
1-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan 03:30 da Toshkent xalqaro aeroportiga Centrum Air aviakompaniyasining yangi Airbus A320 (UK32076) samolyoti yetib keldi. Samolyot Xitoyning Tyanjin shahridan parvoz qilib, kompaniyaning aviaparkidagi 13-samolyot, shuningdek, ushbu turdagi beshinchi havo kemasi bo‘ldi.
Yangi samolyot 180 ta ergonomik o‘rindiqlar bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘lovchilarga uchish chog‘ida yuqori darajada qulaylikni ta’minlaydi. Airbus A320 zamonaviy o‘rta masofaga uchuvchi samolyot bo‘lib, 6800 kilometrgacha bo‘lgan masofani bosib o‘ta oladi.
Ushbu havo kemasi kompaniyaning MDH va Yaqin Sharq davlatlariga amalga oshiradigan reyslarida xizmat qiladi. “Yangi Airbus A320 samolyotini qabul qilish – kompaniyamizning barqaror o‘sishi va yo‘lovchilarga yuqori darajadagi xizmat hamda qulaylikni ta’minlashga intilishimizning navbatdagi tasdig‘idir”, – deydi Centrum Holding asoschisi va boshqaruv raisi Abduaziz Abdurahmonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aviaparkning kengayishi yo‘nalish tarmog‘ini rivojlantirish va mashhur yo‘nalishlar bo‘yicha reyslar sonini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Centrum Air aviakompaniyasi shuningdek, beshta o‘rta masofaga uchuvchi Airbus A321-253NX NEO oilasiga mansub samolyotlarga ega.
Sentabr oyining boshida Centrum Air o‘z aviaparkini yangi keng fuzelyajli Airbus A330-300 (UK33031) samolyoti bilan boyitgan edi. Yangi Airbus A320 tez orada kompaniyaning yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam reyslarni amalga oshirishni boshlaydi.
Centrum Air yangi Airbus A320 samolyotini qabul qildi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing