Jahon energetika bozorida yangi vaziyat shakllanmoqda. Hindiston tomonidan Rossiya neftini sotib olish hajmi keskin qisqargani ortidan paydo bo‘lgan bo‘shliqni Xitoy jadallik bilan to‘ldirmoqda. Bu haqda Bloomberg bozor ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston AQSHning joriy qilgan qo‘shimcha bojlari sabab Rossiya neftiga talabini kamaytirdi. Biroq Pekindagi qayta ishlovchi zavodlar Hindiston rad etgan xomashyoni faol xarid qila boshladi. Natijada, Osiyodagi neft oqimlari yo‘nalishi keskin o‘zgardi va Xitoy kompaniyalari Rossiyaning g‘arbiy hududlaridan kelayotgan Urals markali neftdan ko‘proq olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Avvallari Xitoy asosan Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasi orqali yetkazib beriladigan xomashyoni sotib olardi. Ammo avgust oyidan boshlab vaziyat o‘zgardi: Boltiqbo‘yi va Qora dengiz orqali kelayotgan Urals neftini yetkazib berish kuniga 75 ming barrelga yetdi. Bu esa yil davomidagi o‘rtacha 40 ming barrel ko‘rsatkichiga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘pdir. Shunga parallel ravishda, Hindiston importi esa keskin pasayib, 400 ming barrelgacha tushib ketdi. Iyul oyida bu ko‘rsatkich 1,18 million barrel bo‘lgan edi.
Mutaxassislar bu muvozanatning asosiy sababini AQSHning savdo siyosatida ko‘rishmoqda. Avgust boshida Vashington Hindistonga nisbatan boj stavkalarini ikki barobar oshirdi. Bu orqali AQSH Rossiya neftini sotib olishda davom etayotgan Hindistonni jazolashni maqsad qildi. Biroq ayni cheklovlar Xitoyga qo‘llanilmadi — savdo sohasidagi murakkab kelishuvlarni saqlab qolish uchun. Shu sababli Xitoy kompaniyalari hech qanday to‘siqsiz Hindiston ololmagan hajmlarni o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ldi.
"Xitoydagi qayta ishlash zavodlari uchun bu holat juda qulay. Ular Rossiya neftini xarid qilishni uzoq muddat davom ettirishi mumkin", — deydi ekspertlar. Ularning ta’kidlashicha, Urals markasidagi neft Yaqin Sharq xomashyosiga qaraganda raqobatbardoshroq. Buning asosiy sababi esa Rossiyaning katta chegirmalari va arzon logistika imkoniyatlaridir.
Shu kunlarda ma’lum bo‘lishicha, Xitoy kompaniyalari allaqachon oktyabr-noyabr oylariga mo‘ljallangan 10–15 ta Urals partiyasini band qilib bo‘lgan. Hozir Chjoushan sohillarida 2 million barrel neft bilan to‘ldirilgan ikki katta tanker turibdi.
Bozordagi talab ham yuqori. Urals nefti ayni vaqtda Brent markasidan taxminan 1 dollarga qimmatroq sotilmoqda. Bu esa xaridorlar orasidagi qiziqishning kuchliligini yaqqol namoyon etadi.
Biroq Hindistondagi qayta ishlash korxonalarida faollik ko‘zga tashlanmayapti. Ayrimlari takliflarni ko‘rib chiqsa-da, ko‘pchiligi AQSH bosimi sabab jiddiy xavotirda.
Ekspertlar ogohlantiradi: agar kelgusi davrda Xitoy ham xarid hajmlarini qisqartirsa, Rossiya nefti uchun yangi xaridor topish juda qiyin kechishi mumkin. Bunday sharoitda Moskva narxlarni yanada pasaytirishga majbur bo‘ladi.
Xitoy Rossiya neftini Hindiston o‘rnini egallab xarid qilmoqda
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar