
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan navbatdagi qarorni qabul qildi. Hukumat qaroriga muvofiq, elektron sigaretalarni, shuningdek, ular uchun mo‘ljallangan kartrijlarni mamlakat hududiga olib kirish vaqtincha — olti oy muddatga taqiqlandi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur cheklov qaror rasman e’lon qilinganidan 15 kun o‘tib kuchga kiradi. Vaqtinchalik taqiq orqali davlat nikotinga bo‘lgan qaramlikni kamaytirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida elektron sigaretalarning ommalashuvi oldini olishni maqsad qilgan.
Rasmiylar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda elektron sigaretalar yoshlar orasida tez tarqalgan bo‘lib, bu salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Shu sababli, ushbu mahsulotlarning nazoratsiz kirib kelishini cheklash orqali jamoat salomatligini himoya qilish rejalashtirilgan.
Qayd etish joiz, Qozog‘istonda elektron sigaretalarni sotish va reklama qilish 2024 yil iyun oyidan to‘liq taqiqlangan. O‘zbekistonda ham ushbu mahsulotlarni tarqatishga nisbatan cheklovlar joriy yil noyabr oyidan kuchga kirgan edi.
Shu tariqa, Markaziy Osiyo davlatlari nikotinli mahsulotlar, xususan elektron sigaretalarga qarshi qat’iy choralarni bosqichma-bosqich joriy etib, aholi, ayniqsa, yosh avlod salomatligini asrashga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.