Janubiy Amerikadagi kichik, ammo tabiiy boyliklarga serob Surinam davlati yaqinda geologik tadqiqotlar natijasida nihoyatda nodir va qimmatbaxo topilma bilan e’tiborni o‘ziga qaratdi. Earth.com nashri xabariga ko‘ra, mamlakat hududidagi ilgari chuqur o‘rganilmagan Mariya Geralda nomli joyda oltinga g‘ayratda boy kon aniqlangan.
Olib borilgan izlanishlar jarayonida hududda bitta quduq qazilib, 22,5 metr uzunlikdagi qatlamdan namunalar olindi. Laboratoriya tahlillari natijasida har bir tonna jins tarkibida 11,88 gramm sof oltin mavjudligi aniqlangan. Mutahassislar ta’kidlashicha, bunday miqdor juda kam uchraydi va tog‘-kon sanoatida yirik boy kon sifatida baholanadi. Odatda bir tonna jins tarkibida oltin miqdori 1–10 gramm oralig‘ida bo‘ladi, amaliyotda esa ko‘plab konlar atigi 2 g/t darajadan yuqori bo‘lmaydi. Shu bois, deyarli 12 g/t ko‘rsatkich nafaqat o‘ziga xos rekord, balki loyiha iqtisodiyotini tubdan o‘zgartirish imkoniyatiga ega.
Mariya Geralda hududining o‘ziga xos jihati — oltin tomirlarining nafaqat yuqori sifatga, balki kenglik va zichlikka ham ega bo‘lishidadir. Bu esa qazib olish jarayonini iqtisodiy jihatdan ancha foydali qiladi. Sanoat ekspertlari bu topilmani Surinamning tog‘-kon salohiyatini yanada oshiradigan strategik resurs sifatida ko‘rmoqda.
Biroq mutaxassislar fikricha, bu kon mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatsa-da, umumiy ko‘rsatkichlarga keskin ta’sir qilmaydi. Chunki Surinam so‘nggi yillarda neft va tog‘-kon sanoati hisobiga barqaror rivojlanib kelmoqda. Mazkur sohalar mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 60 foizini, eksport daromadining esa 90 foizini ta’minlamoqda.
Shunga qaramay, konni ishga tushirishda bir qator muammolar mavjud. Yiliga 4 000 millimetrdan ortiq yog‘in yog‘adigan Surinamning zich tropik o‘rmonlari qazish ishlarini murakkablashtiradi. Bunday hududlarda ekologik xavfsizlik masalalari juda muhim bo‘lib, qat’iy nazorat talab etiladi. Hukumat esa rivojlanish bilan birga tabiat xilma-xilligini asrash va mahalliy aholining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan me’yorlarni bosqichma-bosqich kuchaytirib bormoqda.
Mutahassislar bu topilmani Surinamning kelajakdagi iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytiruvchi, ammo ekologik mas’uliyatni ham oshiruvchi omil sifatida baholashmoqda. Shu sababli, konni ishga tushirish jarayoni xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda, tabiatga minimal zarar yetkazish tamoyillari asosida olib borilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!