
Yoz mavsumida ko‘pchilik dam olish uchun suzish havzalariga oshiqadi. Ammo suvdagi gigiyena holati haqida qanchalik o‘ylab ko‘rganmiz? Suv sathida suzayotgan zararsiz ko‘rinadigan bakteriyalar va parazitlar sog‘lig‘imizga sezilarli xavf tug‘dirishi mumkin.
Suzish havzalari ko‘plab jismoniy va ruhiy foydalar keltirishi bilan birga, agar noto‘g‘ri boshqarilsa, turli infeksiyalar uchun manba bo‘lishi mumkin. Garchi xlor bilan dezinfeksiya qilish havzalarda asosiy himoya vositasi bo‘lsa-da, ba’zi mikroorganizmlar bu modda ta’siriga chidamli bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistondagi jamoat havzalarida kuzatiladigan eng xavfli suv orqali yuqadigan kasalliklardan biri kriptosporidium paraziti bilan bog‘liq. Bu parazit og‘riqli ich ketishi, qusish va qorin og‘rig‘i kabi simptomlarga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, bolalar, yoshi katta insonlar va immuniteti past bo‘lganlar uchun bu holat jiddiyroq oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Qizig‘i shundaki, infektsiyani yuqtirgan odam simptomlar ketganidan keyin ham organizmidan parazitni chiqarishda davom etadi. Havzaga tushayotgan har bir suzuvchi esa, o‘zi bilmagan holda, suvga oz miqdorda najas yoki boshqa iflosliklar olib kiradi.
Xavfli parazitlardan tashqari, stafilokokk kabi bakteriyalar teri infeksiyalariga sabab bo‘lishi mumkin. Yana bir keng tarqalgan muammo – "suzuvchi quloq" deb ataluvchi tashqi quloq yallig‘lanishidir. Bu holat, quloqda uzoq vaqt suv turib qolganda yuzaga keladi.
Yuqori haroratli va nam bo‘lgan kiyinish xonalari esa zamburug‘li infeksiyalar tarqalishi uchun eng mos muhitdir.
Yana kam uchraydigan, ammo xavfli parazitlardan biri bu akantamyoba bo‘lib, u ko‘z infeksiyasiga olib kelishi mumkin. Bu holat ba’zida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish bilan ham yakunlanadi.
Xlor, ko‘plab bakteriyalar va viruslarni tezda yo‘q qilishi bilan mashhur. Ammo kriptosporidium paraziti xlorning oddiy darajasiga chidamli bo‘lib, suvda bir haftagacha yashashi mumkin.
Shuningdek, havzadagi "xlor hidi" aslida xlor emas, balki xlorning ter, siydik va boshqa chiqindilar bilan reaksiyasidan hosil bo‘lgan xloramin birikmasidir. Bu modda ko‘z va tomoqni achishtiradi, shuningdek, havza xodimlarida astma kabi muammolarga olib kelishi mumkin.
Suzuvchilarga gigiyenik tavsiyalar
Sog‘lig‘ingizni saqlash uchun quyidagi choralarni ko‘rishingiz tavsiya etiladi:
- Suzishdan oldin dush qabul qiling – Bu teridagi ifloslik va mikroorganizmlarni yuvib tushiradi.
- Suzish vaqtida suv yutmaslikka harakat qiling – Ko‘p holatlarda infektsiyalar og‘iz orqali tushgan suv bilan yuqadi.
- Agar o‘zingizni yomon his qilayotgan bo‘lsangiz yoki yaqin kunlarda ich ketishi bilan kasallangan bo‘lsangiz, havzaga bormang.
- Havzadagi gigiyenik holatga e’tibor bering – Agar suv tinik bo‘lmasa, haddan tashqari xlor hidi kelsa yoki tozalash ishlari muntazam olib borilmasa, bu xavf belgisi bo‘lishi mumkin.
- Bolalarni qat’iy nazorat ostida suzdiring – Bolalar ko‘p hollarda suv yutadi va ularning immun tizimi zaifroq bo‘ladi.
Mutaxassislar fikricha, to‘g‘ri boshqarilgan va gigiyenik qoidalarga amal qilinadigan suzish havzalari minimal sog‘liq xavfi tug‘diradi. Bu yerda asosiy rolni havza operatorlarining tayyorgarligi, suv pH va xlor darajasining nazoratda bo‘lishi hamda tezkor javob choralarining mavjudligi o‘ynaydi.
Ayniqsa, O‘zbekistonda yozning jazirama kunlarida salqin suzish havzalari aholining salomatligi va jismoniy faolligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar