Nilufar Usmonovaning yangi “777 07” qo‘shig‘i muxlislarni rom etdi (video)

Mashhur xonanda Nilufar Usmonova o‘zining yangi taronasini muxlislar e’tiboriga havola qildi. “777 07” nomli qo‘shiq 3 aprel kuni YouTube platformasida premyera qilindi.
Mazkur taronaning so‘z va musiqasi Abdul Malik Ergashovga tegishli bo‘lib, klipda aktyor Jamshid Bobojonov hamda xonandaning o‘zi rol ijro etgan.
Qo‘shiq mazmuni o‘ziga xos ramziy ma’noga ega. Undagi har bir raqam ortida yashirin xotiralar, har bir terilgan son ortida esa sog‘inch va umid mujassam. Bu tarona — o‘tmishga qaytish, unutilmas lahzalarni yodga olish va yurak tubida saqlanib qolgan his-tuyg‘ularni ifodalovchi musiqiy hikoyadir. Bu shunchaki raqamlar emas, balki bir vaqtlar butun boshli olamni anglatgan sirli “kod”lardir.
Nilufar Usmonovaning mayin va qalbga yaqin ijrosi orqali bu tuyg‘ular yana jonlanadi. Qo‘shiqni tinglar ekansiz, go‘yo o‘sha unutilmas kunlarga qaytib, yurakni o‘rtagan sog‘inch va aytilmay qolgan so‘zlarni yana bir bor his qilasiz.
E’tiborlisi, qo‘shiq YouTube’ga joylanganidan so‘ng qisqa vaqt ichida katta qiziqish uyg‘otdi. Oradan bir kun ham o‘tmay, video qariyb 70 mingga yaqin tomosha yig‘di va muxlislar tomonidan iliq fikrlar bilan kutib olindi.
“777 07” — vaqt o‘tishi bilan ham o‘chmaydigan, qalbning bir chekkasida abadiy yashab qoladigan eng nozik va ayni paytda og‘riqli xotiralarga bag‘ishlangan taronadir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!