Yosh, iste’dodli xonanda Shahzod MURODOVni san’at ixlosmandlari o‘ziga xos ovozidan tanishadi. Milliy estrada ohangida kuylangan qo‘shiqlari bilan muxlislarining ko‘nglidan joy olgan xonanda 2017 yilda davlatimizning yosh ijodkorlar uchun ta’sis etilgan yuksak mukofoti — “Nihol”ga loyiq topildi.
— Avvalo, olgan mukofotingiz bilan tabriklaymiz. Ushbu mukofotni olish sizga qanchalik ilhom bag‘ishladi, qanday tassurotlar berdi?
— “Nihol-2017” laureati deb topishganidan juda xursand bo‘ldim, albatta. Buning uchun barcha tashkilotchilarga, yoshlarning ijodiga katta e’tibor qaratayotgan muhtaram Prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman.
Taassurotlar juda katta. To‘g‘risi, bu xabarni eshitganimizda, mendan ham ko‘ra, ayniqsa, ota-onam xursand bo‘lishdi. Chunki ular ancha yildan beri yutuqlarimni kutishgandi. Mukofotni olish men uchun ancha mashaqqatli kechdi, boisi, har ikki yilda bo‘lib o‘tadigan “Nihol” mukofoti uchun tanlovlarga uch-to‘rt marta hujjat topshirdim. Lekin deyarli bir qadam qolganda, yana barini boshqatdan boshlashimga to‘g‘ri kelardi.. Bu baxt 2017 yilda nasib qilganidan juda xursandman.
Bu mukofot men kabi yoshlar uchun juda katta dalda desam, adashmagan bo‘laman. Sababi, yosh ijodkorlarning ijodi gullab-yashnashiga mana shu mukofotlar ham bir turtki bo‘ladi. Kelgusida xudo xohlasa, xalqimizga ma’naviy ozuqa bo‘ladigan qo‘shiqlarimiz bilan xizmat qilishga, berilgan ishonchni oqlashga harakat qilamiz.
— Ijodkorning yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishishi u egallagan yaxshi poydevorga ham bog‘liq. Aynan san’at borasida kimlardan tahsil olgansiz?
— 1993 yil 30 oktyabrda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida, san’atkorlar oilasida dunyoga kelganman. Dadam Nusratillo Shodiyev doira chalardilar. Uyimizda doim rubob bo‘lardi, dadamning aytishlaricha, uni chalib, joyiga qo‘yganidan keyin men borib, rubob chalishga harakat qilarkanman.
Dadam mendagi qiziqishni sezib, shu sohaga yo‘naltirganlar va musiqa maktabiga berganlar. Bolaligimdan san’at sohasida, 15-sonli bolalar musiqa maktabida o‘qidim. Ilk musiqiy savodimni rubobda chiqarganman. 2, 3-sinfda o‘qib yurgan paytimda, dadam chalgan kuylarni eshitib, mustaqil ravishda chalishni o‘rganganman.
Musiqa maktabida Anvar aka Nosirovning qo‘lida tahsil oldim, musiqiy bilimlarimga ilk poydevorni shu yerda qo‘yishgan. Keyin san’at kollejida rubob bo‘yicha o‘qishni davom ettirdim. 2012 yilda bo‘lib o‘tgan Respublika Yosh ijrochilar ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga grant asosida o‘qishga qabul qilindim va tahsilni shu yerda davom ettirdim.
Konservatoriyani an’anaviy ijrochilik va maqom yo‘nalishida tamomlaganman. Bu yerda Shomahmud aka Shorahmedovning qo‘llarida tahsil oldim, ustozim ham sozanda, ham xonandalar. Ularning bergan ta’lim-tarbiyalari bilan xalqimiz e’tiboriga tushdim, qo‘shiqlarimni taqdim etish baxtiga erishdim.
“Oilada to‘rt farzandmiz — uch o‘g‘il, bir qiz, men — o‘rtanchasiman. Akam, singlim va ukam bor. Ularda ham san’atga qiziqish, iqtidor bor, biron qo‘shiqni eshitishsa, o‘sha ohangda aytib bera olishadi. Lekin ular san’at sohasini tanlashmagan, boshqa sohalarda faoliyat yuritishadi”.
— Ilk qo‘shiqlaringizni yozishda kimlar bilan ijodiy hamkorlik qilgansiz?
— 2014 yili konservatoriyada to‘rtinchi bosqichda o‘qib yurganimda, ilk professional ijodimni boshladim. Yaqin akamdek bo‘lib qolgan Samariddin aka Botirov bilan maslahatlashib, ustoz bastakor Iqbol Muhammadning oldiga bordik va bu borada maslahatlarini oldik. U kishi ovoz imkoniyatlarimni, yo‘nalishimni tekshirib ko‘rib, bir nechta qo‘shiqlarni tavsiya qildi. Ular orasida “O‘sha-o‘shasan” deb nomlangan qo‘shiq o‘zimga ma’qul bo‘lib, uni ilk ijod mahsulim sifatida tinglovchilarga taqdim etganman. Shu tarzda ilk qadamlarimda bastakor Iqbol Muhammad va shoir Nodir Azimov bilan birga ko‘proq ijodiy hamkorlik qilganmiz.
— Bugun xorijiy tillarni bilish zamon talabi ekanligini yoshlarimiz juda yaxshi tushunishyapti va bolaligidanoq biron chet tilini o‘rganishga harakat qilishyapti. Bu borada mahoratingiz qanday?
— Bu borada, ochig‘ini aytaman, mahorat zo‘r emas. Ayni paytda ingliz tilini o‘rganishga harakat qilyapman. Lekin san’atdan tashqari qiziqishlarim bor. Sportga bo‘lgan qiziqishim kundalik hayotim bilan bog‘liq bo‘lib ketmagan, chunki ijoddan orttirib vaqt ajratganimizdagina futbol o‘ynash imkoni bor. Bundan tashqari, musiqa asboblarini yig‘ish — men uchun eng sevimli xobbi.
— Kliplarda o‘zingiz rol o‘ynaganingizni ko‘rdik, demak, aktyorlik sohasiga ham qiziqishingiz bor…
— Aslida kliplarimda qahramonlarni talqin qilishimga rejissyorlarning taklifi sabab bo‘ldi, ular o‘sha obrazlarda meni ko‘rishdi. Lekin aktyorlikka qiziqishim bo‘lsa-da, da’voim yo‘q, rejissyorning talabini bajarishga harakat qildim, xolos.
— Yaqinda klipi bilan taqdim etilgan qo‘shig‘ingiz — “Jingalagim” noan’anaviy yo‘nalishi bilan ko‘pchilikni bir oz hayron qoldirdi. Muxlislarning o‘zlari bu qo‘shiqqa qanday fikr bildirishdi?
— To‘g‘ri bu qo‘shig‘im oldingi milliy yo‘nalishdagi “Onam xirom etganda”, “Boychechagim” kabi taronalarimdan farq qiladi. Men eksklyuziv, takrorlanmas ijod qilishga, kimningdir qo‘shig‘iga o‘xshab qolmaydigan qo‘shiqlar kuylashga harakat qilaman. Menimcha, ko‘pchilik san’atkorlar “Boshqacha yo‘nalishda ijod qilsam, muxlislarim meni tanimay qoladi” deb, bir xil saund, bir xil yo‘nalishda ijod qiladi. Men esa qo‘shiqlarim bir-biriga o‘xshamasligini xohlayman. Tanlagan qo‘shig‘im shu jihati bilan meni o‘ziga tortdi. Tarona mualliflaridan biri Temur Rahmonov shu qo‘shiqni kuylashimni taklif qilganida, o‘zimga yoqdi.
Muxlislarga kelsak, to‘g‘ri, milliy yo‘nalishda kuylagan qo‘shiqlarimni sevib tinglagan katta yoshdagilarga bu tarona ozgina tushunarsizroq bo‘ldi. Aslida bu — tabiiy hol. Lekin yoshlarga ma’qul bo‘ldi, shekilli, salbiy fikrlarni eshitmadim.
— O‘zingiz qanday qo‘shiqlarni eshitasiz?
— Milliymi, yevropachami, ko‘proq o‘zimga yoqqan qo‘shiqlarni eshitaveraman. Menda “qaysidir san’atkorning muxlisiman yoki shu san’atkorni eshitmasam tura olmayman”, degan tushuncha yo‘q. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, qo‘shiq yaxshi bo‘lsa, o‘zimga ma’qul bo‘lsa, topib eshitishga harakat qilaman.
— Bizda “Oltmish yoshga kirsang ham, ota-ona uchun bolasan”, degan gap bor. Ya’ni ota-ona doimo farzandining ishlaridan boxabar bo‘lib turishi, nazorat qilishi tabiiy hol. Sizni ota-onangiz qay darajada nazorat qilishadi?
