08:13 / 03.05.2020
7 238

Tarixning tilsiz tilsimlari yoxud Langar ota ziyoratgohi haqida

Tarixning tilsiz tilsimlari yoxud Langar ota ziyoratgohi haqida
O‘tgan yili Ramazon oyida Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Langar ota ziyoratgohida saqlangan Katta Langar Qur’oni haqida respublika televideniyesida bir oy davomida ko‘rsatuv berilgan edi. Langar ota joy nomimi yoki insonning ismimi? Agar insonning ismi bo‘lsa, uning avlod-ajdodlari kim va qayerdan? Yodgorlik majmuini kim va qachon qurgan? Mazkur ziyoratgoh bilan Chiroqchi tumanidagi Langar ota ziyoratgohining bir-biriga qanday bog‘liqlik tomoni bor? Maqolamizda shular haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

BЕNAZAR SABOQLAR MASKANI
Bebaho qadriyatlarimiz va muazzam tariximiz sahifalarida Langar ota nomi bilan bog‘liq muqaddas makonlar hamda rivoyatlar bir talay. Islomiy ma’rifat darg‘alari – shayxlar va aziz avliyolar makon topgan bu tabarruk manzillarda ajdodlarimizning bugungi kun yoshlari ma’naviy kamoloti uchun asqotadigan benazir saboqlarini uchratish mumkin.

Mamlakatimizda tarixiy yodgorliklar, me’moriy obidalar, qadamjolar anchagina. Ular islom dinidan avval, otashparastlik, buddaviylik aqidalari hukm surgan paytlarda ham bo‘lgan. Ularning qoldiqlari tog‘larda ko‘p uchraydi. Islom dini yoyilgach, masjid va madrasalar, ulug‘ shayxlar dafn etilgan joylarga maqbaralar qurilgan. Ularni ziyorat qilish odat tusiga kirgan. Ana shunday ziyoratgohlardan biri Qamashi tumanining Langar qishlog‘ida dengiz sathidan ming metr balandlikda barpo etilgan Langar ota masjidi va Shayx Abulhasan maqbarasidir.

NЕGA LANGAR OTA NOMI BILAN ATALADI?
Chiroqchi tumanida ham aynan shu nomdagi yodgorlik va qishloq bor. Xo‘sh, bu tabarruk qadamjolar nega Langar ota nomi bilan ataladi? Turli manbalarda turlicha yoziladigan langar atamasi ko‘proq muvozanatni saqlash, harakatni bir maromda tutib turish ma’nosini ang­latadi. Ba’zi rivoyatlarda islom dinida so‘fi va darveshlar langar tashlash orqali joylashadigan yerlarini aniqlashgani, shuningdek, bu atama mo‘g‘ulcha lango‘r – qabr, ya’ni eng katta avliyoning qabri yoki boshqacha ta’rifda musofirxona, xayr-ehson tarqatiladigan joy, aziz-avliyolar langar tashlagan makon ma’nolarini berishi aytiladi. Langar atamasi to‘g‘risida boshqa fikrlar ham mavjud. Ya’ni u tarixiy shaxs emas, joy nomi bilan bog‘liq bo‘lib, markaz, qal’a, qo‘rg‘on, bandargoh so‘zlariga muqoyasa qilinadi. Aytishlaricha, ilgari har ikkala joydagi daryolar nihoyatda sersuv bo‘lib, hatto kemalar qatnagan ekan. Langar qishloqlari esa kemalar to‘xtaydigan, aniqrog‘i, langar tashlanadigan joy bo‘lgan.

ZAMINNI TUTIB TURUVCHIMI YOXUD ISHQIYA SHAYXI?
El og‘zida bu haqda yana bir gap yuradi. Langar ota Alloh taoloning nazari tushgan, bu zaminni bamisoli langarcho‘pday tutib turib, xalqni balo-qazolardan asrar ekan. Ulug‘ shayxlar ham aynan shu manzillarda to‘xtab, masjid barpo etganlari bejiz emas. Xullas, bu xususda turlicha talqinlar bor.

Og‘izdan-og‘izga o‘tib kelgan rivoyatlar va hujjatli ma’lumotlarga ko‘ra, «Langar ota» atamasi islomiy darg‘alardan biri – tasavvuf ta’limotining ishqiya tariqati shayxi Abulhasanga nisbat berib aytilgan. Aslida bu silsilaning boshida Abulhasanning to‘rtinchi bobosi, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) choriyorlaridan hazrati Umar roziyollohu anhu, Sulton Vaysil Qoraynin hamda shayx Boyazid Bistomiylar turadi.

Buyuk bobomiz Alisher Navoiy o‘zining «Nasoyimul-muhabbat» nomli asarida 770 mashoyix haqida ma’lumot keltirib, uning 628-bandida Abulhasan Ishqiy haqida shunday yozadi: «Shayx Abulhasan Ishqiy (sirlari muqaddas bo‘lsin) Xorazmdandur. Shayx Boyazid Ishqiy Quddusi sirrihukim silsilasi sultonul-orifin Boyazid Bistomiy rahimollohuga yetar, anga tarbiyat qilgandir. O‘z zamonida faqir ahlining muqtadosi ermish, balki mashoyixning peshvosi. Murid va asxosi ko‘p, karomat va maqomati andin ko‘proq».


TUYA UCHINCHI BOR CHO‘KKAN JOYDA QURILGAN MASJID
Shuningdek, boshqa tarixiy manbalarda ham Abulhasan Ishqiy xorazmlik ekanligi va Xoja Bahovuddinga zamondosh bo‘lgani, uning ta’limotini vafotidan keyin o‘g‘li Xudoyquli shayx, undan keyin o‘g‘li Ilyos shayx davom ettirgani va ularning avlodlari O‘rta Osiyo, hatto Hindistonda ham tarqalgani, XVII asrning oxirigacha davom etgani aytiladi. Ishqiya shayxlarining yig‘inlarida xushovoz hofizlar musiqa jo‘rligida qo‘shiqlar kuylashgani, ularda bandalarning Allohga mehr-muhabbati beqiyos tarzda kuylangani ta’kidlanadi. Tasavvuf ta’limoti ishqiya tariqati shayxlarining shiorlari asosan xudoga cheksiz oshiqlik bo‘lib, ular bir-birlari bilan uchrashishganda «Ishq ullo», ya’ni «Allohning oshig‘i» deb salomlashishgani aytib o‘tilgan.

Langar ota masjidi va Shayx Abulhasan maqbarasi turli davrlarda bunyod etilgan. Ayrim yozma manbalar hamda og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan rivoyatlarga qaraganda, masjidga XIV asr oxirida Shayx Abulhasan asos solgan. U Buxorodan irshod xatini olgach, ushbu manzil tomon yo‘l olgan ekan. Shayxning piri u kishiga «Mingan tuyangiz uchinchi marta cho‘kkan joyda masjid barpo eting» degan ekan. Tuyasi so‘nggi bor hozirgi Langar qishlog‘i, ya’ni masjidning o‘rniga cho‘kibdi va Shayx Abulhasan shu yerga masjidning poydevorini qo‘yibdi. Mahalliy aholi u kishiga murid bo‘lib, masjid qurilishida ko‘maklashgan ekan.

ZARHAL DЕVORDAGI SIRLI YOZUVLAR
Langar ota masjidi islom olami me’morchilik san’ati bilan mahalliy xalq hunarmandchilik uslublari uyg‘unligida barpo etilgan. Bu me’moriy obidani Markaziy Osiyoda yagona desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Masjid tomining balandligi, poydevoriga qo‘yilgan toshlarning ulkanligi, ustun va yog‘ochlarning quchoqqa sig‘masligi uni o‘ta mahobatli qilib ko‘rsatadi. Yodgorlik uch qism – kichik masjid, katta masjid va ayvondan iborat bo‘lib, umumiy maydoni yetti so‘tix. Ular turli davrlarda qurilgan bo‘lishiga qaramay me’moriy uslubi o‘xshash, o‘zaro tutashib, yaxlit bino shaklini olgan.

Masjid devorining ichki tomoniga o‘rta asrlar uslubida bezak berilgan, o‘n ikkita derazasi, mehrob va minbari tepasiga namoz farzlari, oyatlar va Fotiha surasi bitilgan. Bundan tashqari, zarhal devor bo‘ylab ikki xil yozuv: arabcha hamda oddiy naqshga o‘xshab ketadigan noma’lum yozuvlar muhrlangan. Yuqoridagisi qanday imloligi, bezakmi yo ramziy belgilarmi – ma’lum emas. Qizig‘i shundaki, ular to‘g‘ri chiziqlardan hosil qilingan bo‘lib, ko‘pi svastika shaklidadir. Bunday ramzlar qadimgi turkiy xalqlar buyumlarida, lavhalarda ko‘p uchraydi.

