21:21 / 24.10.2018
3 928

Oliy ta’lim masalalari bo‘yicha yig‘ilish: Kvota tizimidan voz kechiladi

Oliy ta’lim masalalari bo‘yicha yig‘ilish: Kvota tizimidan voz kechiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Keyingi yillarda oliy ta’limni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Zamonaviy ta’lim standartlari, talabalikka qabul qilishning shaffof tizimi joriy etildi. Joriy yilda umumiy qabul kvotalari o‘tgan yilgiga nisbatan 30 foizga oshdi.

Prezident qarorlari bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha dasturlar professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilik tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

2018 yilda mamlakatda 13 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti, Milliy texnologik tadqiqotlar universitetining Olmaliq shahridagi filiali, Toshkent shahrida Janubiy Koreyaning Puchon universiteti faoliyat boshladi.

Davlat rahbarining joriy yil 25 sentyabrdagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida «El-yurt umidi» jamg‘armasi tashkil etildi. Ushbu jamg‘arma xorijdagi salohiyatli vatandosh olimlarimiz, mutaxassislar va ekspertlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga faol jalb etib, iqtidorli yoshlarni rivojlangan mamlakatlarda ta’lim olishi, yetakchi xalqaro va xorijiy tashkilotlarda malaka oshirishiga ko‘maklashadi.

Joriy yilda ilk bor xalqaro tajribalar asosida oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingi yaratilib, ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlari tahlil qilindi. Mazkur tahlil natijasida sohada qator muammo va kamchiliklar borligi ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, oliy ta’lim muassasalari qabul kvotasi qamrovi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga nisbatan 7-9 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 74, Koreya Respublikasida 96 foizdir.

Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalarining nufuzi, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati xalqaro ilmiy hamjamiyatda munosib o‘ringa ega emasligi qayd etildi. Ta’lim jarayoniga dunyoda tan olingan fan arboblari, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni jalb qilish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.

Rektor va prorektorlarni tayinlashda professor-o‘qituvchilarning fikri o‘rganilmayotgani oqibatida yangi tayinlangan rahbarning jamoa bilan ishlash samaradorligi yetarlicha bo‘lmayapti.

Ilm-fanni rivojlantirish, tadqiqotlarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish, ilmiy faoliyat natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalar ilmiy izlanishlar olib borishi uchun zarur sharoitlar yaratilmagan.

Ta’lim jarayoniga innovatsion metodikalarni joriy etish, o‘quv dasturlarini ishlab chiqarish bilan hamohangligini ta’minlash va eng asosiysi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish ishlari umuman qoniqarsiz ahvolda.

Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini o‘rganish, ularni attestatsiyadan o‘tkazib, akkreditatsiyalash, xujjatlarni nostrifikatsiyalash tartiblari bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi.

«Iqtisodiyot shiddat bilan rivojlanayotgan bir paytda, oliy ta’lim tizimi taraqqiyotning lokomotivi bo‘lishi o‘rniga, biz bilan hamqadam bo‘lmagani achinarli hol. Mehnat bozoridagi tarkibiy o‘zgarishga javob beradigan, yoshlarimizga kasb-hunar o‘rgatadigan, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantiradigan tizim yo‘q desak, bu ham achchiq haqiqat», – degan davlat rahbari.

Shu bois sohada kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Talabalar qabulining soddalashgan tizimini joriy etish orqali qabul jarayonini kvota tizimidan davlat buyurtmasi va tabaqalashgan to‘lov-kontrakt tizimiga o‘tkazish kerakligi ta’kidlandi. Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida markazlashgan moliyalashtirishdan o‘z-o‘zini moliyalashtirish va iqtisodiy mustaqil tizimga o‘tish vazifasi qo‘yildi.

Rektorlar va prorektorlarni tayinlashni soddalashtirish, professor-o‘qituvchilar faoliyatini doimiy baholash, manzilli rag‘batlantirish, mas’uliyat va javobgarligini oshirish tizimini yaratish lozimligi qayd etildi.

Davlat rahbari ta’limdagi eng asosiy tamoyil – bu talabalar bilimini baholash, o‘quv dasturlari hamda mavjud ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish kerakligini ta’kidladi.

Bugungi kunda faoliyat olib borayotgan 1 ming 318 ta kasb-hunar kollejlarini optimizatsiya qilish jarayoni yana bir dolzarb muammodir. Prezident bu masalaga hali ham aniq yechim topilmaganini tanqid qildi.

Yig‘ilishda mehnat bozoridagi talabni to‘la ta’minlash, qolaversa, yoshlarni ta’lim bilan band qilish maqsadida o‘rta maxsus, kasb-hunar tizimi negizida hududlarning real iqtisodiy yo‘nalishlari asosida oliy ta’limning bakalavriat dasturi bilan integratsiyalashgan «oliy maktab»lar – qisqa muddatda kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli ta’lim muassasalari, ishchi kasb egalarini tayyorlash maqsadida yangi o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tizimini shakllantirish kerakligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston rektorlar kengashining ishiga baho berilar ekan, bu tizimni ham tubdan takomillashtirish vaqti kelgani ta’kidlandi. Rektorlar malakasini baholash, bunda ularning ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy salohiyatiga alohida e’tibor qaratish kerakligi qayd etildi.

Yig‘ilishda mutasaddilarga oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha 2018-2023 yillarga mo‘ljallangan besh yillik konsepsiya ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

Shu bilan birga, xorijda tahsil olayotgan yoshlarning vatanga qaytib kelishiga sharoit yaratish maqsadida xorijiy oliy ta’lim muassasalari diplomlarini tan olish va nostrifikatsiyalash tartibini yanada soddalashtirish, oliy ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiyalash jarayonini takomillashtirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi natijalariga ham e’tibor qaratildi.

Ma’lumki, ushbu forum yakunida rossiyalik hamkorlar bilan ta’lim va ilmiy faoliyatga oid 114ta shartnoma va kelishuv imzolangan. Jumladan, O‘zbekistonda Rossiyaning 6ta nufuzli oliy ta’lim muassasasi filiallari va 2ta fakultet ochilishi, 52ta qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etilishi nazarda tutilgan. Har bir kelishuv bo‘yicha «yo‘l xarita»lari ishlab chiqilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur «yo‘l xarita»larida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Har bir filial, fakultet va qo‘shma dasturlar bo‘yicha tegishli huquqiy hujjatlarni sifatli ishlab chiqish, tasdiqlash va amaliy ijrosini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Tashkil etilayotgan ushbu fakultetlarni kelgusida filialga aylantirish, qo‘shma dasturlarni esa fakultetlarga o‘tkazish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish choralarini ko‘rish istiqboldagi vazifalardir.

Ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar asosida professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyatini mustahkamlash, malakasini oshirish, oliy ta’lim tizimiga ilmiy-texnologik ishlanmalar va axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident kelasi yil Rossiyada o‘tadigan navbatdagi forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida hozirdan aniq rejalarni belgilab olish zarurligini ta’kidladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oliy ta’lim masalalari bo‘yicha yig‘ilish: Kvota tizimidan voz kechiladi