— Ochig‘i, 16 yoshimdan maqsadlarimga yetish uchun mustaqil qaror qabul qilishga o‘rganganman. Ota-onam shu yoshimdan ishlarimga deyarli aralashishmaydi. Lekin shu paytgacha ularning ishonchini suiiste’mol qilmaganman. Shuning uchun ota-onam menga ishonishadi va qarorlarimni qo‘llab-quvvatlashadi. Biron masalada bir qarorga kela olmayotgan bo‘lsam, ular to‘g‘ri tushuntirib o‘z maslahatlarini berishadi. Men ham har taraflama o‘ylab, albatta, faqat o‘z fikrimda turib olmagan holda, to‘g‘ri qaror qabul qilishga harakat qilaman.
— Oilada yaqin sirdoshingiz kim?
— Uyda yaqin sirdoshim — onam, u kishi uy bekasilar. Har doim “O‘z ishingni ustasi bo‘lgin, biron sohani boshini tutdingmi, uni yaxshi o‘rgangin”, deydilar. Hamma onalar kabi “Yomon yo‘lga yurmagin” deydilar.
— Yaqinlaringiz ijodingizga qanday baho berishadi?
— Dadam o‘z fikr va takliflarini beradilar, chunki o‘zlari san’atkorlar, sohani yaxshi biladilar. Tanqidlar ham bo‘ladi, albatta. Qo‘shig‘imda ma’qul bo‘lmagan jihatni ochiq aytib, buni inobatga olib qo‘yishimni, shu holatni boshqa ko‘rmasliklari kerakligini aytadilar. U kishi aytgan tanqid bo‘yicha aynan o‘sha kamchilikni keyingi safar takrorlamaslikka harakat qilaman.
— Ijtimoiy tarmoqlarda qay darajada faolsiz?
— “Instagram”, “Odnoklassniki”, “feysbuk”da borman, ko‘proq “instagram”ga kiraman. Lekin ijtimoiy tarmoqda o‘tiradigan muxlislar bilan bog‘lanishga, ularning barcha savollariga javob berishga ko‘p vaqtim bo‘lmaydi.
— Aynan mana shu tarmoqlar sabab, muxlislar o‘zi yaxshi ko‘rgan san’at vakilining hayotidan doimo boxabar bo‘lish imkonini qo‘lga kiritishdi. Aslida o‘rtada ozgina chegara bo‘lgani ma’qul emasmi? Bunga munosabatingiz qanday?
— O‘zaro muloqotlarning chegaradan chiqib ketishi har doim ham ma’qul kelmaydi, chunki san’atkor baribir yopiqroq bo‘lgani yaxshi. Hamma hayotiy “xarita”sini ochib tashlasa, odamlarga san’atkorning qizig‘i qolmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda kimdir ovqat yeb turgan rasmini, kimdir yana boshqa shaxsiy jarayonni suratga olib barcha bilan o‘rtoqlashgisi keladi. Men hayotimdagi ikir-chikirlarni hamma bilan o‘rtoqlashishni o‘zimga ep ko‘rmayman va o‘rtadagi chegarani ushlab turishga harakat qilaman. Ehtimol, muxlislar bilan shu darajada yaqin bo‘lish to‘g‘ridir, balki noto‘g‘ridir. Buni kimnidir yomonlash maqsadida aytmayapman. Lekin san’atkor omma oldida siri bilan turgani ma’qul.
— Oila qurish haqida qaror qabul qilishga to‘g‘ri kelsa, bunda ota-onangizning qaroriga tayanasizmi yoki mustaqil fikringizga?
— Bu borada o‘zim qaror qabul qilishga harakat qilaman, chunki bo‘lajak rafiqam bilan yashaydigan inson — menman. Lekin shunda ham ota-onamning roziliklarini olgan holda bir qarorga kelaman.
— Kelajakda qanday rejalaringiz, niyatlaringiz bor?
— Xudo xohlasa, ijodimni bundan ham yaxshilash niyatidaman. Yaxshi-yaxshi qo‘shiqlar, kliplar taqdim etish, yil oxiri yoki keyingi yil boshiga konsert dasturi berish rejamizda bor.
Yurtimizda sidqidildan mehnat qilgan inson, albatta, rohatini ham ko‘radi. Men ham ustoz san’atkorlar erishgan yutuq va mukofotlar sohibi bo‘lish orzusidaman. Harakatlarimizni besamar qo‘ymasin, deyman.
Muhabbat ShARIFOVA suhbatlashdi.
Manba: tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»