Jumladan, qo‘ng‘irot va qutchi o‘zbeklarining o‘tovlariga yopilgan kigizlarda, g‘ojari gilamlarida, qurlarida, bog‘ish va tizmalarida aynan shunday naqshlarni ko‘ramiz. Mutaxassislarning fikricha, bu bezaklar Ko‘k turk podsholarining ishoralari, aniqrog‘i davlat ramzlari ekan. Bu fikrni inkor etmagan holda ta’kidlash joizki, ular bezak yoki ramzlar bo‘libgina qolmay, diniy, siyosiy aqidalar va qonun-qoidalarni anglatuvchi iboralar hamdir. Shundan ko‘rinadiki, bu belgilar xuddi xitoy iyerogliflari kabi imlo vazifasini o‘tagan. Zero, iyerogliflar ham alohida harf va tovushlarni emas, balki narsalarni, harakatni, tushunchalarni ifodalagan.

ULUG‘ MUTASAVVUFLAR ABADIY QO‘NIM TOPGAN JOY
Shayx Abulhasan maqbarasi masjiddan bir soy beridagi tepalikda joylashgan. Atrofi qabriston, tobutxonadan 100 metrcha yurilgach, xilxonaga boriladi. Bu yodgorlik masjiddan taxminan 100 yil keyin qurilgan bo‘lib, me’morchilik uslubi Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasinikiga o‘xshashdir. Devori va gumbazi pishiq g‘ishtdan tiklangan, eshiklari, darichalari nafis, jimjimador naqshlar bilan bezatilgan. Maqbaraning ichida beshta qabr bo‘lib, ulardan uchtasi o‘z o‘lchami va yodgorlik toshlari bilan ajralib turadi.

Kiraverishdagi alohida qabrga shayxlar xonadoniga mansub bo‘lmasa-da, ijtimoiy mavqei bilan yuqori lavozimlardan birini egallagan Amirbek Sodiq ibn Bahodir dafn etilgan. Qadimshunos olim Abdusobir Rayimqulovning ta’kidlashicha, Langar ota maqbarasiga tasavvuf ta’limotining ishqiya tariqati shayxlari Abulhasan Ishqiy, uning o‘g‘li shayxzoda Muhammad Sodiq va nabirasi Abulhasan Oxund dafn etilgan. To‘rtinchi qabrda esa lavha yo‘q, shu bois u kimniki ekanligi ma’lum emas. Tadqiqotchilar bu yerga Amir Temurning o‘n to‘rt yashar zaifa nabirasi dafn etilgan deb taxmin qilishadi.

Ammo ilgari bu maskanda imom bo‘lib ishlagan mulla Jabbor Abdulaziz boshqacha fikrda. U bundan 13 yil avval Afg‘onistondan ziyoratga kelgan bir ayol bu qabrga Shayx Abulhusaynning qizi qo‘yilgan deganini o‘z fikriga asos qilib ko‘rsatdi. Bu fikr haqiqatga yaqin deb aytish mumkin. Chunki Afg‘onistonning Qandahor shahrida bu yerda abadiy qo‘nim topgan shayxlarning bobosi Shayx Xudoyqulining qabri bor. Afg‘onistonliklar ularning avlodlari haqida bizdan ko‘ra ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishsa ajabmas. Shunday bo‘lsa-da, bu masala hali to‘lig‘icha yechimini topgan emas.


FOZILLAR VA FOTIHLAR TALPINGAN OBIDA
O‘rta asr tarixchisi Ibn Xavqal mazkur qishloq hududi qadimda Kesh viloyatiga bo‘ysunuvchi Siyam tumaniga qarashli bo‘lgani, tumanning nomi ayniqsa 776 yildan so‘ng juda mashhur bo‘lgani haqida yozgan. Arxeologik qazishmalar paytida somoniylar davriga oid g‘ishtlar topilgani bu manzilgoh ushbu sulola hukmronligi davrida ham faoliyat ko‘rsatganidan dalolat beradi.

XIV – XVI asrlarda bu hudud islom dini rivojiga katta hissa qo‘shgan ilmiy markazlardan biriga aylanganini, bu yerga olis yurtlardan kelgan ilmga tashna kishilar tasavvuf allomalaridan saboq olishganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, 1889 yili Buxoro amirligining sharqiy hududlarida harbiy harakatlar olib borgan polkovnik Belyavskiy Langar qishlog‘idagi tarixiy obidalar haqida yozib qoldirgan xotiralari, rus harbiy muhandisi Boris Kastalskiyning bu maskan haqidagi ilmiylikka yaqin fikrlari qimmatli. Bundan tashqari, rassom Boris Litvinov, arxeolog Sergey Kabanov va sharqshunos olim Mixail Masson Langar qishlog‘ida joylashgan tarixiy obidalar, qadimiy yodgorliklar bilan tanishib, Langar shayxlarining hayotiga oid ko‘plab ma’lumotlar to‘playdi.

