘molini yechishga majbur bo‘ldi
", — deydi o‘quvchi qiz.

Direktorning bu gap-so‘zlari, xatti-harakatlari nafaqat bir insonning shaxsiy huquqlarini toptash, balki hali murg‘ak bo‘lgan o‘quvchi qizga ruhiy bosim o‘tkazish hamdir. Qolaversa, omma oldida, jamoat joyida bu kabi so‘zlar bilan haqorat qilish, kamsitish direktorning qanday haqqi bor?!

Biz ushbu masala yuzasidan maktab direktori Rahmatillo Yodgorovning o‘zidan munosabat olmoqchi, masalaga yanada oydinlik kiritmoqchi bo‘lib unga qo‘ng‘iroq qildik. Afsuski, qayta-qayta qilingan qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi.

Bundan tashqari, hozirda S.ning o‘qituvchisi o‘quvchisining ro‘moli bilan shug‘ullanmagani uchun sinf rahbarligidan ozod etilgani yetmagandek, endi maktabdan ham haydalish arafasida.

Maktab direktorining o‘ylamay qilgan ishidan bir fuqaroning Konstitutsion huquqi – ta’lim olish hamda vijdon erkinligi huquqlari buzilmoqda. Ammo ro‘mol tupuriladigan, yer yoki oyoq kiyimni artadigan chang latta emas. Balki u ayollikning ziynati, qiz bolaning hayosi, pokizalik tuyg‘usi, iymonning halovatidir! Biroq ayrim maktablarda kiyim, xususan, ro‘mol o‘quvchining ta’lim olishiga hech qanday ta’sir qilmasligini haligacha anglab yetmagan murabbiylarning borligi kishi dilini xufton qiladi.

Masalaning yechimi qayerda?

Ro‘mol masalasi anchadan beri xalqni tashvishga, alamga solib kelayotgan, tezda yechimi topilishi zarur bo‘lgan dolzarb masalalardan biridir. Buni unga qarshi kurash kampaniyasi yordami bilan emas, hukumatga ham, xalqqa ham manfaatli bo‘lgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali hal etish kerak.

Zero, ro‘mol muammosi mamlakatimiz xavfsizligi va jamiyat osoyishtaligi uchun qayg‘urishda, o‘zaro totuvlik va hamjihatlik ruhini qaror toptirishda, millat axloqini, millat onalarini himoyalashda muhim masala. Bu ishga beparvolik bilan munosabatda bo‘lish, bepisandlik bilan qarash tanazzulga yuz tutishdan boshqa narsa emas.

Milliylikni yo‘qotmaylik. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, o‘zbekning ro‘moliga hech kim qarshi chiqa olmaydi, hech kimning bunga haqi yo‘q.

Bahriniso Madumarova

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ro‘mol chang artadigan latta emas – yangiyerlik maktab direktori va o‘quvchi qiz mojarosi