XIRQAYI MUBORAK QAYERDA?
Bu maskanning katta ziyoratgoh sifatida qadrlanishining sababi shundaki, undagi maxsus sandiqda arabiy yozuvning ko‘fiy usulida bitilgan qadimiy Katta Langar Qur’oni, Payg‘ambarimizning kulohlari va to‘nlari – Xirqayi muborak avaylab saqlab kelingan. Bu libosni Ibrohim alayhissalom nomi bilan ham bog‘lashadi. Rivoyat qilishlaricha, payg‘ambar o‘z farzandini qurbonlik qilmoqchi bo‘lganida Alloh uning o‘rniga so‘yish uchun jannatdan ko‘k qo‘chqor yuborgan. Ibrohim alayhissalom qo‘chqorning go‘shtini o‘z qavmiga tarqatib, junidan shu chakmonni tayyorlatgan.

Muqaddas libos avloddan-avlodga o‘tib, Vasil Qora degan ulug‘ shayxga, undan keyin Shayx Abulhasanga yetib keladi. U kishi va uning avlodlari dunyodan o‘tib ketishgach, bu muqaddas libos asrimiz boshlarida langarlik Abdulla boboning qo‘liga tegadi. Xirqayi muborakni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishilarning guvohlik berishicha, uning rangi qo‘ng‘irga moyil, soyada qoramtir, oy yog‘dusida moviy, quyosh nurida esa zangor tusda tovlanib turgan. Necha asrlardan beri qo‘ldan-qo‘lga o‘tib kelayotgan bo‘lsa-da, aslo eskirmagan, rangi ham uniqmagan.

Ushbu libosning Ibrohim payg‘ambarniki ekanligi ancha bahsli. Chunki u kishiga nisbat beriladigan chakmon hozirgi paytda Bag‘dod shahrida saqlanishi to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Langar otadagi Xirqayi muborak boshqa libos ekanligi haqiqatga yaqinroq. Lekin bundan uning ilohiyligiga zarracha shubha tug‘ilmasligi kerak. Buyumning qariyb yangi holatdaligi, matosi va rangi shundan dalolat beradi. Xirqayi muborak tarixiy jihatdan ham g‘oyat qimmatlidir.

Xirqayi muborakning keyingi taqdiri qanday kechgan? Qishloq qariyalarining guvohlik berishicha, 1925 yilgacha u Abdulla bobonikida saqlanib kelgan. Shu yili Moskvadan «madaniyat jonkuyarlari» kelishini va Xirqayi muborakni o‘zlari bilan olib ketishini eshitgan qishloq soveti raisi Poyon Jalilov buyumning tarixiy ahamiyatini tushunib yetib, uni asrab qolish harakatiga tushadi. Tezda tuya juni toptirib, undan nusxa tayyorlatadi va eski tusi berish uchun unga chang va naftalin sepib, DXQ xodimlariga taqdim etadi. Asl nusxa shu tariqa saqlab qolinadi. Abdulla bobo vafot etgach, libos Qulfin momoga, undan so‘ng To‘xta buvaga o‘tadi. Keyin ham bir necha marta libosni olib ketishga urinishlar bo‘lgan. Oxiri 1984 yilda Xirqayi muborakni Moskvaga olib ketishga muvaffaq bo‘lishadi.

Shu o‘rinda sovet hukumati davrida o‘zbek xalqining qanchadan-qancha boyliklari, osori-atiqalari markazga tashib ketilganini aytmasdan ilojimiz yo‘q. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, davlatimiz rahbarlarining sa’y-harakati bilan ma’naviy boyliklarimizning bir qismi o‘zimizga qaytarildi. Jumladan, Xirqayi muborak bilan birga olib ketilgan kuloh va kiyik terisiga bitilgan Kalomulloh (Katta Langar Qur’oni emas) Langar otaga qaytarilgan. Muqaddas libos esa Istanbul shahridagi «Hirqayi sharif» masjidida saqlanmoqda.

Norbo‘ta G‘OZIYEV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Tarixning tilsiz tilsimlari yoxud Langar ota ziyoratgohi haqida